Yangiliklar

img
Wed, 03/08/2023 - 05:59

Universitet rektorining bayram tabrigi

Muhtarama ayollar,  qadrli opa-singillar, dilbar qizlar! 
Avvalo, uyg‘onish va nafosat faslining boshlanishida, uning birinchi bayramida sha’ningizga tahsin aytmoqni katta sharaf deb bilaman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning keyingi yillarda ayol nomini ulug‘lash, uning ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida olib borayotgan siyosati shonli tariximizning teran ildizlariga, buyuk allomalarimizning boy ma’naviy merosiga borib taqaladi. Ularning badiiy merosi asosiy g‘oyasi ham ayolning latofat-u go‘zalligini, aql-u zakovatini, uning sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va farzand tarbiyasidagi ulkan kuch-qudratini tarannum etishga bag‘ishlangan. Qur’oni karim hamda boshqa muqaddas ulug‘ kitoblarda ayol zotini qadrlash ilohiy burch sifatida ta’kidlanadi. 
Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligi  mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan universitetimiz jamoasidagi mo‘tabar ustozlar,  opa-singillarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bugungi kunda universitetimiz pedagogik jamoasining asosiy qismini ayollar tashkil etadi,  ma'muriy tuzilmada ham ularning xizmatlarini e'tirof etmasak bo‘lmaydi.  Jamoamiz erishgan va erishayotgan har bir yutuqda oqila,  dono va zukko xotin-qizlarimizning hissasi katta. Bugungi kunga kelib, universitetimiz prorektorlari va dekanlaridan 2 nafari ayollardir.  Ilmiy salohiyatimizning ortib borishida  yosh tadqiqotchi singillarimizning, olimalarimizning o‘rni beqiyos.  
Universitetimiz talabalarining deyarli 90 foizini aynan qizlar tashkil etadi. Talaba qizlarimizning har biri o‘qishda ham, ijtimoiy-siyosiy faollikda va odob-axloqda ham o‘rnak bo‘lishga arziydi.  Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, davlat stipendiyalari sohibalari, "Yosh kitobxon" tanlovi g‘olibalari, xalqaro tanlov va grantlarni qo‘lga kiritayotgan qizlarimiz soni kundan kunga ko‘payib borayotgani bizni quvontiradi.  Parizoda Ro‘ziboyeva, Sevinch Avazova,  Mohiya Uzoqova,  Ozodaxon O‘ktamova singari qizlarimizning erishgan va erishayotgan yutuqlaridan faxrlanamiz, ular har jihatdan o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelishmoqda.

Qadrli opa-singillar!
Sizlarni bahor elchisi bo‘lgan, o‘zingizdek go‘zal va dilbar bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman.
Farzandlaringiz va yaqinlaringiz, el-u yurtimiz baxtiga hamisha omon bo‘ling


Shuhrat Sirojiddin

Alisher Navoiy nomidagi  ToshDO‘TAU rektori
filologiya fanlari doktori,  professor