O‘zbek adabiyotining arab dunyosidagi targ‘iboti
21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan mamlakatimizning Misrdagi elchixonada oʻzbekistonlik shoir, yozuvchi va adabiyot ixlosmandlari ishtirokida maʼnaviy–maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi Hulkar Hamroyeva, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, sharqshunos olim Murtazo Saydumarov, “Inside Kashkadarya” jurnali bosh muharriri Asror Allayorov, shuningdek, Misr matbuot uyi vakillari, faol vatandoshlar ishtirok etdi.
Badiiy kecha davomida soʻnggi yillarda oʻzbek tili va adabiyotining rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, mamlakatimizda adabiyotimiz durdonalarining qayta chop etilib keng jamoatchilikka taqdim etilayotgani qayd etildi.
Tarjimonlik sohasidagi rivojlanish natijasida xorijiy, xususan, arab shoir va yozuvchilari asarlari ham oʻzbek tiliga oʻgirilib, oʻquvchilar jahon adabiyoti namunalaridan bahramand boʻlayotgani alohida koʻrsatib oʻtildi.
Murtazo Saydumarov arab va oʻzbek adabiyotidagi umumiyliklar va modernizm jarayonlari, asarlar tarjimasidagi oʻziga xos jihatlar, oʻzaro badiiy hamkorlik istiqbollari toʻgʻrisida maʼruza qildi.
Tadbir davomida shoir va yozuvchilar sheʼr va gʻazallardan parchalar oʻqib, yigʻilganlarni mamnun etdilar.
Uchrashuv doirasida oʻzbek xalqining atoqli ijodkorlari Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Anvar Obidjon, taniqli shoirlar Minhojiddin Mirzo, Hulkar Hamroyeva, Halima Jumaniyozova, Shahodat Isoxonova, Chori Avaz, Raʼno Sayfullayeva, Aʼzam Oʻktam ijodiga mansub sheʼrlarning ingliz va arab tillariga tarjimalari jamlangan kitoblar taqdimoti oʻtkazildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Iskandariya va Sharm am-Shayx shaharlari hamda Iordaniyaga ijodiy safar qiladi.

