Rektor birinchi bosqich talabalari bilan ochiq muloqot o'tkazdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida (ToshDO'TAU) rektor, akademik Shuhrat Sirojiddinov 1-bosqich talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 1-bosqich talabalari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot avvalida rektor, akademik Shuhrat Sirojiddinov universitetning asosiy missiyasi, uni tashkil etishning tarixiy va ijtimoiy sabablari hamda talabalarning bu yo‘ldagi mas’uliyatli vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi. U universitetning asosiy maqsadi o‘zbek tili va adabiyotini xalqaro miqyosda tanitish, milliy ma’naviyatni yuksaltirish va zamonaviy ta’lim tizimiga mos yetuk mutaxassislar tayyorlash ekanini alohida ta’kidladi. Ushbu oliy ta’lim dargohining tashkil etilishi o‘zbek tili va adabiyotiga bo‘lgan e’tiborni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, bu borada talabalar zimmasida nafaqat bilim olish, balki ilmiy izlanishlar va milliy madaniyatni rivojlantirishdek yuksak maqsadlar ham mavjudligini qayd etdi. Mazkur yondashuv muloqotga ilmiy va ma’naviy ruh bag‘ishlab, talabalarni o‘z kasbiy va shaxsiy mas’uliyatlarini chuqurroq anglashga undadi.
Tadbir yakuniy nazorat imtihonlari arafasida tashkil etilib, talabalarning o‘qish jarayonidagi yutuq va muammolari, shuningdek, kelgusidagi rejalari haqida fikr almashishga qaratilgan edi.
Uchrashuv davomida rektor Shuhrat Sirojiddinov talabalarning savollariga javob berib, universitetda ta’lim sifati, ilmiy faoliyat va talabalarni qo‘llab-quvvatlashga oid dolzarb masalalarga e’tibor qaratdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish va fikrlarini ochiq bildirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, akademik Sirojiddinov talabalarni kelgusi nazorat imtihonlariga mas’uliyat bilan tayyorlanishga chaqirib, universitet ma’muriyati har doim talabalarning muvaffaqiyatiga ko‘mak berishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Ushbu ochiq muloqot talabalar va rahbariyat o‘rtasidagi samimiy muloqotning yorqin namunasi bo‘lib, talabalarning universitet hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.