Yangiliklar

img
Mon, 09/05/2022 - 11:16

Yangi o‘quv yili boshlandi

Bugun 5-sentabr.  Yana bir yangi o‘quv yili boshlandi. Erta tongdan yurtimizning barcha ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari boshlanishi munosabati bilan tantanali yig’ilishlar o‘tkazilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham yangi o‘quv yili o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyat bilan boshlandi. Ayniqsa, birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar va ularning ota-onalari uchun bu kun unutilmas bo‘lgani aniq. Ularning ko‘zlaridagi hayajon, quvonch har qanday kishini to‘lqinlantirib yuboradi. Yig’ilish, avvalo, yurtimiz madhiyasini kuylashdan boshlandi. Shundan so‘ng universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinov barchani yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 31 yilligi bilan qutladi. Rektor Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 6 yillik bosib o‘tgan yo‘li, erishilgan muvaffaqiyatlar, oldindagi rejalar haqida muxtasar fikr bildirdi. Joriy yilda 1480 nafar yigit-qizlar ToshDO‘TAUning baxtli talabalari safiga qo‘shildilar. Respublikamiz OTMlarida mavjud ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha eng yuqori kirish ballariga ega bo‘lgan yoshlarga Prezident granti ajratish yo‘lga qo‘yilganligidan xabaringiz bor. Ana shunday baxtli talabalardan biri aynan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti birinchi bosqichiga qabul qilingan  Shahnoza Anvarjonovadir. Unga tantanali ravishda talabalik guvohnomasi topshirildi. 


Tadbirda yangragan  xushovoz xonandalarning  kuy-qo‘shiqlari yig’ilganlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi. Yangi o’quv yili yangi zafarlar, yangi quvonchli onlarga boy bo’lsin. Ustoz va talabalarga ushbu o’quv yili ham har yilgidek muvaffaqiyatli kelishini tilaymiz.