Yangiliklar

img
Fri, 12/15/2023 - 15:11

Universitetimiz "Sharqqa olg'a" loyihasi g'olibi bo'ldi

Germaniya Akademik almashinuv xizmati (DAAD) tomonidan germaniyalik iqtidorli talabalarga mo'ljallangan Sharqning eng ko'hna va jozibador mamlakatlarida yozgi ta'tilni o'tkazish uchun tanlov e'lon qilingan edi. "Sharqqa olg'a" (Go East) loyihasi doirasida Osiyo mamlakatlarining ko'plab oliy ta'lim  muassasalari o'z loyihalari bilan ishtirok etishdi. Ushbu loyihada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti ham o'zining "Sharq Uygʻonish davri: oʻzbek tili va madaniyati boʻylab sayohat" nomli loyihasi bilan ishtirok etdi. Ushbu yozgi maktab dasturi o'zbek tili va madaniyatini o'rganish, ziyorat va ekologik turizm takliflarini hamda bir nechta mahorat darslarini o'z ichiga oladi. 
Quvonarlisi Osiyo va Yevropaning bir yuzlab OTMlari orasidan aynan O'zbekistondan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti loyihasi ushbu tanlovda g'olib deb topildi. 
Bu universitetimiz qoshida faoliyat olib borayotgan "O'zbek maktabi"ning yana bir yutug'idir. 
Ushbu loyiha nimalarni ko'zda tutadi?  DAAD yozgi maktabda qatnashishni xohlovchi nemis talabalariga  stipendiya, sayohat puli va qatnashish toʻlovi uchun subsidiya beradi. Ishtirok etish toʻlovlari nemis talabalari tomonidan yozgi maktab tashkilotchilariga toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlanadi. Ushbu yozgi maktabda ishtirok etishni xohlagan nemis talabalaridan kelib tushgan arizalar ToshDO'TAU tomonidan ko'rib chiqiladi va eng munosib nomzodlar yozni O'zbekistonda, o'zbek madaniyati va tilini o'rganish bilan o'tkazadilar. Bu esa kelgusi yillarda ham xorijlik talabalarning O'zbekistonda yozni o'tkazishlari va milliy madaniyatimizni o'rganib, unga mehr qo'yishlari uchun kalit vazifasini bajaradi.