Akademik ma’ruzasi
Akademik Shuhrat Sirojiddinovning ushbu videoma’ruzasi Amir Temur hayoti va faoliyatiga doir yozma manbalar sharhiga bag‘ishlangan avvalgi videoma’ruzaning davomi hisoblanadi. Birinchi qismda Temur va temuriylar davri bo‘yicha keyingi deyarli barcha tadqiqotlarning asosini tashkil etuvchi beshta asosiy birlamchi manba ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, mazkur videoma’ruzada XV–XVI asrlarga oid kamroq ma’lum, ammo tarixiy tafakkur taraqqiyotida muhim o‘rin tutuvchi asarlarga e’tibor qaratiladi.
Videoma’ruzada Muiniddin Natanziy, Tojiddin Salmon, Hofizi Abru asarlari, “Temurnoma” turkumiga mansub asarlar, shuningdek, Amir Temur shaxsi bilan bog‘liq eng bahsli manbalardan biri bo‘lgan “Malfuzoti Temuriy” (“Tuzukoti Temuriy”) tahlil qilinadi. Shuningdek, manbashunoslik masalalariga alohida e’tibor qaratilib, asarlarning yaratilish davri, ularning o‘zaro aloqadorligi, ularda keltirilgan ma’lumotlarning ishonchlilik darajasi hamda tarixiy matnlarning sovet va zamonaviy tarixshunoslikdagi talqin muammolari yoritiladi. Mazkur sharhning maqsadi tomoshabinni ilmiy adabiyotlarda Amir Temur haqidagi tasavvurlar shakllanishiga asos bo‘lgan yozma manbalar bilan tanishtirish va temuriylar tarixini o‘rganishda bevosita davr manbalariga murojaat qilish zarurligini yana bir bor ta’kidlashdan iborat.
Keyingi videoma’ruzalarda ko‘rib chiqilgan manbalar asosida Amir Temurning faoliyati va tarixiy merosi bilan bog‘liq eng keng tarqalgan qarashlar, munozarali masalalar hamda ayrim noxolis talqinlar ilmiy jihatdan tahlil qilinadi.
Videoni koʻrish: https://youtu.be/DwPW0zkHXYI?si=qodd2njFTHd_RmwK
Ma’ruzaning oʻzbek tilidagi matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Amir Temur hayoti va faoliyatiga doir birlamchi manbalar sharhi
So‘nggi yillarda YouTube platformasining rus tilidagi segmentida Amir Temur shaxsiga bag‘ishlangan videoroliklar, podkastlar va videoma’ruzalar soni sezilarli darajada ortib bormoqda.Biroq bu yerda mutlaqo tabiiy bir savol tug‘iladi:ushbu kontentni aynan kimlar yaratmoqda?Ushbu materiallarning mualliflari sharq qo‘lyozmalari bilan ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan malakali tarixchilarmi? Ular Amir Temurni salbiy obraz sifatida ko’rsatish qanchalik xavfli ekanini to‘liq anglaydilarmi? Ayniqsa, bugungi kunda Rossiya va G‘arb akademik doiralarida Amir Temur haqidagi ko‘plab talqinlar o‘tmishda hukmron bo‘lgan mafkuraviy qarashlar ta’sirida shakllangani va shu sababli noto‘g‘ri ekanligi tan olinayotgan bir paytda bu masala alohida ahamiyat kasb etadi.Odatda bunday materiallarni yaratishda oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari, muzey xodimlari, shuningdek, Markaziy Osiyo tarixiga qiziqadigan insonlar ishtirok etadilar. Shu bilan birga, ularning katta qismi sovet davrida yaratilgan darsliklar hamda mashhur sharqshunos va tarixchilarning asarlariga tayanadi.Biroq sovet davrida Amir Temur va uning davlati haqidagi deyarli barcha ilmiy ishlar qat’iy senzura nazorati ostida yaratilganligi ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Natijada hukmron kommunistik mafkura talablariga moslashtirish maqsadida ko‘plab tarixiy faktlar buzib talqin qilingan, haqiqatda yuz bergan qonli voqealar esa ataylab keskin salbiy izohlar bilan kuchaytirib tasvirlangan.Ma’lumki, sovet tarixshunosligi doirasida Amir Temur shaxsi tizimli ravishda salbiy talqin qilib kelingan. Boz ustiga, bunday yondashuvlar ma’lum darajada bir qator G‘arb tadqiqotlarida ham o‘z aksini topdi va bu barqaror, ammo mutlaqo bahsli bo‘lgan bir qiyofaning shakllanishiga olib keldi.O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yillar davomida — bu esa allaqachon 35 yilni tashkil etadi — temuriylar tarixiy merosini qayta anglash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ilmiy muomalaga yangi manbalar kiritildi, davr qo‘lyozmalari tanqidiy o‘rganildi, shuningdek, qator o‘rnashib qolgan talqinlar qayta ko‘rib chiqildi. Ushbu jarayon natijasida Amir Temurning davlat arbobi, buyuk sarkarda va mohir harbiy rahbar sifatidagi faoliyatiga nisbatan yanada xolis va obyektiv qarashlar shakllana boshladi.
Qiziquvchilar uchun adabiyotlar ro‘yxati ushbu videoning tavsifida joylashtiriladi. Ular rus va o‘zbek tillarida taqdim etilgan. Xullas, hozirgi zamonaviy sharoitda raqamli texnologiyalar imkoniyatlari tufayli ularni tarjima qilish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi.Oldingi videorolikda men Amir Temur shaxsi va faoliyatini o‘rganishga asos bo‘ladigan eng muhim birlamchi manbalarda to‘xtalib o‘tgan edim. Istisnosiz ravishda, ham sovet, ham G‘arb tarixchilari aynan mana shu asarlardan ma’lumot olishgan.Yana bir bor eslatib o‘taman, bular: Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma» (G‘alabalar kitobi), G‘iyosiddin Alining «Amir Temurning Hindistonga yurishi kundaligi», Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» (G‘alabalar kitobi), Ahmad ibn Arabshohning «Ajoyib al-maqdur fi axbori Temur» (Temur tarixida taqdir ajoyibotlari) asarlari, shuningdek, Rui Gonsales de Klavixoning «Samarqandga, Temur saroyiga sayohat kundaligi»dir.Ushbu manbalarni shartli ravishda bir nechta turga ajratish mumkin: ulardan uchtasi, ta’bir joiz bo‘lsa, madh etuvchi, bittasi neytral va faqat bittasi yaqqol ko‘zga tashlanadigan tanqidiy yo‘nalishi bilan ajralib turadi — bu Ibn Arabshohning «Ajoyib al-maqdur fi axbori Temur» («Temur tarixida taqdir ajoyibotlari») asaridir.
Manbashunoslikning asosiy tamoyillaridan biri shundan iboratki, tarixiy voqealarni o‘rganishda birlamchi manbalarga ahamiyat beriladi. Ularning ma’lumotlarini inkor etish mushkul, biroq tadqiqotchilar tomonidan bildirilgan talqin va xulosalar zarurat tug‘ilganda tanqidiy tahlil qilinishi, qayta baholanishi yoki rad etilishi mumkin.Aynan shu manbalar keyinchalik Amir Temur haqidagi ko‘plab tarixiy talqinlar uchun asos bo‘lib xizmat qildi hamda uning ilmiy adabiyotlar va ommaviy tasavvurda shakllangan qiyofasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Kelgusi videoroliklarda biz tariximiz, ya’ni O‘zbekiston xalqlari tarixi va nafaqat tarixga oid barcha mavjud mavhumliklarni qadamma-qadam tahlil qilib boramiz. Bunda har bir o‘rinda yuqorida keltirilgan asarlardagi ma’lumotlarga murojaat qilishimizga to‘g‘ri keladi.Shu sababli, Temuriylar tarixi bo‘yicha eng muhim manbalar haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lish muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur videorolikda keng tanilgan tarixiy asarlar bilan bir davrda yaratilgan yana bir qator manbalarga ham qisqacha to‘xtalib o‘tishni maqsadga muvofiq deb bilaman. Chunki aynan shu asarlar keyinchalik keltiriladigan dalil va mulohazalarni yanada to‘liqroq tushunish hamda ularni manbashunoslik nuqtayi nazaridan baholash imkonini beradi.
Bunday asarlar silsilasidan birinchisi Muiniddin Natanziy tomonidan yozilgan «Muntaxab ut-tavorix» (Saralangan tarixlar) asaridir. Ushbu asar Amir Temurning nabirasi, 1410-yildan 1414-yilgacha G‘arbiy Eronni boshqargan Sheroz hukmdori Sulton Iskandarning buyurtmasiga ko‘ra tuzilgan. Temur tarixi haqidagi qimmatli ma’lumotlar asarning so‘nggi bobida keltirilgan. E’tiborli jihati shundaki, Natanziyning dastlabki maqsadi aynan Sulton Iskandarning o‘zi haqidagi tarixni bayon qilish bo‘lgan, biroq yuzaga kelgan sharoitlar taqozosi bilan muallif hikoyani sezilarli darajada kengaytiradi — Shohruhning hukmronlik davriga alohida e’tibor qaratadi va yakunda asarni aynan unga (Shohruhga) taqdim etadi.Alohida qiziqish uyg‘otadigan jihat shundaki, ushbu asar Sharafiddin Ali Yazdiyning mehnatidan o‘n yil oldin yozilgan. Undan farqli o‘laroq, Natanziy asarida Temurning tug‘ilishini ilohiylashtirish yoki Amir Temurning shajarasi bilan bog‘liq afsonalarni uchratmaymiz.Men olimlarning Natanziy ixtiyorida bizga noma’lum bo‘lgan, u ma’lumotlarni to‘plagan bitta yoki balki bir nechta asar bo‘lgan degan qarashlariga qo‘shilaman. Bunga muallifning ayrim epizodlarda Amir Temurni "Sulton G‘ozi", ya’ni g‘olib sulton, ba’zi o‘rinlarda esa "Sulton Sohibqiron" deb atashi ishora qiladi; demak, u o‘zi solnoma ko‘chirgan o‘sha matnlarning ta’sirida bo‘lgan.Eslatib o‘taman, G‘iyosiddin Alining «Amir Temurning Hindistonga yurishi kundaligi» asarida u "Xoqoni saiyd", ya’ni baxtli hukmdor deb ulug‘lanadi. Nizomiddin Shomiy asarida esa "Amir Sohibqiron" unvoni ishlatiladi. Sharafiddin Ali Yazdiydan boshlab esa "Hazrat Sohibqiron" deb qo‘llanila boshlaydi, buni eslab qolish juda muhimdir.
Yozilish sanasiga ko‘ra ikkinchi manba — «Zayli Zafarnoma», ya’ni Nizomiddin Shomiy «Zafarnoma»siga ilova yoki qo‘shimcha deb nomlangan asardir. Uning muallifi asli isfahonlik bo‘lgan Tojiddin Salmondir. Ushbu asar Charlz Stori tomonidan ingliz tilida 1427-yildan 1958-yilgacha nashr etilgan va 1972-yilda Yu.Bregel tomonidan rus tiliga tarjima qilingan «Fors adabiyoti» nomli qo‘lyozmalarning tarjimayi hol sharhida qayd etilgan. Storining yozishicha, Tojiddin Salmon Amir Temurning taklifiga binoan 1397-yilda Sherozdan Samarqandga, Temur huzuriga yo‘l oladi. U saroyda yuqori mavqeni egallagan va Temur vafot etgan vaqtda ham aynan o‘sha yerda bo‘lgan. Amir Temurning vafotidan keyin Tojiddin Salmon Shohruh tomonidan Hirotga taklif qilinadi va u yerda o‘z faoliyatini davom ettiradi.1410-yilda Shohruxning topshirig‘i bilan unga Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma» asarini mantiqiy yakuniga yetkazish vazifasi yuklanadi. Natijada u bayonni davom ettirib, voqealarni Shohrux hukmronligining dastlabki yillari,ya’ni 1409-yilgacha bo‘lgan voqealarni qamrab oladi. e’tiborli jihati shundaki, mazkur qo‘shimchadagi ma’lumotlardan keyinchalik Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining «Zafarnoma» asarini yozishda keng foydalangan va ularni deyarli to‘liq o‘zlashtirgan.Aytgancha, Tojiddin Salmon asarining Lali Ismoil tomonidan tayyorlangan qo‘lyozmaning faksimile nashri asosida X. Ryomer tomonidan amalga oshirilgan nemischa tarjimasi ham mavjud.
Uchinchi mashhur asar «Majmaʼ at-tavorixi sultoniy» — «Solnomalar to‘plami» nomi bilan tanilgan umumiy tarixga oid to‘rt jildlik majmua bo‘lib, uning muallifi Hofizi Abru (1430-yilda vafot etgan) hisoblanadi. Ushbu asar Shohruxning o‘g‘li Boysung‘urning (1433-yilda vafot etgan) buyurtmasiga binoan yaratilgan va shu sababli uning yakuniy jildi mustaqil ravishda «Zubdat at-tavorixi Boysung‘uriy» — «Boysung‘ur solnomalarining qaymog‘i» nomi bilan atalgan.Asar ikki qismga bo‘lingan bo‘lib, birinchi qismi Amir Temurga, ikkinchi qismi esa uning o‘g‘li Shohrux hukmronligi davridagi voqealarga bag‘ishlangan.Shu bilan birga, Temurga oid matnning katta qismi amalda Nizomiddin Shomiyning asari mazmunini takrorlaydi. Hofizi Abruning yagona muhim qo‘shimchasi Amir Temurning vafoti, shuningdek undan keyingi yillarda yuz bergan voqealar tavsifidan iborat. Asarning birinchi tahririda bayon 1416-yilgacha, ikkinchi tahririda esa 1426-yilgacha yetkazilgan.Shuningdek, Amir Temurning yurishlari she’riy shaklda bayon qilingan adabiy asarlar mavjudligini ham ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Shunday asarlardan biri so‘nggi temuriy hukmdor — Sulton Husayn Boyqaro saroyida xizmat qilgan Abdulloh Hotifiyning «Temurnoma» dostonidir. U o‘z mohiyatiga ko‘ra Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida bayon etilgan voqealarning she’riy ifodasidan iborat.Bundan tashqari, fors va eski o‘zbek tillarida nasriy shaklda yozilgan «Temurnoma»larning ham ko‘plab variantlari uchraydi. Ulardagi ko‘plab hikoyalar xalq orasida keng tarqalgan og‘zaki rivoyat va afsonalarga asoslangan. Ular orasida rasmiy tarixiy manbalarda uchramaydigan, biroq Amir Temur hayotining ayrim epizodlariga aniqlik kiritishda muhim ahamiyat kasb etuvchi ma’lumot va tafsilotlar ham mavjud.
Ma’lumki, rasmiy tarixiy asarlarda asosiy e’tibor voqealar xronikasiga qaratiladi. Shu sababli Amir Temurning shaxsiy hayoti, masalan, uning kundalik turmushi yoki bolalik davriga oid tafsilotlar haqidagi ma’lumotlar nihoyatda kam uchraydi. Biroq bunday jihatlar oddiy xalq e’tiboridan chetda qolmaydi, turli rivoyat va hikoyalar og‘izdan og‘izga o‘tib, afsonalarga aylanadi va keyingi avlodlarga yetib boradi. Ular, odatda, she’riy va nasriy asarlarda qayd etilib, yozma manba maqomini oladi. Ch. Storining bio-bibliografik sharhida ana shunday asarlarning bir necha nomlari keltirilgan.Biroq bu o‘rinda Storining ro‘yxatiga kirmagan yana bir asarga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Bu «Temurnoma» nomli qissa bo‘lib, uning muallifi Salohiddin ibn Alouddin Toshkandiy hisoblanadi. Asarning yozilgan vaqti aniq belgilanmagan. Qo‘lyozma 1903-yilda Toshkentda litografiya usulida nashr qilingan.U ham shu turdagi boshqa xalq dostonlari kabi o‘z mazmuniga ko‘ra muallifga ma’lum bo‘lgan barcha nasriy va she’riy manbalardagi ma’lumotlarni jamlagan asardir. Shu bois, unda Temur hayotiga oid qiziqarli voqealar uchraydi. Bizningcha, ular undan ham avval yaratilgan shunga o‘xshash kitoblardan olingan bo‘lib, muallifning o‘zi ham «ma’lumotlarni mo‘tabar kitoblardan oldim», deb ta’kidlaydi.Albatta, ularni og‘zaki rivoyatlar qatoriga kiritib, e’tibordan chetda qoldirish eng oson yo‘l bo‘lar edi. Biroq, muallif Amir Temurning vatani hududida yaratilgan asarlarga tayanganini hisobga olsak, nima uchun ularni hech bo‘lmaganda qo‘shimcha material sifatida ko‘rib chiqmasligimiz kerak? Zero, ular bizgacha yetib kelmagan, faqat yagona nusxalarda mavjud bo‘lgan yoki ehtimol bu hududdan tashqariga tarqalmagan yozma yodgorliklar mazmunini amalda o‘zida aks ettirgan bo‘lishi mumkin. Manbashunoslikda bunga o‘xshash misollar yetarlicha uchraydi.
So‘ngida «Malfuzoti Temuriy» (ya’ni «Temurning hikmatli so‘zlari») kitobiga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Kitob ikki qismdan iborat. Keyinchalik «Temur tuzuklari» («Temurning qonun-qoidalari, rejalari va faoliyati») nomi bilan mashhur bo‘lgan ikkinchi qism aslida birinchi qismga ilova hisoblanadi. Mazkur kitob Temur fenomenini o‘rganishda nihoyatda qimmatli manba hisoblanadi.U o‘z avlodlariga mo‘ljallangan ko‘plab ko‘rsatmalar va nasihatlar, davlat hamda qo‘shin tuzilishini tashkil etishga oid yo‘riqnomalarni o‘z ichiga oladi. Bu asar Amir Temurning dunyoqarashi, uning ko‘plab yurishlari va vayronagarchiliklarining sabablari, olimlar, ulamolar, san’at ahllari hamda fuqarolarga bo‘lgan munosabati haqida yorqin tasavvur beradi.Asarning birinchi qismida u qanday qilib hokimiyat tepasiga kelgani, taqdiriga qanday mashaqqatlar tushgani, o‘ziga dushman bo‘lgan kuchlarni qanday yenggani, qudratining yuksalish davrining dastlabki bosqichlarida qanday ruhiy kechinmalarni boshdan kechirganini hikoya qilib, o‘z o‘tmishidan misollar keltiradi. Bunday ma’lumotlarni boshqa tarixiy asarlarning birortasida ham uchratib bo‘lmaydi.Mazkur kitobni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, undagi barcha fikrlar bevosita Amir Temurning o‘ziga tegishli ekaniga shubha qolmaydi. Chunki uning ichki dunyosini bunday darajada batafsil tasvirlashga undan boshqa hech kim qodir bo‘la olmas edi. Shu munosabat bilan «Malfuzoti Temuriy»dagi ma’lumotlar Amir Temurni faqat sarkarda va davlat arbobi sifatida emas, balki o‘z davlati, jamiyat va tartibning kelajagi haqidagi shaxsiy qarashlar tizimini shakllantirgan islohotchi sifatida ham ko‘rib chiqish imkonini beradi. Bugungi kungacha ilmiy doiralarda ushbu asarning haqiqiyligi masalasi munozara mavzusi bo‘lib qolmoqda. Bu borada shakllangan mashhur qarashning paydo bo‘lish sababini bilmaganlar uchun uning asl manbasini eslatib o‘tmoqchiman.Asar ilmiy jamoatchilikka Edvard Braunning «A Literary History of Persia» («Eron adabiyoti tarixi») nomli kitobi orqali ma’lum bo‘lgan. Asarning 3-jildi 183–184-betlarida u shunday yozadi: ya'ni, aslida Braun ushbu asarning haqiqiyligiga shubha bildirar ekan, bu asar Abu Tolib tomonidan Shoh Jahonga yoqish va unga yaqinlashish maqsadida «Boburnoma» uslubida yozilgan to‘qima bir asar, degan taxminni ilgari suradi. Aynan mana shu o‘ylamasdan aytilgan, hech qanday dalillar bilan tasdiqlanmagan taxmin natijasida ilm-fanda «Temur tuzuklari» soxta va qalbaki asar degan qat’iy qarash shakllanib qoldi.Keyinchalik bu gipoteza V.V. Bartold tomonidan mustahkamlandi. U o‘zining «Mir Alisher va siyosiy hayot» asarida (asarlar to‘plami, 2-jild, 201-bet) mazkur gipotezani endi taxmin sifatida emas, balki tasdiqlangan haqiqat sifatida deyarli takrorlaydi.Ayniqsa shunisi e’tiborliki, ingliz olimi, yirik manbashunos hamda 150 dan ortiq qo‘lyozma kataloglari, ko‘plab qo‘lyozmalar ro‘yxatlari va sharhlarini tahlil qilgan fundamental «Fors adabiyoti» nomli bio-bibliografik asar muallifi Charlz Stori ham aynan Braun va Bartoldning fikrlariga tayanib, ushbu nuqtayi nazarni qo‘llab-quvvatlaydi.Ochig‘ini aytaman, sharq qo‘lyozmalari bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan manbashunoslarga yaxshi ma’lumki, o‘tgan asrlarda O‘rta Osiyo, Hindiston, Eron, shuningdek Afg‘oniston va Turkiyadagi yuz minglab sharq qo‘lyozmalari turli mamlakatlarga olib chiqib ketilgan va ularning behisob qismi butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan. Ma’lumki, bugungi kunda ham O‘zbekistondagi va xorijdagi sharq qo‘lyozmalariga ixlosmand shaxslarning shaxsiy to‘plamlarida yuz minglab qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Ularning aksariyati hali ilmiy muomalaga kiritilmagan, hatto kataloglarda ham qayd etilmagan. Bu qo‘lyozmalarni o‘rganish uchun o‘nlab, balki undan ham ko‘proq yillik mashaqqatli mehnat talab etiladi.Shu sababli, «Temur tuzuklari»ni bir yo‘la to‘qima asarlar qatoriga kiritish ilmiy yondashuvga to‘g‘ri kelmaydi. Buhatto shunchaki ilmiy xatolik ham emas, balki, ehtimol, bugungi kunda o‘zbeklar deb ataluvchi Movarounnahr xalqlarining butun tarixiy o‘tmishini teskarisiga talqin qilishga qaratilgan maqsadli urinishdir.
Odatda sharqshunos olimlar o‘zlari tadqiq qilayotgan asarning yo‘qolib ketganligi yoki faqat yagona nusxada saqlanib qolganligi masalasida ehtiyotkorlik bilan yondashganlar va shoshilib yakuniy xulosalar chiqarmaganlar. Ular kelajakda asarning yanada qadimiyroq nusxalari topilishi mumkinligini doimo ehtimoldan xoli deb bilmaganlar.V.V. Bartold buyuk olim edi va u bu ilmiy tamoyillarni bilmasligi mumkin emas edi. U boshqacha yo‘l tutishi ham qiyin edi, chunki Amir Temurning muallifligini tan olish uni Movarounnahr mo‘g‘ullari, temuriylar, temuriylar dafn etilgan joylari, barloslar va boshqa ko‘plab masalalar haqida ilgari bildirgan qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilgan bo‘lar edi. «Temur tuzuklari» kabi hajmi jihatidan kichik asarlar ko‘pincha boshqa kichik risolalar bilan bir muqova ostida jamlangan holda uchraydi yoki ko‘p hollarda qo‘lyozmaning tashqi ko‘rinishi va hajmini kattaroq ko‘rsatish maqsadida asosiy tanlangan asarlardan keyin kichik hajmli matnlar ham joylashtirilgan. Ehtimol, bir kun kelib «Temur tuzuklari»ning asl nusxasi unchalik e’tibor tortmaydigan shunday qo‘lyozma majmualari tarkibidan topilishi mumkin.
Bugungi kunda ilm-fanga Amir Temur hikmatlarining bir necha forsiy talqinlari hamda go‘yoki Abu Tolib qo‘lyozmasiga asoslangan turkiy tillarga qilingan tarjimalari ma’lum.V.V. Bartoldning qarashlaridan so‘ng, ko‘pchilikka topilgan har bir forsiy «Malfuzot» matni Abu Tolib matnining keyinchalik ko‘chirilgan nusxalaridan biri sifatida ko‘rinadi. Nima uchun «Tuzukoti Temuriy» aslida dastlab fors tilida yozilgan bo‘lishi mumkinligini ham e’tirof etmaslik kerak?
Ma’lumki, Amir Temur hukmronligining so‘nggi o‘n yilligida uning devonxonasidagi barcha yozishmalar fors tilida olib borilgan. Hozirgacha hech kim forsiy variantlarni matn tarixini aniqlash nuqtayi nazaridan qiyosiy o‘rganmagan.Ikkinchidan, g‘arb sharqshunoslari va tarjimonlari, shuningdek, O‘zbekistondagi ayrim olimlar asl matn turkiy tilda tuzilganligini ta’kidlaydilar. Bu masala 1991-yilda X. Karomatov tomonidan rus tiliga tarjima qilinib nashr etilgan «Temur tuzuklari»ning to‘liq matniga yozilgan so‘zboshi qismida juda asosli tarzda bayon qilingan.
Shu bilan Amir Temurga bag‘ishlangan birlamchi manbalar sharhini yakunlaymiz. Keyingi videoroliklarimizda asosan Amir Temurning shaxsiyati, kelib chiqishi va umuman faoliyati haqidagi katta va yosh raqamli avlod ommaviy ongida shakllanib qolgan, bizning nazarimizda, ayrim biryoqlama va xolis bo‘lmagan qarashlar haqida so‘z yuritamiz.Ishonchim komilki, videolarimiz o‘zbek xalqining etnografik masalalariga qiziqqanlar, shuningdek XIV–XVI asrlarda O‘rta Osiyoda Amir Temur va Movarounnahr xalqlarining qo‘shni hududlar bilan munosabatlari haqidagi murakkab va ziddiyatli talqinlarni chuqurroq anglashga intiluvchilar uchun ham qiziqarli bo‘ladi.Shuningdek, ma’ruzalarim uzoq vaqt davomida kommunistik tuzum tomonidan oshkor etilishi ma’qullanmagan ko‘plab masalalarga boshqacha nigoh bilan qarashga undaydi, bugungi kunda esa ular haqida ochiq gapirish imkoniyati mavjud. Bu orqali o‘zbek xalqining nega Amir Temurni yuksak hurmat va ehtirom bilan ulug‘lab, uni milliy qahramon, faxr va buyuklik timsoli sifatida e’zozlashini anglash mumkin bo‘ladi.
Keyingi uchrashuvlarda ko‘rishguncha!

