
“Inklyuziv ta’lim” ilmiy-amaliy laboratoriyasi ochildi
Respublikamizda uzluksiz ta’lim tizimida, jumladan oliy ta’lim muassasalarida talabalarning inklyuziv ta’lim olishi uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida bugungi kunda 58 nafar nogironligi bo‘lgan talabalar ta’lim olmoqda, shuningdek, nogironligi bo‘lgan ilmiy tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Universitet olimlari va yosh tadqiqotchilari tomonidan shu kunga qadar “Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish” davlat amaliy granti loyihasi doirasida “O‘zbek tili tarixi”, “Umumiy tilshunoslik”, “Matn lingvistikasi, “Sotsiolingvistika”, “Psixolingvistika”, “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” fanlarining “Fonetika”, “Leksikologiya”, “Sintaksis” bo‘limlariga oid o‘quv adabiyotlarining audiokitob shaklidagi nusxalari, mutaxassislik fanlari bo‘yicha kurs ishi, magistrlik dissertatsiyasini yozishga doir audiokitob shaklidagi uslubiy ko‘rsatmalar, tilshunoslikka oid dissertatsiya, monografiya va maqolalar mazmunini aks ettiruvchi audioma’lumotlar to‘plamlaridan iborat 14 nomdagi audiomahsulot tayyorlandi. Tayyorlangan mahsulotlar O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalaridagi yirik davlat kutubxonalari, Oliy, o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar axborot-resurs markazlari, “ZiyoNet” portali hamda telegram kanali orqali foydalanuvchilarga taqdim etildi.
Inklyuziv ta’lim uchun mahsulotlar yaratish orqali alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar va talabalar uchun o‘quv-ilmiy adabiyotlar hamda zamonaviy axborot vositalaridan mustaqil foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirish maqsadida bugun universitetda “Inklyuziv ta’lim” ilmiy-amaliy laboratoriyasi ochildi. Laboratoriya tomonidan innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar, zamonaviy tadqiq usullariga asoslangan inklyuziv mahsulotlar yaratish bo‘yicha jahondagi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish; inklyuziv ta’lim tizimida jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilar va talabalar tomonidan doimiy foydalanilishi uchun zarur va qulay holatdagi axborot manbalari hamda vositalariga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish; integrativ ta’lim tizimi uchun mo‘ljallangan mahsulotlarning ma’lumotlar bazasini kengaytirish, o‘quv-ilmiy adabiyotlar va maxsus kompyuter dasturlarini yaratishga doir loyihalar tayyorlash, ularni amalga oshirish, bu borada respublika va xorijiy davlatlardagi tajribali mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilgan.
Laboratoriyaning ochilish marosimida “Uzluksiz ta’lim tizimida Inklyuziv ta’lim: muammo va yechimlar” mavzusidagi ilmiy seminarda so‘zga chiqqan mutaxassislar bu borada erishilgan natijalar va muammolarga to‘xtalib, ularning yechimiga oid amaliy takliflarni berdilar. Seminarda Oliy ta’lim tizimida inklyuziv ta’lim imkoniyatlari, nogironligi bo'lgan shaxslar o'quv faoliyatida “Inklyuziv taʼlim” ilmiy-amaliy laboratoriyasining zarurati, inklyuziv ta’lim asosida ilmiy tadqiqot olib borish muammolariga oid ma’ruzalar tinglandi.
Muhokamalar jarayonida umumiy o‘rta ta’lim maktabalarida inklyuziv o‘qitish, metodik ta’minot va malakali kadrlar tayyorlashga oid taklif va mulohazalar bildirildi.
Kelgusida “Inklyuziv ta’lim” ilmiy-amaliy laboratoriyasi faoliyati natijalari integrativ ta’lim resurslari ta’minotiga oid ilmiy-ijodiy yondashuvlar va tahlil usullarini tizimli ravishda amaliyotga tatbiq etish, innovatsion texnologiyalar yordamida mazkur yo‘nalishga doir tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish va ularni muvofiqlashtirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi.