Yangiliklar

img
Wed, 02/21/2024 - 13:08

Xurshid Davron ijodiga bagʻishlangan adabiy kecha boʻlib oʻtdi

2024-yilning 21-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron ijodiga bagʻishlangan adabiy kecha boʻlib oʻtdi. Unda taniqli shoirlar, olimlar va talabalar, shuningdek, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
 Xurshid Davron zamonamizning nafaqat zabardast shoiri, balki ulkan adibi, dramaturgi, ssenariynavisi, muarrix olimi hamdir. Muallifning “Algʻul”, “Amir Temur oʻgʻlining oʻlimi haqida rivoyat”, “Bibixonim qissasi yoxud tugallanmagan doston”, “Navoiy armoni” va boshqa koʻplab asarlari ulugʻ bobolarimiz xotirasiga qoʻyilgan munosib haykal boʻla oladi. Shoirning yana katta xizmatlaridan biri, bu – “Xurshid Davron kutubxonasi” saytining ilk adabiy-badiiy sayt sifatida faoliyat boshlagani hisoblanadi. Oʻtgan yillar mobaynida mazkur sayt xalqimiz orasida atoqli oʻzbek adiblari asarlarini targʻib etishdan tashqari, juda koʻplab yosh isteʼdodlarni kashf etdi. Kecha soʻngida shoir Xurshid Davron oʻzining yangi sheʼrlaridan namunalar oʻqish bilan birga, talabalarning savollarga ham javob berdi. “Bugun har doimgidan ham qiyinroq bir davrda yashayapmiz. Aslida inson hayotini osonlashtirish uchun kashf qilingan, qoʻllanilayotgan har qanday texnika kishi qalbini toshlashtirib, ongimizni ishlatmaslik uchun ham xizmat qilyapti. Shunday vaziyatda oʻzimizni, menimizni asrab qolish uchun kunda bir marta qirq daqiqa oʻzimiz, fikrlarimiz, xayollarimiz bilan qolishni odat qilishimiz kerak. Shunda biz oʻzimizni taniy boshlaymiz. Millat, xalq tushunchalari shunchaki soʻzlar emas, ular haqida yozish uchun vatan tarixini, kimligimizni bilishimiz, oʻqishimiz, oʻrganishimiz kerak. Men koʻproq til oʻrganmaganim uchun afsus qilaman. Koʻproq bilsaydim, koʻproq yozardim, koʻproq anglatardim oʻzbek haqida dunyoga”, dedi shoir.