Yangiliklar

img
Wed, 12/03/2025 - 17:58

Bolalarga mehr ulashaylik

Bugun, 3-dekabr kuni — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari, shuningdek, ijtimoiy ish va psixologiya yo‘nalishlari magistrantlari Yakkasaroy tumanidagi 25-son ixtisoslashtirilgan maktabga tashrif buyurdi. Tashrifning bosh maqsadi — mehr-muruvvat, insonparvarlik va jamiyatda inklyuziv muhitni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirish, imkoniyati cheklangan bolalar hayotiga quvonch ulashish edi.

Uchrashuv davomida universitet jamoasi tomonidan o‘quvchilarga turli sovg‘alar topshirildi, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi, dars jarayonlari, maktabning o‘quv-tarbiyaviy faoliyati bilan tanishildi. Professor-o‘qituvchilar hamda magistrantlar bolalarning mehrga chanqoqligi, bilimga bo‘lgan qiziqishi va ijodkorlik salohiyatini chuqur his etishdi. Ayniqsa, yoshlar tomonidan tashkil etilgan kichik sahna ko‘rinishlari va o‘quvchilarning chiqishlari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.

Mazkur tashrif universitetning ijtimoiy mas’uliyat tamoyillarini amalda ifodalash, imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda ularning jamiyatga integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Xalqaro nogironlar kunini yod etish orqali jamiyatda mehr, e’tibor va bag‘rikenglik kabi insoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish tadbirning asosiy mazmunini tashkil etdi.

 

Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, har bir insonning qo‘llab-quvvatlashga, mehr va e’tiborga munosibligi — jamiyatning yuksak madaniyati va ma’naviyatidan darak beradi. Shu ma’noda, universitet jamoasining ushbu tashrifi nafaqat bayramona uchrashuv, balki chin insoniylik namunasiga aylandi.