Yangi nashrlar


Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti 4-kurs talabasi Dilbar Mirnosirovaning “Bolalar assotsiativ lugʻati” kitobi nashr etildi. Lugʻat “Oʻzbek bolalarining leksik assotsiatsiyalari lugʻatini yaratish” mavzusidagi innovatsion start-up loyihasi doirasida tayyorlangan boʻlib, ushbu loyiha  2022-yilda universitetimiz ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi tomonidan tashkil etilgan talabalar oʻrtasidagi  “Start-up innovatsion loyihasi” tanlovida gʻolib boʻlib, moliyalashtirishga tavsiya etilgan. “Bolalar assotsiativ lugʻat”i oʻzbek tilshunosligidagi bolalar nutqi tadqiqiga assotsiativ yondashuv asosida yaratilgan ilk lugʻat hisoblanadi. Lugʻat stimul soʻz – javob reaksiyasi tipida yaratilgan boʻlib, undan 100 ta stimul soʻz boʻyicha maktabgacha yoshdagi (3 yoshdan 7 yoshgacha) bolalar lisoniy xotirasida tiklangan 18000 ga yaqin javob reaksiyasi (assotsiatsiyalar) oʻrin olgan. “Bolalar assotsiativ lugʻati” 200 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar nutqi ustida oʻtkazilgan ogʻzaki assotsiativ tajriba materiallari negizida yaratildi. Ushbu lugʻat bolalar nutqini psixolingvistik, sotsiolingvistik, lingvopragmatik, genderologik, lingvokulturologik, assotsiativ tilshunoslik nuqtayi nazaridan oʻrganishda tayanch manba vazifasini oʻtashi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirda Dilbar Mirnosirova ilmiy rahbari filologiya fanlari doktori, professor v.b. Munavvara Qurbonova bilan hamkorlikda mazkur lugʻatning mobil ilovasi ustida ish olib bormoqda.

O‘zbek adabiyotining yetuk munaqqidi, milliy uyg‘onish davri ilmiy maktabi asoschisi, O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Begali Qosimov tavalludiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan olimning 3 jilddan iborat “Tanlangan asarlar”i nashr etildi.
2023-yil 2-mart kuni nashr mas’ullaridan biri, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori, professor  Nurboy Jabborov tashabbusi bilan “O‘zbek adabiyoti tarixi” kafedrasi nomidan olimning “Tanlangan asarlar”ining  har biri o‘n ikki donadan (jami 36 ta)   universitet Axborot-resurs markaziga taqdim etildi. B.Qosimovning milliy adabiyot tarixi yuzasidan zahmatli mehnatlari mahsuli bo‘lgan mazkur kitoblar talabalarga  keng bilim olishlariga imkoniyat yaratadi.

O‘zbek filologiyasi fakulteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Dilafruz Muhammadiyevaning o‘zbek va qirg‘iz tillari fonetik xususiyatlariga bag’ishlangan “Turkiy tillar fonetikasi” nomli uslubiy qo‘llanmasi nashr etildi. Ushbu qo‘llanmadan “Turkiy tillar qiyosiy- tarixiy grammatikasi”, “O‘zbek tili tarixi” fanlarini o‘qitishda, til tarixi, qiyosiy tilshunoslikka doir tadqiqotlarda nazariy va amaliy manba sifatida foydalanish mumkin.

Monografiyada o‘zbek tilshunosligida leksik sath bo‘yicha shu kungacha bajarilgan ishlar tahlil qilingan. O‘zbek tilining lug‘at tarkibini leksemalar ifodalagan denotativlik asosida guruhlarga bo‘lib o‘rganish, metodenotat, metodesignat yuzasidan qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Maydon nazariyasi asosida semantik maydonlar va ularga xos qonuniyatlar ochib berilgan. Semantik maydonning iyerarxiyasi, unda amal qiluvchi makro, medio, mikro qurilmalar yuzasidan qimmatli fikr-mulohazalar bildirilgan. Semantik maydon uzvlari o‘rtasidagi munosabat turlariga alohida e’tibor qaratilgan. Leksemalar o‘rtasidagi paradigmatik (o‘xshashlik) va sintagmatik (ketma-ketlik) munosabatlarining nazariy va amaliy asoslari dalillangan.
Monografiyaning e’tiborli jihatlaridan yana biri unda ideografik (tezaurus) lug‘atlar ularning turlari, lug‘at  maqolalarini tuzish tamoyillari haqida kerakli tavsiyalar aytilgan.
Monografiyaga davlat tili, uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, ona tilini sof saqlash bo‘yicha maqolalar ham kiritilgan.
Monografiya tilshunoslar, oliy o‘quv yurti filologiya fakulteti talabalari, magistrlar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar uchun mo‘ljallangan.

(Abdulhay Sobirov)

O‘zbek tilshunosligida areal lingvistika nisbatan yosh fan hisoblanadi. Bu fan qiyosiy-tarixiy tilshunoslik negizida shakllangan bo‘lsa-da, u keyinchalik dialektologiya bilan birga rivojlandi va uning natijalariga asoslandi. Endilikda u mustaqil fan darajasiga ko‘tarildi. Areal lingvistika oliy ta’limning “Lingvistika (o‘zbek tili)”, “Folklorshunoslik va dialektologiya” magistratura mutaxassisliklari o‘quv rejalarida majburiy fanlar blokidan joy oldi va uning ta’limi bo’yicha tajribalar to‘plandi. Bu darslikda areal lingvistikaning paydo bo‘lishi, uni o‘rganish metodlari, lingvistiktikaning geografiya bilan umumiyligi va xususiyligi, uning arealogiya munosabati hamda areal lingvistikaning areal, takson va izoglossa kabi nazariy masalalari turkiy tillar va o‘zbek tili hamda uning shevalariga tatbiqan yoritildi. Darslikdan magistrantlar bilan birga, ilmiy xodimlar va til ilmi bilan qiziquvchilar ham foydalanishlari mumkin.


Bugun Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda. “Davlat tili haqida”gi Qonunning tarixiy oʻrni va ahamiyatini inobatga olgan holda davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning uzviy davomi sifatida 2020-yil 10-aprelda Prezident tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni imzolandi. Unga muvofiq 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Bu bilan davlat ramzlaridan biri sanalgan maʼnaviy qadriyatimiz – ona tilimiz qonun himoyasida ekanligi yana bir bor oʻz isbotini topdi. Ushbu bayramning mamlakatimizda keng nishonlanishi ona tilimizga eʼtiborni yuksaltirish, uning mukammalligi va boyligini koʻrsatib bera olish, nafaqat oʻzbek xalqi, balki boshqa millat vakillarini ham bebaho boyligimiz hisoblangan tilimiz va madaniyatimizni oʻrganishga ilhomlantirishda xizmat qiladi.
Til – jamiyatning asosiy tayanchi, insoniy muloqot-munosabatlarning birlamchi vositasi, millat ruhi va davlatchilik taqdiridir. Har bir xalq va millat, davlat va jamiyatning o‘tmishi, buguni va kelajagini, uning mavjudligini birgina omil – ona tili bildirib turadi. Til – muloqot zarurati tufayli yaralgan, muloqot jarayonida insoniyat yaratgan barcha yangiliklarni, tafakkur mevalarini anglatib, avloddan-avlodga yetkazib, avaylab-asrab keladi.
So‘nggi yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘yi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda tilimiz keng qo‘llanayotgani, xorijdagi qator ta’lim dargohlarida, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni o‘rganishga qiziquvchilar soni ko‘payib borayotgani buning yaqqol dalilidir. 
Filologiya fanlari doktori, professor Abdulhay Sobirovning ushbu to‘plamida ham  ona tili va uning ijtimoiy hayotimizda tutgan beqiyos o‘rnini ko‘rsatishga bag‘ishlangan she’rlar o‘rin olgan bo‘lib, ularda muallifning o‘zbek tiliga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati, e’tirofi va e’tibori o‘z ifodasini topgan.
Ona tilini ulug‘lash, uning sofligini saqlash, o‘zbek tilining dunyodagi boshqa tillardan aslo qolishmasligi o‘ziga xos badiiy mahorat bilan tasvirlab berilgan.
To‘plam ona tiliga qiziquvchi, uning kelajagi uchun kurashuvchi keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
Shunday ekan, tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qoladi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shish har birimizdan milliy tilga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etadi. Zero, til bor ekan, millat barhayotdir.

(Abdulhay Sobirov)

Ushbu monografiyada zamonaviy adabiy ta’limni amalga oshirishda didaktik materiallar tanlash, ta’lim jarayoniga o‘qitishning ilg‘or shakl, usul va vositalarini tatbiq etish masalalari yoritilgan. Monografiyada adabiyot darslarida o‘zlashtiriladigan o‘quv materiallarini takomillashtirishning psixologik (qiziqish, idrok, xarakter, muloqot, iroda, xotira), pedagogik (faoliyatni boshqarish, emotsional-irodaviy stimul hozil qilish, intellektual faoliyatni rivojlantirish) va didaktik (ketma-ketlilik, onglilik, ko‘rsatmalilik) jihatlari o‘quv materiallarini takomillashtirish tizimi asosida yoritilgan. Takomillashtirishning samarali shakl, usul va vositalari “O‘qishlilikning Flesh indeksi” asosida tizimlashtirilgan. Adabiyot darslarida o‘zlashtiriladigan o‘quv materiallarini jahon talablari — “O‘qishlilikning Flesh indeksi”ga moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti  O‘zbek tilshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Komilova Gavharoy Ro‘zimovnaning “O‘zbek tilidagi maqollarning aksiolingvistik tahlili” monografiyasi nashr qilindi. 
Dunyo tilshunosligida maqollarning lisondagi o‘rni, shakllanish omillari, muayyan xalq hayoti, dunyoqarashi, asosan, qadriyatlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatish va bu boradagi ilmiy-nazariy qarashlarni umumlashtirish masalasiga e’tibor qaratilmoqda. Qadriyatlar jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy taraqqiyotining mahsuli sifatida zamon ruhi, imkoniyatlari, insonlarning orzu-umidlari, istaklari, talab va ehtiyojlarini o‘zida aks ettiradi.  
Mustaqil o‘zbek tilshunosligidagi yangi qarashlar, nazariy masalalar, zamonaviy yondashuvlarning kun tartibiga qo‘yilishiga zamin yaratdi. Rivojlanishning hozirgi bosqichida hayotning qiymat belgisi, atrofdagi voqelikka munosabat jamiyatning barcha a’zolarida kuzatiladi. Qadriyatlar kognitiv xususiyatga ega bo‘lib, inson hayotining ajralmas qismi hisoblanadi. 
Monografiyada o‘zbek maqollari ilk bor aksiolingvistik aspektda tahlil etilgan. Aksiolingvistik tahlil tamoyillari ishlab chiqilgan, qadriyat va aksqadriyat ifodalashdagi faol aksiologik konseptlar aniqlangan; tilda qadriyatlar va baho ifodalanishining o‘ziga xos xususiyatlari aksiologik modellar asosida ochib berilgan. Baho va qadriyat ifodasida maqollarning o‘rni, imkoniyatlari, lingvistik va pragmatik omillari lisoniy vositalar orqali asoslangan; implitsit usulda voqelangan qadriyat va baho talqinlarida leksemalarning ma’lum bir semalari aksiologik markerga aylanishi, tilning qadriyat manzarasida alohida semantik maydon hosil qilishi asoslangan. Maqollarda aks etgan baho, qadriyat va aksqadriyat darajasini aniqlash uchun ilk bor aksiologik shkala mezoni ishlab chiqilgan.  
Ushbu monografiya zamonaviy tilshunoslik, lingvomadaniyshunoslik, lingvodidaktika, stilistika, nutq madaniyati, matn lingvistikasi, tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha darslik, o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratishda, kurs ishi va bitiruv-malakaviy ishlarini yozishda, magistrlik, doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlash, maxsus kurslarni o‘qitishda amaliy manba vazifasini bajarishi mumkin.

Abdulhakimova Yulduz 
Dunyo adabiyotshunosligida Nizomiy beshligi asosida vujudga kelgan xamsalarni o‘zaro qiyoslab o‘rganish bilan bog‘liq tadqiqotlar sonining ortib borayotgani ushbu yo‘nalish jadal rivojlanish bosqichida ekanligini ko‘rsatadi. Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni xamsachilik talablari asosida yaratilib, Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy ijodiy an’analarini poetik sintez qilgani, ushbu syujetdagi dostonlar sirasida yangi badiiy kashfiyot bo‘lgani jihatidan alohida qimmatga ega. 
O‘zbekistonda mustaqillikdan keyingi yillarda Alisher Navoiy “Layli va Majnun”i Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviyning shu nomdagi dostonlari bilan qiyosiy o‘rganildi. Nizomiy va Fuzuliy dostonlari qiyosiy tahlili bo‘yicha ham bir qancha tadqiqotlar yaratildi. Ikki ulug‘ shoir “Layli va Majnun”laridagi badiiy talqinning o‘ziga xosligi, Fuzuliyning Navoiy an’analarini munosib davom ettirgan holda, uni rivojlantirgani, “Layli va Majnundagi” obrazlar tasvirini yanada takomillashtirgan bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish, shubhasiz, adabiyotshunoslikni yangicha ilmiy qarashlar bilan boyitadi. Bu esa, o‘z navbatida ushbu ikki mutafakkir asarlari qiyosiga bag‘ishlangan tadqiqotlar yaratilishi zaruratini kun tartibiga qo‘yadi.
Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan. Jumladan, matnshunos G‘.Karimov va P.Shamsiyev ushbu dostonning ilmiy-tanqidiy matnini yaratgan bo‘lsalar, N.Mallayev, T.Axmedov, A.Qayumov, N.Komilov, A.Hayitmetov, A.Abdug‘afurov, A.Erkinov, U.Jo‘raqulov, D.Yusupova va boshqa olimlar dostonni turli aspektda tadqiq qildilar, u haqida o‘z ilmiy qarashlarini bayon etdilar.
Monografiya Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy “Layli va Majnun” dostonlarining qiyosiy tahliliga bag‘ishlangan bo‘lib, dostonlarning syujet va kompozitsiyasi, obrazlar tizimi, badiiy mahorati qiyosiy o‘rganilgan.
Tadqiqot ishi uchun Alisher Navoiy hamda Muhammad Fuzuliyning “Layli va Majnun” dostonlari asos qilib olingan.
 

Muhayyo Hakimova 
Har qanday fanning taraqqiyoti unga xos bo‘lgan analitik va sintetik tadqiqotlar nisbiy yetakchiligining tadrijiy almashinib borishidan iborat. Analitik va sintetik tadqiqotlarni keskin chegaralab bo‘lmaydi.
O‘zbek tilida vaqt ma’nosi mustaqil til birligi (semema) yoki boshqa til birliklari semantikasini tashkil etuvchisi (sema) sifatida mavjud. Vaqt semantikasi o‘zining o‘zining leksik, grammatik, fonetik ifodalanishlariga ega. O‘zbek tilshunosligida vaqt ma’nosi payt ravishlari, vaqt ma’noli otlar, sifatlar, olmoshlar, fe’llar, yuklamalar kabi morfologik; payt hollari, vaqt ifodalovchi sintaktik konstruksiyalar singari yo‘nalishlarda o‘rganilgan yoki qayd qilingan. Leksik birliklarning temporal ma’nosi haqida xususiy va u yoki bu munosabat bilan bildirilgan fikrlar uchraydi.
 Vaqt sememasi va semalarining tarkibi, ularning sistema hosil qiluvchi imkoniyatlari, vaqt semantikali makro va mikrosistemalar, bularning tuzilish xususiyatlari, vaqt ifodalovchi birliklarning lug‘aviy sistemada tutgan o‘rni, ko‘lami kabi masalalar o‘z yechimlariga ega emas. Leksik sathga oid temporal birliklarning butun va qism, umumiy va xususiy belgilarini o‘rganish, temporal lug‘aviy birliklar paradigmalarining sintagmatik imkoniyatlarini tadqiq etish kabilarning amalga oshirilmaganligi ushbu tadqiqotning dolzarbligini belgilaydi.
Ushbu monografiyada o‘zbek tilidagi vaqt belgilari va ularning tilde in’ikos etish xususiyatlari o‘rganilgan, temporal semantikaning o‘zbek tili sathlari va ularning birliklarida tutgan o‘rni belgilangan, vaqt ifodalovchi leksemalarning semantik tahlili amalga oshirilgan, payt ma’noli leksik birliklar ularning belgilari bo‘yicha tasnif qilingan, vaqt ma’noli leksemalarning semantikasi kodlashtirilgan.
Monografiya tilshunoslar, oliy o‘quv yurtlari filologiya fakulteti talabalari va tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan.

Viktor Zaxarov Pavlovich, Baxtiyor Mengliyev Rajabovich, Hamroyeva Shahlo Mirdjonovna.
Korpus lingvistikasi jahon kompyuter lingvistikasining juda tez rivojlaning ketayotgan sohasi bo’lib, bu borada ancha yutuqlarga erishilgan. Dunyo oliy ta’lim muassasalarida korpus lingvistikasi fan sifatida ham o‘qitiladi. Bu sohaning predmeti korpus yaratish nazariyasi va amaliyoti bo‘lsa, fan sifatida korpusning o‘ziga xosligi, dasturlash asoslari kabi jihatlari o‘qitiladi. Korpus lingvistikasi kompyuter lingvistikasining tarkibiy qismi, til korpusini yaratish, kompyuter texnologiyasi yordamida ulardan foydalanishning umumiy nazariyasi va amaliyoti bilan shug‘ullanadi. 
Korpus lingvistikasining predmeti — til korpusi.u ingliz tilida linguistic corpus yoki text corpus kabi atamalar bilan qo‘llanilib, ilmiy adabiyotlarda turlicha ta’riflangan. “Korpus — ma’lum maqsadda yig’ilgan matnlar majmuini tashkil etuvchi til birliklarining yig‘indisi”, “Korpus — alohida tilning yozib olingan og’zaki hamda yozma matnlari asosidagi lingvistik ma’lumotlar majmuyi”,  “Korpus — istalgan tabiiy (real) tildagi elekron shaklda saqlanadigan yozma yoki og‘zaki, kompyuterlashtirilgan qidiruv tizimiga joylashtirilgan matnlar yig‘indisi ” kabi. 
O‘quv qo‘llanma korpus lingvistikasi konsepsiyasi, shakllanishi, rivojlanishi va bugungi holati bilan tanishtiradi; korpus texnologiyalarini o‘rganish, korpuslar bilan ishlash ko‘nikmasini hosil qilish, kursning ahamiyati, xususan, korpusning axborot texnologiyalaridagi o‘rnini aniqlash imkonini beradi.
Qo‘llanma 70230801 — Kompyuter lingvistikasi magistratura mutaxassisligida tahsil oluvchi talabalarga mo‘ljallangan.

Gulzoda Soatova
''Maorif va o‘qitg‘uvchi'' jurnali Rahim Oxunjonov Inog‘omov tashabbusi bilan ish boshlagan. Jurnalning 1-soni O‘zbekiston jumhuriyati Maorif xalq komissarligi tomonidan 1925-yil mart oyidan Toshkentda O‘zbekiston Davlat nashriyotining 1-matbaasida chiqa boshlagan, oyda bir marta chop etilgan jurnal ijtimoi-siyosiy, ta’limiy-tarbiyaviy, adabiy-ilmiy va rasmiy jurnal bo‘lib, xalq ommasini savodli qilish, turmush faravonligi darajasini ko‘tarish, xotin-qizlar ozodligi, adabiyotshunoslik va tilshunoslik muammolarini yoritishdek ulkan vazifani o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi.
Monografiyada XX asr boshlaridagi nufuzli matbuot nashrlaridan biri — ''Maorif va o‘qitg‘uvchi'' jurnalining dunyo yuzini ko‘rishi, faol mualliflari, chop etilgan adabiy va ilmiy asarlar tasnifi va tahlili keltirilgan. Hanuzgacha ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan adabiy asarlar ilmiy istifodaga olib kirilgan. Shuningdek, 
XX asr boshlaridagi adabiyotga doir munozaralar xolis ilmiy baholangan va ularning adabiy tanqid va adabiy-estetik tafakkur rivojidagi o‘rni aniqlangan. Tarjima asarlar ham tahlil etilib, ularning XX asr boshlari tarjimashunosligida turgan o‘rni ochib berilgan. 
Monografiya jadid adabiyoti bilan qiziquvchi tadqiqotchilar, filolog, matnshunos va jurnalist mutaxassisliklarga mo‘ljallangan.


Shahnoza Rahmonova 
Monografiyada o‘zbek epic poeziyasi namunalari bo‘lgan masnaviy — dostonlarning vazn xususiyatlari tadqiq etilgan, o‘lchov imkoniyatlari o‘rganilgan, mazmun bilan aloqadorlik jihatlariga diqqat qaratilgan.  
Tadqiqot uchun Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Xorazmiyning “Muhabatnoma”, Qutbning “Xusrav va Shirin”, Amiriyning “Dahnoma”, Sayyid Ahmadning “Taashshuqnoma”, Haydar Xorazmiyning “Gul va Navro‘z”, “Maxzan ul-asror”, Durbekning “Yusuf va Zulayxo”, Alisher Navoiy “Xamsa”, “Lison ut-tayr”, Sayyid Qosimiyning “Majma’ ul-axbor”, “Haqiqatnoma”, “Gulshani roz”, “Ilohiynoma”, Rizoiy Payvandiyning “Qush tili”, Muhammad Solihning “Shayboniynoma”, Majlisiyning “Qissasi Sayfulmuluk”, Xojaning “Maqsad ul-atvor”, Sobir Sayqaliyning “Bahrom va Gulandon”, “Qissasi Sayqaliy”, Nishotiyning “Husn va Dil”, Huvaydoning “Rohati dil”, Nodir-Uzlatning “Haft-gulshan”, Xiromiyning “Chor darvesh”, “Ra’no va Zebo”, “To‘tinoma”, Jamol Kamolning “Quyosh chashmasi” kabi manbalari asos qilib olingan. 
O‘zbek epik poeziyasida aruz tizimini tekshirish, masnaviy shaklida yozilgan dostonlarda vazn va mazmun uyg‘unligini aniqlash, mumtoz va zamonaviy dostonchilik an’analarining nazariy, amaliy, ritmik unsurlar kesimidagi qiyosiy tahlilini amalga oshirish, tarixiy taraqqiyot tendensiyalari va o‘ziga xos xususiyatlarini ochib  berish bilan bog‘liq masalalarni yoritish tadqiqotning asosiy maqsadini tashkil qiladi. 
Monografiya mumtoz poetika, aruzshunoslik bilan qiziquvchi olimlar, tadqiqotchilar va filolog mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.
 

Muhammad Madaminova 
Ushbu monografiyada o‘zbek tilida sintaktik qurilmalarning alohida ko‘rinishlari, ularning kommunikativ-sintaktik, lingvopoetik va lingvopragmatik xususiyatlari tadqiq qilingan. 
Bunda turli uslubga xos matnlar hamda zamonaviy internet diskursiga oid sintaktik qurilmalar asosida o‘zbek tilidagi sintaktik qurilmalarning lingvopragmatik xususiyatlarini so‘zlashuv nutq uslubi erkinligi hamda implitsit ifodalarga boyligi tufayli muloqot yoki kontekst doirasida aniqlash munkinligi isbotlangan; 
darak, so‘roq, buyruq va istak gaplarning lingvopragmatik tabiatida inversiya, parsellyatsiya va ellipsis hodisalarining yuqori ekspressiv imkoniyatlari dalillangan; 
o‘zbek tili zamonaviy internet diskursi sintaksisining og‘zaki-yozma sinkretiklik, adabiy me’yordan chekinish kabi medialingvistik tabiati ilmiy tahlilga tortilgan.
O‘zbek tilshunosligi lingvopragmatika yo‘nalishining shakllanishida N.Mahmudov, A.Nurmonov, M.Hakimov, Sh.Safarov, A.Boboyeva, M.Mirtojiyev, D.Lutfullayeva, B.O‘rinboyev va boshqalarning ilmiy tadqiqotlari diqqatga sazovordir. 
Monografiya oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari, magistr, doktorant va tadqiqotchilari uchun mo‘ljallangan.
 

Orzigul Hamroyeva 
Monografiya mumtoz qofiya ilmi tadqiqiga bag‘ishlangan bo‘lib, qofiya ilmining shakllanishi, qofiyaga oid manbalar va risolalar qiyosiy o‘rganilgan. Tadqiqot ishi uchun Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a”, Abdurahmon Jomiyning “Risolai qofiya”, “Funun ul-balog‘a”, Atoulloh Husayniyning “Risola dar Qofiya”, “Badoe’ us-sanoye”, Husayn Voiz Koshifiyning “Badoye ul-afkor” asarlari asos qilib olingan. Bu risolalarning qiyosiy tahlili orqali temuriylar davri qofiyashunosligining takomili belgilab berilgan. 
Qiyosiy tahlil qofiyaning she’rshunoslikdagi o‘rni, qofiya harflari va harakatlari, qofiya ayblari(nuqson), qofiyaning bir necha jihatlariga ko‘ra turlari, qofiya asosiga qurilgan badiiy san’atlar asosida amalga oshirilgan.
Monografiya qiyosiy adabiyotshunoslik, mumtoz poetika, mumtoz qofiya, adabiyotshunoslik ilmiga qiziquvchi olimlar, tadqiqotchilar va filolog mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. 
Monografiyada temuriylar davrida yaratilgan qofiyaga doir risolalarning nazariy asoslari aniqlangan va tizimlashtirilgan. O‘zbek  va fors-tojik qofiyashunosligining rivojlanish omillari qiyosiy-tarixiy jihatdan tadqiq etilgan. 
Temuriylar davrida o‘zbek va fors-tojik qofiyashunosligi yagona ildizlarga ega bo‘lib, yaxlit holda mavjud bo‘lganligi va bir madaniy-adabiy muhit mahsuli ekanligi isbotlangan. Risolalarning Sharq mumtoz poetikasi taraqqiyotida tutgan o‘rni belgilangan. 
 

Ushbu monografiyada o‘zbek xalqining buyuk mutafakkiri, daho shoiri Alisher Navoiy siymosining mustaqillik davri o‘zbek adabiyotidagi badiiy talqini muammosi o‘rganilgan. Muallif mazkur ilmiy mavzu tadqiqida bir nechta dolzarb masalalar, jumladan , badiiy adabiyotda tarixiy shaxs tasvirining mezonlari, prototip va estetik ideal, Alisher Navoiy obrazining lirik, epik va drammatik turga xos talqinlari tadriji, tarixiy manbalar haqiqati, obrazga zamonaviy yondashuv kabi masalalar tahlil qilingan. 
Navoiy obrazining yangi davr o’zbek adabiyotidagi talqinlarining o’ziga xos jihatlariga e’tibor qaratilgan. Monografiyada mustaqillik davri adabiyoti Alisher Navoiy obrazini yaratish, uni badiiy ifodalashda erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar zarur darajada, ilmiy asosda ko‘rsatibberilgan. Yangi talqinlar kitobxonni mushohadaga chorlaydi. Ushbu monografiya mustaqillik davri navoiynomasining ilmiy-badiiy tadqiqi sifatida ahamiyatli bo‘lib, kitob ilmiy xodim, soha mutaxassislari, filologiya fakulteti talaba-magistrlari, hamda Alisher Navoiyning barcha muxlis, muhiblarining foydalanishlari uchun mo‘ljallangan. 
 

Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag‘ishlangan mazkur monografiya adib asarlariga o‘ziga xos nuqtai nazar bilan baho beriladi. Ilmda mavjud ma’lumotlar umumlashtiriladi. Zarur o‘rinlarda bahs-munozaraga kirishiladi. 
Adabiy merosi namunalari turlari rakurslardan chuqur tahlilqilinadi. O‘quvchi moziyning jonli sahifalari bilan oshno etiladi. Ayniqsa, muallif tomonidan Boburning she’riyati nozik anglashiladi. Undagi mazmun qamroviga, shoirning badiiy san’atkorligi va mahoratiga kitobxon e’tibori tortiladi. 
Mazkur monografiya filolog — mtaxassislar, adabiyot muallimlari, o‘rta-maxsus hamda oliy o‘quv yurti talabalari va Bobur asarlarining barcha muxlislariga mo‘ljallangan.

Mazkur monografiya O‘zbekistonda huquq va tilshunoslik sohalarining kesishuvi natijasida yuzaga kelgan bo‘lib, inson sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi birliklarni til doirasida o‘rganuvchi tilshunoslikning amaliy yo‘nalishiga xizmat qiladi. 
Mazkur ish yaqin kelajakda fan sifatida taraqqiy etishi kutilayotgan amaliy tilshunoslikning lingvokriminalistika yo‘nalishini o‘qitish jarayonida dastur, rejalar tuzish hamda mavzularni bayon etishda nazariy va amaliy manba vazifasini o‘tashi, sud-tergov tizimida shaffof ekspertiza jarayonlarini tashkil etish va maxsus metodlarni qo‘llash bo‘yicha amaliy namuna bo‘la olishi bilan izohlanadi. 

O‘zbek adabiyotida timsol tadrijining qadim sarchashmalari uzoq davrga borib taqaladi. Dastlabki bosqichi eramizdan avvalgi VI-VII asrlarga to‘g‘ri keladi. Ammo o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida temuriylar davri adabiy manbalari, tadrijan — ham miqdor, ham sifat jihatidan, timsol taraqqiyotining eng yuqori bosqichi mahsuli hisoblanadi. Aytish joizki, turkiy timsol taraqqiyoti ilmining oltin davri Alisher Navoiy qo‘liga Qalam olgan davrga to‘g‘ri keladi. 
Ushbu monografiya — muallifning askari matbuotda e’lon qilingan publisistik, ilmiy maqolalari jamlanmasidir. Kitobda Alisher Navoiy g‘azaliyoti, XX asr o‘zbek adabiyoti hamda zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi timsol tadriji — poetik obrazlar, badiiy so‘z maqomi qiyosiylikda talqin etilgan. 
Mazkur monografiyada o‘rtaga tashlangan fikr-mulohazalar o‘zining yangicha tarzliligi va milliyligi bilan ahamiyatlidir. Zero, unda timsol tadriji XV-XXI asr adabiy manbalari misolida o‘rganilgan. 
Tadqiqot adabiyot tarixi, navoiyshunoslik hamda matnshunoslik sohasiga taalluqli bo‘lib, undan filologiya yo‘nalishidagi talabalar hamda shu sohada ilmiy tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilar foydalanishi mumkin. 

Onomastikaning tarkibiy qismi bo‘lgan o‘zbek tilining ergonimik makrotizimi ilk bor monografik planda o‘rganilgan. Tadqiqot ishi uchun Toshkent shahri ergonimikonidan o‘rin olgan 10 000dan ortiq ergonimlar asos qilib olingan. Ba’zi o‘rinlarda ergonimlarning hududiy xoslanishi masalalarini tahlil qilishda boshqa hududlaridagi nomlardan ham foydalanilgan.
Monografiya ergonimlarning struktur-semantik, pragmati va lingvomadaniy xususiyatlari tahliliga bag‘ishlangan bo‘lib, unda o‘zbek tilining ergonimik makrotizimi, tarkibiy qismlari, shuningdek, o‘zaro aloqadorlikda bo‘lgan neymimg, reclama kabi sohalar uyg‘unligi, ergonimlarning atalish tamoyillari va nominatsiya informativlik, kommunikativ natijaviylik, nutqiy ta’sir ko’rsatish, ishoraviylik va axborot ifodalash hodisasi, ergonimlarning milliy-madaniy xususiyatlari kabi masalalar o’rganilgan. 

Ushbu monografiya hozirgi o‘zbek adabiy tilida grammatik kategoriyalar o‘zbek tilshunosligidagi lisoniy tizim yaxlitligi qonuniyatidan kelib chiqqan holda turli umumiylik majmuidan iborat butunlik sifatida o‘rganilgan va u o‘zbek tilshunosligi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. 
Tilshunoslikda falsafiy substansiya, umumiylik va mohiyat kategoriyalarining ana shunday tushunilishi va o‘rganish obyektiga izchil va to‘g‘gri tatbiq etilishi lisoniy birlik tabiatini to‘laroq oydinlashtirish imkonini beradi. Bu es ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab nutq birligida qorishiq holda mavjud bo‘lgan sof lisoniy umumiylik zarrasi va “begona” hodisalar farqlansa, ikkinchi bosqichda lisoniy umumiylikdagi mohiyat va yondosh jihat ajratiladi. 

Ushbu o‘quv qo‘llanmada matnshunoslik va manbashunoslikning bibliografik resursi, matnshunoslik va manbashunoslikning fan sifatidagi o‘rni va ularning filologik fanlar bilan aloqasi, matnshunoslik malakasi va matn tahqiqi masalasi, qadim turkiy manbalar qo‘lyozmalari, XIV asr yozma yodgorliklari, temuriylar davri matnshunosligi, XIV asr oxiri va XV asr adabiy manbalari, eski o‘zbek tili va imlo transformatsiyasi masalalari kabi sohaga oid ko‘plab muammolar nazariy va qisman amaliy aspektda o‘rganilgan.
O‘quv qo‘llanma adabiy manbashunoslik va matnshunoslik, adabiyotshunoslik va tilshunoslik ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olayotgan bakalavr talabalariga mo‘ljallangan. Shuningdek, mazkur qo‘llanma adabiy manba va matn tahririga qiziquvchi barcha kitobxonlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. 

Dunyo tilshunosligi, xususan, o‘zbek tilshunosligida fe’l valentligi chuqur ishlangan va bu borada ko‘plab izchil tadqiqotlar yaratilgan. Ammo fe’l juda murakkab va grammatik kategoriyalarga boy so‘z turkumi bo‘lganligi hamda gap qurilishida muhim o‘rin tutganligi sababli uning barcha valentliklarini tekshirish kun tartibidagi eng dolzarb masaladir. Shunga ko‘ra ushbu tadqiqotda o‘zbek tilidagi fe’lning barcha valentliklarini (harakat fe’llari misolida) o‘rganish maqsad qilingan.
 Monografiya garchi o‘zbek tilidagi fe’l valentliklarini tadqiq qilishga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, unda dunyo tlshunosligida valent nazariyasining taraqqiyoti masalalari ham ko‘rib chiqilgan, zero bu ma’lumotlar valentlik nazariyasi bo‘yicha izlanish olib boruvchilar uchun juda zarur. 
Monografiyada fe’llning barcha valentliklari  haqida ayrim ma’lumotlar ilmiy jamoatchilikka birinchi bor taqdim etilmoqda.
Monografiya tilshunoslik ilmiga qiziquvchilar va izlanuvchilarga mo‘ljallangan. 

Monografiyada ma’naviy-esetik va intellectual tarbiya bilan bog‘liq: o‘quvchi idrokining individual xususiyatlari; adabiyotning fan va so‘z san’ati sifatidagi mohiyatini o‘zlashtirish, o‘quvchilarning badiiy-estetik tafakkuri va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish; adabiyot o‘qitish jarayonida ishtirok etuvchi turdosh san’at turlarining kitobxon idrokiga ta’sirini o‘rganish; mediata’limning o‘quvchi his-tuyg‘ulariga ta’siri darajasini shakllantiruvchi o‘quv tahlili tizimi; adabiy-nazariy tushunchalarni shakllantirish masalalari yoritilad. Maktabda adabiyotni san’at turi sifatida o‘rgatish, ammo aynan san’atni o‘rganish akademik fanning asosi ekanligi tadqiq qilinadi. 
Undan oliy o‘quv yurtlari filologik ta’lim yo‘nalishi bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalari, mustaqil izlanuvchilar, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari adabiyotni san’atning boshqa turlari bilan integratsiyalab o‘qitishda, badiiy asarlar tahlilida foydalanishlari mumkin. 

Monografiyada neyming tilshunosligining mohiyati, nom yaratish sohasidagi xorijiy tajriba, o‘zbek tilidagi nom yaratishning uslubiy mezonlari, nomlarning milliy-madaniy xususiyatlari, mavzuviy guruhlari kabi masalalar yoritildi. 
Monografiya o‘zbek tili mutaxassislari, tilshunos olimlar, tashkilotlarrning ma’naviy va davlat tili bo‘yicha  maslahatchilari, tadbirkor va marketologlar uchun mo‘ljallangan. 
O‘zbek tilshunosligida neyming, nom(neym) yaratish va tasnifi haqida tadqiqotlar yetarli emas.
Ushbu ilmiy risolada neyming tilshunosligining mohiyati, nom yaratish sohasidagi xorijiy tajriba, o‘zbek tilida nom yaratishning uslubiy mezonlari, nomlarning milliy-madaniy xususiyatlari, mavzuviy guruhlari kabi masalalar yoritildi. Ilmiy risola o‘zbek tilshunosligida bu yo‘nalishdagi dastlabki ishlardan bo‘lgani sababli mualliflar ishga doir barcha fikr-mulohazalar, tanqidiy qarashlarni samimiyat bilan qabul qiladi. 

Ozarbayjon Respublikasining Prezidenti Ilhom Aliyevning 2021-yil 5- yanvar kunidagi qaroriga muvofiq daho shoir shayx 2021-yil “Nizomiy Ganjaviy yili” deb e’lon qilindi. Ayni zamonda, Ozbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19-oktyabr 2020-yildagi tarixiy qarorida buyuk shoir va mutafakkir Amir Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyini keng miqyosda nishonlash haqidagi fikrlar o‘z aksini topgan. Har ikki qaror turkiy adabiyotga va mumtoz adabiy-madaniy sohaga berilgan yuksak e’tibor va ehtirom ramzidir. 
Ushbu monografiyada dunyo adabiyotining va turkiy xalqlarining dohiy namoyondalaridan bo‘lgan Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy merosi, uning o‘rganilishi, sharq madaniyati, turkiy milliy-madaniy merosga qo‘shgan hissasi, hassos she’riyati va ikki “Xamsa” dagi o‘ziga xosliklar tadqiq etiladi.

Ushbu monografiyada Alisher Navoiy “Xamsa”si tarixiy poetika kontekstida tadqiq etilgan. Jahon eposlari, milliy eposlarimiz “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”,yunon romanlari “Kalila va Dimna”, “Ming bir kecha”, “Shohnoma”, “Qutadg‘u bilig” singari xamsagacha mavjud folklor va yozma adabiyot namunalari bilan solishtirilgan. Asardagi tarixiy xronotop, tarixiy obrazlar tahliliy o‘rganilgan.
Monografiya filolog-mytaxassislar, doktorantlar, tayanch doktorantlar, magisstratura, bakalavriat bosqichi talabalari hamda Alisher Navoiy ijodiga qiziqqan barcha kitobxonlar uchun mo‘ljallangan. 

Ushbu monografiyada “Boburnoma” ning buyuk memuar, tengsiz xotira, til haqidagi nazariy ma’lumotlar va amaliy material jamlangan qomus sifatidagi qiymati yoritilgan. “Boburnoma” ni  lingvistik aspektda o‘rganishga oid tadqiqotlar tavsifi, asar leksikasining tarixiy-etimologik, semantik maydon, semantik paradigmaasosidagi tasniflari keltirilgan. Boburning so‘z qo‘llash mahorati, tilshunoslikka doir qarashlari, etimologiyaga doirqarashlari, etimologiyaga doir kuzatishlari, chog‘ishtirma tilshunoslikni shakllantirishdagi o‘rni, turkiy so‘zlarni ommalashtirishdagi xizmatlari ko‘rsatib berilgan. 
Monografiyada “Boburnoma”ning turkologiya, xususan, o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotidagi o‘rnini yoritishda, boburshunoslikka oid keying tadqiqotlarni amalga oshirishda ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Monografiya professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, magistrantlar, talabalar va “Boburnoma” tadqiqotchilariga mo‘ljallangan.