Yangiliklar

img
Sat, 02/05/2022 - 20:57

"Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusidagi 7-xalqaro ilmiy-nazariy onlayn konferensiya

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi. Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egalladi.
Soʻnggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi Prezident qaroriga muvofiq, 2022-yil 5-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusidagi 7-xalqaro ilmiy-nazariy onlayn konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiyada AQSH, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Tojikiston, Afgʻoniston kabi mamlakatlardan sharqshunos va navoiyshunos olimlar ishtirok etdilar. Konferensiyani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov tabrik soʻzi bilan ochdi.
Konferensiyaning yalpi majlisida  Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri maslahatchisi Odina Jamoliddinova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Turkiy tilli davlatlar Parlamentlari (TÜRKPA) Kengashi Bosh Kotibi Mehmet Sureyya Er, Ozarbayjon Respublikasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti direktori, Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi vitse-prezidenti Iso Habibbeyli,  Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi boʻlim boshligʻi, prof. Almaz Ulvi Binnatova, Turkiya Respublikasi Istanbul universiteti assistent professori Emek Usenmez, Ozarbayjon Respublikasi Fuzuliy nomidagi Qoʻlyozmalar instituti direktori Timur Kerimli, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti dotsenti Darya  Jigulskaya, Tojikiston Fanlar akademiyasi Yozma meros milliy markazi boʻlimi boshligʻi Saidxoʻja Alizoda, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklor instituti direktori Nizomiddin Mahmudov, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi rahbari  Olimjon Davlatov, Toshkentdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori  Samir Abbasov oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar. Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi vitse-prezidenti Iso Habibbeyli Alisher Navoiy ijodining jahon tamaddunida tutgan oʻrni haqida, Turkiya Respublikasi Istanbul universiteti assistent professori Emek Usenmez Alisher Navoiyning turkiyzabon xalqlarni birlashtirish yoʻlidagi xizmatlari, Tojikiston Fanlar akademiyasi Yozma meros milliy markazi boʻlimi boshligʻi Saidxoʻja Alizoda Alisher Navoiyning Tojikiston Respublikasi Sharq qoʻlyozma fondida saqlanayotgan asalarining nusxalari haqida qimmatli maʼlumotlar berdilar. Ayniqsa, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti dotsenti Darya  Jigulskayaning Alisher Navoiy ijodi haqida sof oʻzbek tilidagi maʼruzasi oʻzbek tilining jahon miqyosida nufuzi oshib borayotganidan dalolatdir. 
Konferensiya Alisher Navoiyning ilmiy merosi va matnshunoslik; Alisher Navoiy  adabiy  merosi  va tarjimai holi; Alisher Navoiy lirikasini oʻrganish masalalari; Alisher  Navoiy: anʼana  va  yangilanish, zamonaviy adabiyotda buyuk shoir obrazi talqini; Alisher  Navoiyning   lingvistik   merosi   va  shoir ijodini oʻqitish muammolari  shoʻbalarda davom etdi.