Prorektorimiz “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
14-noyabr kuni poytaxtdagi “Azimut Grand” mehmonxonasida mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarda faol ishtirok etayotgan fidoiylar hamda jamoatchilik vakillarini e’tirof etish maqsadida “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda turli diniy konfessiyalar vakillari keng ishtirok etdi.
Ushbu marosimda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, Respublika targ‘ibot guruhi a’zosi Gulnoza Jo‘rayeva “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mazkur mukofot u kishining yoshlar ongida bag‘rikenglik, totuvlik, o‘zaro hurmat va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlash yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlari, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faol tashabbuslari hamda targ‘ibot ishlaridagi samarali ishtiroki uchun berildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda vijdon erkinligi tamoyillarini mustahkamlash va dinlararo totuvlikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, bu jarayonlarda ilmiy muassasalar, xususan, ToshDO‘TAU kabi ta’lim dargohlarining o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladilar. Shuningdek, “Diniy bag‘rikenglik” mukofoti ana shu yo‘nalishda namunali faoliyat ko‘rsatgan mutaxassislar, pedagoglar va jamoatchilik faollarini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.


