Yangiliklar

img
Tue, 03/05/2024 - 11:11

Turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi nashr etildi

Joriy yilning 5-mart kuni Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasida ozarbayjon tilida nashr etilgan Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit-turk” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.  Ushbu kitob 1937-yil o‘zbek jadid ma’rifatparvari Xolid Saidxo‘jayev tomonidan nodir nusxa asosida arab tilidan ozarbayjon tiliga tarjima qilingan bo‘lib, Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nasimiy nomidagi tilshunoslik instituti ilmiy xodimlarining tashabbusi bilan chop etildi. Xolid Saidxo‘jayev asli toshkentlik bo‘lib, 1918-yilga qadar  Germaniyada tahsil olgan. Turkiston Muxtoriyatining yakson etilishi, o‘zbek jadidchilik harakati peshvolarining qatag‘on qilinishi xabarini olgan Xolid Saidxo‘jayev vataniga qaytmagan va  Ozarbayjonga ko‘chib o‘tgan. 1937-yilgacha u Bakuda  ilmiy-pedagogik faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ladi, o‘rta maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida dars beradi.  Bu davrda u ilmiy-adabiy jarayonlarda faol qatnashadi. Bir qancha ilmiy asarlar,  jumladan “Devoni lug‘otit-turk” kitobini, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini ozarbayjon tiliga tarjima qiladi. Mustabid tuzum qatag‘on siyosati uni shu yerda ham tinch qo‘ymaydi. Xolid Saidxo‘jaev 1937-yil xalq dushmani tamg‘asi ostida otuvga hukm qilinadi.

 

Ushbu taqdimot marosimida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov turkiy xalqlarning mushtarak yozma yodgorligi bo‘lgan “Devoni lug‘otit-turk”ning ahamiyati haqida gapirib, bu nashr tom ma’noda ildizi va qadriyatlari bir bo‘lgan turkiy xalqlar tili va tarixini o‘rganishda  alohida ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Dunyo turkologlarining doimiy diqqat markazida bo‘lgan "Devoni lug‘otit-turk" asari islomgacha bo‘lgan davrda turkiy xalqlarning madaniyati, boy ma’naviy merosi, yashash tarzi haqida ma’lumot berishi bilan muhim manba hisoblanadi. Oxirgi yillarda turkiy davlatlar rahbarlari boshchiligida qardosh xalqlar o‘zaro yaqinlashib, o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichda rivojlanayotgan bugungi davrda  "Devoni lug‘otit-turk"ning ozarbayjoncha  nashri turkiy xalqlar etnografiyasi, lug‘ati, qadimiy joy nomlari, qadriyat va an’analariga doir ko‘plab yangi tadqiqotlarning yaratilishiga turtki berishi shubhasizligi ta’kidlandi.