Yangiliklar

img
Thu, 11/30/2023 - 17:28

"O'zbek maktabi" tashkil etilganiga 1 yil to'ldi

Bugun “Oʻzbek maktabi” rasman faoliyat boshlaganiga bir yil toʻldi. 2022 -yil noyabr oyida “Uzbek school” – xorijliklarga o’zbek tilini o’rgatish tayyorlov kursining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtgan edi.  Shu munosabat bilan “Oʻzbek maktabi”da ajoyib bayram tashkil etildi. Bayramda markazning xorijlik tinglovchilari tomonidan oʻzbek tilida she’r va qoʻshiqlar ijro etildi, raqslar hamda sahna koʻrinishlari namoyish qilindi. 
Oʻzbek maktabida o’zbek tili eng zamonaviy usul va vositalar yordamida, til o’rganuvchilar xohishiga ko’ra kichik, o’rta guruhlarda yoki individual o’rgatiladi. Tayyorlov kurslarida o’zbek tili turli sohalarga integratsiya qilingan shakllarda ham o’rgatiladi, masalan biznes sohasida o’zbek tili, diplomatik soha vakillari uchun o’zbek tili va hokazo.  

Bugungi kunda bu markaz faoliyati kengayib bormoqda. O’zbek tilini o’rganishga bo’lgan qiziqishning ortib borishi va mustaqil til o’rganuvchilar uchun sifatli bepul kontentlar yaratish bo’yicha ham “O’zbek maktabi” ancha ilg’or. Hozirda maxsus bepul onlayn darslar, turli ijtimoiy tarmoqlarda o’zbek tilini o’rganishga qaratilgan turli bepul rubrikalar muntazam tayyorlab, ulashib borilyapti. Bu markaz faqat til o’rgatish bilan cheklanib qolmasdan, unda o’zbek madaniyati bo’yicha maxsus mahurat darslari ham o’tkaziladi. Bu esa “O’zbek maktabi”ning o’ziga xos noyob jihatidir.

 

Yosh va o’z ustida tinimsiz ishlaydigan o’qituvchilar xorijliklarga o’zbek tilini o’rgatish bo’yicha to’plagan tajribalari va xalqaro standartlarga tayanib, “Xorijliklar uchun o’zbek tili” (A1 va A2 daraja uchun) darsliklarini yaratdi.
Kitobga ilova etilgan audio-vizual materiallar o'zbek tili fonetikasining o'ziga xos xususiyatlari, shuningdek, matnlarda aks etgan dialoglar orqali turli situativ holatlarda ishlatiladigan leksik qatlam bilan tanishadi.

 

Darslikning yuqori sifati, amaliy ahamiyatini yanada oshirish uchun audio va video materiallar havola qilingan. Darslik yordamida til o'rganuvchilar tanish vaziyatlarda kerakli til vositalarini tanlash, oddiy vaziyatlarda og‘zaki va yozma nutqda fikrlarni uzviy ifoda eta olish singari pragmatik kompetensiyalarni egallashlari   maqsad qilingan.
Prezidentimizning 21-oktabr Oʻzbek tili kuni munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigida qayd etganidek “Universitetda tashkil etilgan “O‘zbek maktabi”da  yuzlab xorijlik fuqarolar ona tilimiz va milliy madaniyatimiz asoslarini katta qiziqish bilan o‘rganmoqda”.