Yangiliklar

img
Wed, 11/12/2025 - 17:54

Filologik komparativistika va tarjimashunoslik masalalari

2025-yil 12-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Filologik komparativistika va tarjimashunoslik masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjuman zamonaviy filologik tafakkurning metodologik o‘zgarishlari, qiyosiy yondashuvlarning yangi ilmiy paradigmalarini belgilash hamda tarjimashunoslik va adabiyotshunoslikda kuzatilayotgan konseptual yangilanishlarni tahlil etishga bag‘ishlandi.
Konferensiyaning yalpi majlisida universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nozliya Normurodova so‘zga chiqib, bugungi global filologik tafakkurda komparativ yondashuvlar, kognitiv-semantik tahlil va madaniyatlararo muloqotning jadallashuvi natijasida filologiya fanining yangi bosqichga o‘tayotgani, tarjimashunoslikda esa milliy estetik tafakkur va sohalalararo yondashuvning  muhim nazariy yo‘nalishga aylanganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining Davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maslahatchisi Salim Ashur o‘z chiqishida davlat tilining ilmiy va ijodiy jarayonlardagi maqomi, tarjima faoliyatining milliy tafakkur, badiiy an’ana va zamonaviy estetik mezonlar bilan o‘zaro aloqasi haqida so‘z yuritdi. Misr, Germaniya, Italiya, Rossiya, Turkiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan ishtirok etgan bir qator xorijlik olimlar o‘z ilmiy qarashlari, tajribalari hamda tadqiqot natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Ma’ruzalar davomida badiiy tarjimaning bugungi rivojlanish tendensiyalari, Alisher Navoiy asarlarining tarjima tajribalari, milliy madaniyat va identitetning tarjimada aks etishi, sun’iy intellekt vositalarining tarjimadagi o‘rni, til tipologiyasi va madaniyatlararo uyg‘unlik kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Xalqaro ishtirokchilarning ma’ruzalari komparativ lingvistika, tarjima poetikasi, semiotik tahlil, qiyosiy adabiyotshunoslik, kognitiv lingvistika hamda qiyosiy filologiya yo‘nalishlaridagi ilg‘or izlanishlarni qamrab oldi. Ma’ruzalar davomida tarjima jarayonining neyrokognitiv asoslari, madaniyatlararo semantik parallelizm, poetik kodlarning millatlararo transformatsiyasi, tasavvufiy konseptlarning grammatik strukturalarda ifodalanishi, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarining tarjima va matn tahlilidagi imkoniyatlari atroflicha tahlil qilindi.

  

Konferensiya o‘z faoliyatini to‘rtta sho‘ba doirasida davom ettirdi: “Tarjimashunoslik masalalari”, “Qiyosiy tilshunoslik masalalari”, “Qiyosiy adabiyotshunoslik masalalari” hamda “Komparativistika va metodika: til, adabiyot ta’limi tipologiyasi”. Sho‘ba majlislari davomida tarjimada ekvivalentlik va adekvatlikning zamonaviy talqinlari, frazeologik birliklarning aksiolingvistik xususiyatlari, gender semiotikasining tarjimadagi o‘rni, poetik intertekstualizmning komparativ modellari, shuningdek, raqamli filologiya va sun’iy intellekt asosidagi lingvodidaktik yondashuvlar muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida filologik komparativistika fanining interdisiplinar rivojlanish bosqichiga o‘tgani, uni tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va metodika bilan uzviy bog‘lab o‘rganish zarurligi ta’kidlandi. Tarjimashunoslikda “adekvatlik” va “madaniyatlararo talqin” tushunchalarini yangicha tadqiq etish, qiyosiy tilshunoslikda “semantik parallelizm” va “kontekstual sintaksis” modellariga asoslangan tahlil usullarini ishlab chiqish, qiyosiy adabiyotshunoslikda esa poetik intertekstualizm va komparativ narratologiyani birlashtirgan yangi konseptual yondashuvni shakllantirish, filologik ta’limda esa raqamli kompetensiya, multimodal tahlil va sun’iy intellekt asosidagi tarjima texnologiyalarini joriy etish zarurligi qayd etildi.

  

Mazkur xalqaro anjuman filologiya fanining hozirgi bosqichida kechayotgan metodologik yangilanish, nazariy uyg‘unlik va fanlararo izchillik jarayonlarini ifoda etib, o‘zbek ilmiy maktabining global filologik diskurs bilan integratsiyalashuvini kuchaytiruvchi muhim ilmiy platforma sifatida e’tirof etildi. Unda ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar komparativ tafakkur, tarjimashunoslik va adabiy-nazariy izlanishlarning yangi bosqichini boshlab beruvchi ilmiy asos sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.