Yangiliklar

img
Wed, 04/29/2026 - 15:44

Talabalar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlari

Joriy yilning 25-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Xalqaro aloqalar bo‘limi tomonidan navbatdagi Ochiq muloqot (Public Talks) tashkil etildi. Universitetimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu mulooqtlar talabalarning nafaqat sifatli ta’lim olishi, balki ularning dunyoqarashini kengaytirish, jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shishga qodir yetuk kadrlar bo‘lib yetishishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida muntazam ravishda turli sohalarning malakali mutaxassislari, mehmon ekspertlar va xalqaro tajribaga ega talabalar ishtirokida dolzarb mavzularda ma’ruzalar o‘tkazib kelinmoqda. Bu kabi ochiq muloqotlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM), xususan, barcha uchun sifatli va inklyuziv ta’limni ta’minlash hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim vazifalarni amalga oshirishning uzviy qismi sanaladi.

Navbatdagi ToshDO'TAU ochiq muloqotida "Orhun" almashinuv dasturi (Orhun Exchange Program) doirasida xorijda tahsil olib qaytgan universitetimizning talabalari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbirda Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti 4-bosqich talabasi Shodiya O‘ktamova hamda O‘zbek filologiyasi fakulteti 4-bosqich talabasi Nasiba Abdullayeva ma’ruzachi sifatida ishtirok etib, mos ravishda Ozarbayjon tillar universiteti va Turkiyaning Ege universitetida kechgan akademik hayotlari haqida atroflicha ma’lumot berdilar.

 

Ma’ruzachilar ushbu ochiq muloqot davomida almashinuv dasturi uchun hujjat topshirish tartibi, xorijiy OTMlardagi dars jarayonlarining o‘ziga xosligi, madaniy muhit hamda yangi sharoitga moslashish bo‘yicha o‘zlarining amaliy tavsiyalari bilan bo‘lishdilar. Ishtirokchilar ochiq muloqot yakunida o‘tkazilgan interaktiv savol-javob sessiyasida xalqaro grantlar va ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar. Bu kabi ToshDO'TAU ochiq muloqotlari talabalarimizni xalqaro imkoniyatlardan samarali foydalanishga, dunyo miqyosida bilim olishga va jamiyatda o‘z o‘rnini topishga rag‘batlantirishi bilan katta ahamiyatga ega bo‘lib, universitetimizda bunday motivatsion tadbirlarni muntazam o‘tkazish an’anaga aylangan.