Yangiliklar

img
Wed, 02/08/2023 - 13:59

Universitetimiz ustozlariga OMIAning mukofotlari topshirildi

Avval xabar berganimizdek, Ozarbayjonning Boku shahridagi Ozarbayjon Milliy Ilmlar Akademiyasida "Alisher Navoiy va XXI asr" mavzusidagi 8-uluslararo konferansi bo'lib o'tdi. Ikki kun davom etgan ilmiy anjumanning navbatdagi kunida filologiya fanlari doktori , professor, Alisher Navoiy nomidagi ToSHDO'TAU rektori Shuhrat Sirojiddinovning "Amir Alisher" monografiyasi taqdimoti o'tkazildi. Buyuk Alisher Navoiy hayotini o'rganishda qimmatli manba sanaluvchi ushbu asarni ozarbayjon tiliga ToshDO'TAU dotsenti Gulbahor Ashurova tarjima qilgan. Bu monografiya shoir biografiyasini oʻrganishda muhim oʻrin tutadi.  Taqdimotda ishtirok etgan yetuk olimlar, yosh ilmiy tadqiqotchilar ushbu asarning turkiy adabiyot tarixini o'rganishdagi ahamiyati haqida so'z yuritdilar. Xususan, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining “Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalari” sho‘basi mudiri, professor Almaz Ulvi Binnetova “Amir Alisher” monografiyasining nazariy – estetik g’oyasi haqida ma'ruza  qildi. 
Konferans majlisida adabiyot sohasini tadqiq qilishdagi sa'y harakatlari va bu borada ko'rsatgan xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinovga Ozarbayjon Milliy Ilmlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi  adabiyot instituti tomonidan "Adabiyot institutining faxriy do'sti" mukofoti topshirildi. Universitetimiz olimlari filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovga va xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektorimiz filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodovaga "Adabiyotshunoslik ilmiga dastak" diplomlari topshirildi.

ToshDO‘TAU vakillarining barchasiga OMIAning noyob kitoblari hadya qilindi.