Yangiliklar

img
Sat, 02/25/2023 - 19:57

Qardosh xalq ijodkorlarining samimiy uchrashuvi

2023-yilning 24-fevral kuni Turkiy davlatlar tashkiloti huzuridagi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sulton Rayev Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti mehmoni boʻldi.
Universitet rektori Sh.Sirojiddinov ushbu muloqotni ikki qardosh xalq ijodkorlarining samimiy uchrashuvi deb baholar ekan, TURKSOY bosh kotibiga universitet tarixi, missiyasi va kelgusi rejalari haqida soʻzlab berdi. Maʼlumki Sulton Rayev Qirgʻiziston xalq yozuvchisi, Yevroosiyo yozuvchilar uyushmasi aʼzosi koʻplab nasriy va dramatik asarlar muallifidir. Yozuvchining turkiy dunyoda keng kitobxonlar ommasiga yetib borgan hikoyalari, romanlari, dramalari va ssenariylari bilan bir qatorda, dunyoning turli tillarida nashr etilgan asarlari Osiyo va jahonning koʻplab mamlakatlarida katta qiziqish uygʻotib kelmoqda. Bundan tashqari u uzoq yillardan beri turli yuqori lavozimlarda faoliyat yuritib,  adabiyot va madaniyat targʻibotchisi sifatida hurmat qozongan.  Mehmon oʻz navbatida Alisher Navoiy turkiy xalqlarni birlashtirib turuvchi ulkan siymo ekanligini va uning nomi bilan ataluvchi universitet olimlari bilan koʻrishganidan mamnunligini qayd etdi.


Bilamizki,  TURKSOY tashkiloti turkiy xalqlarning maʼnaviy yaqinlashuvi va qardoshlik birligini mustahkamlash, turkiy madaniyatni dunyoga tanitish va uning anʼanalarini kelajak avlodlarga yetkazishda keng koʻlamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, turkiy xalqlar tamaddunining boshqa xalqlarga taʼsiri, hozirgi global oʻzgarishlar davrida turkiylarga xos anʼanalar,  milliy qadriyatlar bardavomligini saqlash hamda oʻzaro madaniy aloqalarni kengaytirish orqali qardosh xalqlar sanʼati va madaniyatini keng targʻib qilishda bu tashkilot koʻprik vazifasini bajarmoqda.
Suhbat chogʻida turkiy dunyo madaniyatlarini yaqinlashtirishda Oʻzbekistonning tutgan maqomi, bu borada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti olimlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.  Jumladan, anʼanaviy ravishda tashkil etib kelinayotgan “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusidagi xalqaro konferansni kelgusi yilda TURKSOY shafeligida Anqarada tashkil etish, joriy yilning noyabr oyida esa universitetda badiiy tarjima boʻyicha xalqaro forum oʻtkazishga kelishib olindi.


Shuningdek, oʻzbek mumtoz adabiyoti vakillari, ilm-fan bobida jahon sivilizatsiyasiga muhim hissa qoʻshgan mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy merosini dunyoga targʻib etish ishlarini yuqori bosqichga koʻtarish, jumladan, buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy hayoti va ijodini keng targʻib etish boʻyicha fikr almashildi.


Turkiy xalqlarning boy ilmiy-badiiy merosini xalqaro miqyosda targʻib etish, adabiyot namunalarini tarjima qilish ishlarini jadallashtirish davr talabi ekanligi taʼkidlandi.  Zero, Sulton Rayev alohida qayd etganidek, bugungi davrda adabiyotning insoniyat maʼnaviyatini yuksaltirishdagi roli tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, tarjima adabiyoti tinchlikni asrash, turli madaniyatlarni oʻzaro yaqinlashtirish va xalqaro hamjihatlikni barpo etishda “oltin koʻprik”dir.