Yangiliklar

img
Tue, 02/21/2023 - 15:56

Universitetning ilmiy-innovatsion faoliyati yanada rivojlantiriladi

Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyotiga universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdikulova, vazirlik boshqarma boshlig‘i Fazilat Qodirova  ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda bugun oliy ta’lim sohasida yig‘ilib qolgan muammolar, universitetda ilmiy-innovatsion, xalqaro va o‘quv jarayonlariga doir muhim masalalar muhokama qilindi.


Uchrashuvda universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov  mamlakatimizda ta'lim sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor,  bu bo‘yicha belgilangan topshiriqlarning ijrosi yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, so‘nggi yillarda ToshDO‘TAUda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar bo‘yicha taqdimot qildi. 


Tadbirda shuningdek, universitetning milliy va xalqaro reytingdagi ko‘rsatkichlari, THE va GreenMetrics xalqaro reytinglaridagi natijalarni yaxshilash, hamkor xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish, ular bilan yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zbek tilining mamlakatimiz hamda xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markaz faoliyatini xorijiy miqyosga ko‘tarish, ta’lim hamda ilm-fan sohalarini takomillashtirishga doir mulohazalar bildirildi.


Vazir o‘rinbosari Shahlo Turdikulova bugungi kunda ta’lim sifatini ko‘tarish, ilmiy-innovatsion ishlarni rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi zimmasidagi vazifalarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Shuningdek, universitet pedagog kadrlarining nufuzli xalqaro ilmiy jurnallardagi faolligini oshirish yuzasidan amaliy maslahatlar berdi. Ushbu ochiq muloqot, yosh o‘qituvchilar, doktorant va magistrlarda katta qiziqish uyg‘otib, dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashildi.   Bugungi kunda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi  rejalashtirayotgan sifat bosqichi bilan bog‘liq islohotlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.


Muloqot davomida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri buyrug‘iga asosan universitet ma'muriyatidagi yangi tayinlovlar o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra Xoliqov Bahodir Alikulovich Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUning yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektori vazifasiga, Jamoliddinova Odina Rasulovna ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimiga tayinlandi. Universitet jamoasiga yangi rahbarlar tanishtirildi.