Yangiliklar

img
Tue, 03/05/2024 - 16:31

Xalqaro hamkorlikning yangi istiqbollari

Joriy yilning 5- mart kuni Alsiher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Nozliya Normurodova rasmiy tashrif bilan Ozarbayjonning G‘arbiy Kaspiy universitetida bo‘ldi. Vakilimizni G‘KU ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Saltanat Agayeva va ilmiy bo‘lim boshlig‘i Gulnara Mamedova bilan uchrashdi. Bu universitet ToshDO‘TAUning eng yaqin hamkorlaridan sanaladi. G‘arbiy Kasbiy universiteti xalqaro reytinglarda yuqori natijalar qayd etgan va ta’lim sifati bo‘yicha dunyoning eng nufuzli OTMlaridan biridir. 
G‘arbiy Kaspiy universiteti so‘nggi yillarda Yevropada akkredetatsiyadan o‘tgan. Nozliya Normurodova bu murakkab va muhim jarayonning tartibi hamda talablarini o‘rgandi. 
Bu universitetda ilmiy ishlar samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan Tadqiqot va innovatsiyalar markazi tashkil etilgan. Nozliya Normurodova usbu markazning tashkil etish jarayoni, uning asosiy missiyalari va vazifalari bilan yaqindan tanishdi. Markaz tadqiqotchilarga oʻz ilmiy ishlarini tahlildan oʻtkazish, ilmiy ishlarini Scopus, WoS singari nufuzli ilmiy bazalarida nashr qilishga ham koʻmaklashadi. Bu markaz jahonning o‘z sohasi bo‘yicha eng yetuk olimlaridan iborat faxriy professorlar guruhini tuzgan. Bu guruhga Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU olimlari ham kiritilgan. Muzokaralar chog‘ida G‘KU bilan hamkorlikda konferensiya tashkil etish va bu konferensiya maqolalarini Scopus bazasida indeksatsiya qilishga kelishildi. Bundan tashqari G‘KU olimlari bilan hammualliflikda yuqori impakt-faktorli, nufuzli ilmiy bazalarda indekslangan jurnallarda maqolalar chop etish bo‘yicha ham reja tuzildi. 

  

Shuningdek, xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash bo‘yicha G‘arbiy Kasbiy universitetining tajribasini o‘rgandi, muzokaralar va olib bordi va bir necha yo‘nalishda kelishuvga erishdi. 
Ayni shu kuni delegatsiyamizning yana bir a’zosi Fuzuliy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi rahbari G.Ashurova Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutida bo‘lib, mazkur ilmiy muassasa olimlari bilan muzokara olib bordi va hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Mazkur institutda O‘zbek qo‘lyozmalariga bag‘ishlangan bo‘lim mavjud. U yerda o‘zbek mutafakkirlarining arab, fors va o‘zbek tillaridagi 90 dan ortiq qo‘lyozmalari saqlanmoqda. Bular Alisher Navoiy, Bobur, Abu Ali ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Ulug‘bek va Jomiy asarlaridir. To‘plamdagi nodir durdonalardan biri Abu Ali ibn Sinoning “Al Qonun fi at-tibb” (II tom. 537/1143 yil) qo‘lyozmasi hisoblanadi.