Kompyuter lingvistikasi – milliy tilining buguni va kelajagi
2023-yilning 28-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi hamda Tatariston Fanlar akademiyasi Amaliy semiotika instituti bilan hamkorlikda “Kompyuter lingvistikasi: muammolar, yechim va istiqbollar” mavzusida xalqaro 3-an’anaviy ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad o‘zbek kompyuter lingvistikasining xalqaro tadqiqotlar bilan boyishi, yosh mutaxassislar qamrovining kengayishi, ilg‘or tajribalarning o‘zlashtirilishi, til masalalarini kompyuter dasturlari orqali yechish yo‘nalishlarining rivoji va taraqqiyotiga ijobiy taʼsir etishi, korpus lingvistikasining rivojlantirilishi, tabiiy tilni qayta ishlash yo‘nalishida samarali tadqiqotlar olib borilishiga erishishdan iborat.
Konferensiya yalpi yig‘ilish va o‘zbek tilining formal grammatikasini yaratish, korpus lingvistikasi, tabiiy tilni qayta ishlash (NLP), mashina tarjimasi, matnga qayta ishlov berish tizimlari, kompyuter lingvodidaktikasi, kompyuter leksikografiyasi, semantik tizimlar va lingvistik ontologiyalar, kompyuter lingvistikasida terminologiya va terminografiya, kompyuter lingvistikasida sun’iy intellekt kabi sho‘balarda faoliyat olib bordi.
Konferensiya yalpi yig‘ilishida ToshDO’TAU rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov, OO’MTV maslahatchisi Isajon Sulton, ToshDO’TAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Odina Jamoliddinova, Istanbul texnika universiteti professori Eshref Adali, Tatariston Fanlar akademiyasi, Amaliy semiotika instituti bo‘lim boshlig‘i, texnika fanlari nomzodi, dotsent Gatiatullin Ayrat Rafizovich, ToshDOʻTAU, Amaliy tilshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Mengliyev Baxtiyor Rajabovich, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Samarqand filiali professori Qarshiyev Abduvali Berkinovich, ToshDOʻTAU Til nazariyasi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professori Xolmanova Zulxumor Turdiyevna, ToshDOʻTAU Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi mudiri, texnika fanlari boʻyicha PhD, dotsent Elov Botir Boltayevich ma’ruza qilishdi.
Konferensiya yalpi yig‘ilishini ToshDOʻTAU O‘zbek tili ta’limi fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor Saodat Muhamedova olib bordi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida Aqto‘be regionallik univeristeti (Qozog‘iston), Qozon federal universiteti (Tatariston), Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Samarqand filiali, ToshDOʻTAU, UrDU, O‘zMU, Geologiya fanlari universiteti, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti professor-o‘qituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilari, magistrantlari ishtirok etishdi.