Yangiliklar

img
Thu, 09/01/2022 - 07:55

Universitet rektorining bayram tabrigi

Aziz hamkasblar, qadrli talabalar! Bugun barchamiz uchun eng ulug’, eng aziz kun – mustaqillik kuni. Bir tomchi suvda quyosh aks etganidek, shunday kunlar boʼladiki, ular mohiyatiga koʼra asrlarga tenglashadi. Millat, jamiyat, butun bir mamlakat, necha-necha avlodlar taqdirini belgilab beradi. 1991-yilning 31- avgusti tariximiz solnomasida huddi shunday moʼtabar kun sifatida muhrlangan. Zero, Mustaqillik ajdodlarimiz orzusining roʼyobi, avlodlarimizning porloq kelajagi garovidir!  
Biz jonajon taʼlim maskanimizni Mustaqillik bizga bergan imkoniyat va mukofot sifatida qadrlaymiz. Zotan, millatimiz faxri, ajdodlarimiz orzusi boʼlgan shunday bilim maskanining tashkil etilishi misli koʼrilmagan voqelikdir.
Yurtboshimiz universitet jamoasiga bildirgan ishonchlari bizni oʼz oldimizga qoʼygan maqsadlarimiz sari dadil qadam tashlashga undadi. Zimmamizga yuklatilgan global vazifalar qatorida bu universitet millat va maʼnaviyatimizni jahonda targʼib etuvchi xalqaro universitet maqomi uchun kurashmoqda. 6 yil ichida Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʼzbek tili va adabiyoti universiteti milliy reytingda 2017-yil 44- oʼrinda boʼlgan boʼlsa, 2018-yil 14, 2019 va 2020-yillar 9-oʼrinni egalladi. 2021-yil esa 6-oʼrinni egalladi. Joriy yilda esa muhim tarixiy voqea – jahon reytinglarida ham yaxshi natijalar qayd etildi. Times Higher Education (THE) Xalqaro reyting agentligi tomonidan e’lon qilingan jahonning nufuzli universitetlari (THE Impact Rankings 2022) reytingida Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʼzbek tili va adabiyoti universiteti top 1001+ universitetlar roʼyxatiga kiritildi.  
Bizning oldimizda turgan vazifalarimiz hali juda koʼp. Biz ona yurtimizning porloq kelajagi, oʼzbek millatining nufuzi uchun harakat qilishda davom etamiz. Biz ertangi kunimiz bugungidan ham muvaffaqiyatlarga boy, omadli va nurli boʼlishiga ishonamiz.
Mustaqillik bayrami tantanalari yangi o’quv yiliga ulanib ketadi. Istardimki, 2022-2023-o’quv yili ham ta’lim tizimimiz uchun, jonajon universitetimiz va uning jamoasi uchun muvaffaqiyatlarga boy bo’lsin. 
Barchangizni mustaqilligimizning 31 yilligi bilan muborakbod etaman.


Shuhrat Sirojiddinov 
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori. 
Filologiya fanlari doktori,  professor, 
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi