Yangiliklar

img
Tue, 02/21/2023 - 12:30

Ona tili — milliy g‘urur va iftixor ramzi

Xalqaro ona tili kunini belgilash tarixi
Ma’lumki, til – millat ruhi, merosi, madaniy va ma’naviy boyligi, davlat timsoli, xalq madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Til millatni millat qilguvchi vosita bo‘lib, u millatning ko‘zgusidir. Zero, tilda millat qiyofasi, ma’naviyati aks etadi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning ta’kidlaganidek:“Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur” .  
Shunga ko‘ra dunyo xalqlari tarixini, ayniqsa, XX asr tarixini  kuzatar ekanmiz,  ularning ko‘pchiligi o‘z milliy mustaqilligi uchun  kurashni o‘z ona tiliga davlat tili maqomini berish uchun kurashishdan boshlashganiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, Hindiston, Pokiston, Bangladesh kabi Angliyaning, Afrikadagi Fransiyaning, Amerikadagi Ispaniyaning mustamlakalari bo‘lgan davlatlarda mustaqillik yo‘lidagi dastlabki kurashlar aynan o‘z ona tiliga davlat tili maqomi berish uchun kurashlardan boshlangan. Ammo, afsuski, ularning barchasi ham hali hanuz o‘z niyatiga erishgani yo‘q. Hozirgacha ham ayrim davlatlarda ingliz, ispan, fransuz, portugal tillari davlat tili hisoblanadi.   21-fevralni Xalqaro ona tili kuni sifatida belgilanishining tarixi ham aynan shu omil bilan bog‘lanadi. Chunki  1952-yil 21-fevral kuni Daka (Bangladesh)da ro‘y bergan voqealar qonli veqealar - o‘z ona tilini himoya qilish maqsadida namoyishga chiqqan  talabalarning politsiya o‘qlari ostida qolib  halok bo‘lgan kundir. Ular o‘z ona tillarini mamlakatning davlat tillaridan biri sifatida tan olinishini talab qilishgan edi...Mazkur talabalarning xotirasi hurmati uchun    21-fevral Xalqaro ona tili kuni  sifatida 1999-yil noyabr oyida YuNESKOning Bosh konferensiyasi tomonidan e’lon qilingan va 2000-yil fevralidan beri har yili tillar va madaniy xilma-xillik va ko‘p tillilikni targ’ib qilish maqsadida nishonlanib kelinadi. 
Zero, bugungi dunyoda o‘z ona tilini saqlab qolish, uning sohalarda qo‘llanishini ta’minlash, ta’lim, ilmiy  jarayonlarda yetakchilik qilishini ta’minlash katta muammolardan hisoblanadi. “SIL INTERNASIONAL” xalqaro tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyoda 7 mingdan ortiq til  va lahja mavjud. Va ularning atigi 560 tasi davlat va o‘quv-tarbiya sohalarida faol qo‘llaniladi. Ularning 43 foizi xavf ostida. Ta’lim tizimlarida va umumxalq xo‘jaligida faqat bir necha yuz til alohida o‘rin tutadi, raqamli dunyoda esa yuzdan kam til ishlatiladi.    Shu bilan birga, tilning mavjud bo‘lishi uchun u 100 mingdan ortiq kishi tomonidan so‘zlashilishi kerak. Eng keng tarqalgan va faol ishlatiladigan  tillar ingliz, xitoy, rus, fransuz, ispan, hind, portugal va arab tillari bo‘lib, ularda  300 mln.dn oshiq  odamlar so‘zlashadi,  shuning uchun ularda yo‘qolib ketish xavfi yo‘q.  Shu jumladan, ona tilimiz bo‘lgan o‘zbek tilida ham bugungi kunda 50 mln. ortiq  inson so‘zlashadi. 
Shu bilan birga, tillarning  umuinsoniy taraqqiyot  uchun zarurligi, ular nafaqat madaniy xilma-xillik va madaniyatlararo muloqotni ta’minlash, balki barcha uchun  samarali bo‘ladigan hamkorlik,  ta’limni  yo’lga qo‘yish, kommunikativ   jamiyatlarini qurish va madaniy merosni saqlab qolish, barqaror rivojlanish uchun ilmiy-texnikaviy taraqqiyot samaralarini qo‘llash uchun siyosiy irodani safarbar etish borasida ham o‘ta muhimligi Xalqaro ona tili bayramini nishonlashda muhim omil hisoblanib kelinmoqda. 


Ona tili – milliy o‘zlik timsoli, ma’naviyat  asosi


Xususan, bu bayram O‘zbekistonda ham keng nishonlanadi. Zero,  ona tilining  millat, davlat, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni  juda muhim, o‘ta zaruriy va dolzarb bo‘lib, zero,  bu tushunchalar o‘zaro  dialektik bog‘liq va o‘zaro aloqador tushunchalardir.  Millat, davlat, jamiyat taraqqiy qilar ekan, uning tili va tilshunosligi  taraqqiy qilib boradi.  Davlat, jamiyatdagi o‘zgarishlar birinchi navbatda tilda, xususan, uning leksikasida – lug‘at boyligida   o‘z aksini topadi. Modomiki, til ijtimoiy xarakterga ega ekan, ijtimoiy hayotdagi  taraqqiyot tildagi taraqqiyotni belgilab beradi. Va, o‘z navbatida, til va tilshunoslikning taraqqiyoti jamiyat, davlat taraqqiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Buning isbotini bugungi kundagi dunyo manzarasidan topish mumkin – qaysi mamlakatda – jamiyatda   tinchlik, farovonlik hukm surayotgan bo‘lsa, shu yerda til va tilshunoslik taraqqiy qilyapti va buning aksi bo‘lgan mamlakatlarda til va tilshunoslik rivoji haqida fikr  yuritish amri mahol.
Qolaversa, til, avvalo,  millatni millat qiluvchi vosita, u millatning ko‘zgusidir. Zero, tilimizda bizning qiyofamiz, ma’naviyatimiz aks etadi, til  millat vakilining  ma’naviyatini  namoyon qiladi. Mustaqillik davrining  eng ulug‘ imkoniyat va ne’matlaridan biri  bu o‘zbek  tilining  o‘z yerida obro‘, e’tibor topishi, Davlat tili maqomini olishidir. Shunga ko‘ra bugungi kunda  o‘zbek tili  milliy mafkuramizning tarkibiy  qismlaridan va  mustaqilligimizning bosh belgilaridan biri bo‘lib qolmoqda.     
 O‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi, obro‘si, qo‘llanishini  kengaytirishda   bir nechta muhim, bir-birini to‘ldiruvchi, mantiqiy davom ettiruvchi  hujjatlarning qabul qilinishi  tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bular:

  • 1.    1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘rsida” gi  Qonun. 
  • 2.    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni.
  • 3.    2016 yil 13 mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida” gi    Farmoni.
  • 4.    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi  “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni.
  • 5.    2020 yil 10 aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 1-moddasi bilan 21-oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
  • 6.   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi  “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish  va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  Farmoni.
  • 7.    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-sonli qarori.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish  va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  Farmoni bu borada dolzarb xarakter kasb etdi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Xususan, Farmonga ko‘ra: a) 2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi; b) 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020–2022-yillarda amalga oshirish dasturi; v) 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlangan . 
Asosiy yo‘nalishlarda  o‘zbek tilining  nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasida bir  qancha ustuvor vazifalarning bajarilishi  nazarda tutilgan.
Mazkur muhim hujjatlarda aks ettirilgan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq qilishda  Prezident Sh.M.Mirziyoevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasidagi  “Milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tilini bilish-zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish kerak”, degan so‘zlari,  aytish mumkinki,   ona tilimizni  chet tillari ta’siridan asrab-avaylash, farzandlarimizga oan tili bo‘yicha ta’lim berish, ona tilimizni tadqiq va targ‘ib qilishda  metodologik asos, obrazli qilib aytganda “Yo‘lchi yulduz”  vazifasini bajaradi. Zero,  mazkur fikrlarda ona tilimizga bo‘lgan yuksak hurmat va  e’tibor  aks ettganligi  bilan birga  bu borada  birinchi navbatda amalga  oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar mazmun-mohiyati ham mujassamdir. Bu xayrli ishlarni  bajarishda  o‘zbek  xalqi birdam va yelkadosh bo‘lishi zarur. Muhtaram  Prezidentimiz aytganidek: “O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir”. Haqiqatan, ona tilimizni  asrab-avaylash, rivojlantirishga har birimiz mas’ulmiz.

Ona Vatanimiz O‘zbekistonda  130 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qilishadi, 21-fevralni ular ham bayram qilishadi. Zero, ko‘p tilli va ko‘p madaniyatli jamiyatlar tillari tufayli mavjud bo‘lib, ular an’anaviy bilim va madaniyatlarni barqaror tarzda uzatadi va saqlaydi.  Shunga ko‘ra til kishilarning shaxsi va guruhlarining shaxsini, ularning tinch-totuv birga yashashini ta’minlashda juda muhim rol o‘ynaydi. Ular barqaror rivojlanish yo‘lidagi islohotlarning strategik omili, global va mahalliy sharoitlar o‘rtasidagi uyg‘un munosabatlar bo‘lib xizmat qiladi. Faqat ko‘p tillilikning to‘liq qabul qilinishi barcha tillarning globallashgan dunyoda o‘z o‘rnini topishiga imkon beradi.
O‘zbekistonda bu uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ta’limning 7 ta  - o‘zbek, rus, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, tojik va turkman tillarida olib borilishining o‘ziyoq o‘zga  millat vakillariga o‘z ona tilida savod chiqarish imkoniyatini beradi. Oliy ta’lim esa uch tilda – o‘zbek, rus, qozoq tillarida olib boriladi.     
Turli millat vakillari bo‘lgan  o‘zbekistonliklar   bir necha xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishlari  bilan birga davlat tili bo‘lgan o‘zbek tilini o‘rganishni istashadi. Ularga o‘zbek tilini o‘rgatish maqsadida  Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zining ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda universitet aynan shu sohada kadrlar tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Universitetda  “O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlananayotgan  bo‘lib, uning bitiruvchilari xorijda ochilgan va ochilayotgan turkologiya, o‘zbek tili va adabiyoti markazlarida, xorijiy OTMda, umumta’lim maktablarining o‘zga tilli guruhlarida (o‘zbek tili va adabiy o‘qish fanlaridan), ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan  akademik litsey, professional ta’lim beruvchi muassasalarda o‘zbek tili (davlat tili) fanidan dars beradilar. Bugungi kunda mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalarga “O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi” fani aynan 2 modul asosida o‘qitiladi:

  • - o‘zga tilli guruhlarda (ta’lim rus, tojik, qozoq va b.) o‘zbek tili (davlat tili)ni o‘qitish metodikasi; 
  • - xorijliklarga o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi. 

 Hozirgi kunda o‘zbek tili kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan ta’lim yo‘nalishi uchun yangi avlod o‘quv adabiyotlari yaratildi va  izlanishlar davom etmoqda. Nafaqat o‘zbekistonliklar, balki   dunyo xalqlari  o‘zbek tilini o‘rganayotganliklari, bizning tilimizda  erkin suhbat qurayotganliklarini ko‘rib, faxr va iftixor hissini tuyasan kishi. Xususan, Yaponiya, Xitoy, Koreya yoshlarining o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishlari juda kuchli. Ular sof o‘zbek tilida bemalol so‘zlasha oladi. Garchi AQSh, Germaniya va boshqa mamlakatlar yoshlari, slavyan xalqlari vakillari o‘zbek tiliga xos bo‘lgan tovushlarni to‘liq va to‘g‘ri talaffuz qila olmasalar-da, ularda ham o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchli. Ularning ko‘pchiligi O‘zbekistonga kelib ta’lim olishmoqda. Shuningdek, AQSh, Koreya, Xitoy,  Yaponiya, Ukraina, Rossiya kabi davlatlarning ayrim  universitetlarida o‘zbek tili fan sifatida o‘qitiladi.
Shunga ko‘ra ffaoliyatning ikkinchi qirrasi  xorijliklarga o‘zbek tilini o‘qitish va o‘rgatish ishlaridir.  Shu maqsadda, universitetda, avvalo, dunyo miqyosida o‘zbek tilining o‘qitilishi va o‘rganilishiga doir ma’lumotlar bazasi shakllantirildi, muayyan xorijiy OTM bilan akademik almashinuv yo‘lga qo‘yildi. 
Ma’lumki,  Alisher  Navoiy  nomidagi  ToshDO‘TAU o’zbek tili va adabiyotining nufuzini yanada oshirish, milliy tilimizni keng targ’ib etish, uni o’rgatish bo’yicha maxsus metodikalar ishlab chiqish singari muhim vazifalarni zimmasiga olgan.  Mazkur OTM tashkil etilganidan boshlab sinov tariqasida universitet qoshida xorijliklarga o’zbek tilini o’rgatish kurslari ish boshlagan. Kam sonli chet elliklarga o’zbek tilini o’rgatish barobarida ToshDO‘TAU pedagoglari til o‘rgatish borasida tajriba to‘pladilar, xalqaro metodik bilimlarni o’zlashtirishga, ularni qo’llab ijobiy natijalar qayd etishga bel bog’ladilar. Shu kungacha bu til o’rgatish kurslarida 300 dan ortiq xorijliklar, jumladan, Koreya, Xitoy, AQSh, Braziliya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlar fuqarolari o’zbek tilini muvaffaqiyatli o’rganishdi.  Bugun bu izlanishlar samarasi o’laroq universitet xalqaro ofisida “Uzbek school” – xorijliklarga o’zbek tilini o’rgatish tayyorlov kursining 2022- yil noyabr oyida rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu kurslarda o’zbek tili eng zamonaviy usul va vositalar yordamida, til o’rganuvchilar xohishiga ko’ra kichik, o’rta guruhlarda yoki individual o’rgatiladi. Tayyorlov kurslarida o’zbek tili turli sohalarga integratsiya qilingan shakllarda ham o’rgatiladi, masalan biznes sohasida o’zbek tili, diplomatik soha vakillari uchun o’zbek tili va hokazo.  
Yosh va o’z ustida tinimsiz ishlaydigan o’qituvchilar xorijliklarga o’zbek tilini o’rgatish bo’yicha to’plagan tajribalari va xalqaro standartlarga tayanib, “Xorijliklar uchun o’zbek tili” (A1 daraja uchun) darsligini yaratdi. "Xorijliklar uchun O'zbek tili" darsligi o'zbek tilidan mutlaqo xabarsiz bo'lgan qiziquvchilarga mo'ljallangan.  Kitobda xalqaro umume'tirof etilgan til o'rganish metodikasidan foydalanilgan va to'rtta til ko'nikmasi (gapirish, yozish, o'qish, tinglash) asosida A1 darajasidagi bilimlarni berish ko'zda tutilgan.  Ushbu darslik shu yo'nalishda yaratilgan mavjud o'zbek tili qo'llanmalaridan inglizcha ko'rsatma va izohlarning berilishi, har bir darsda ishlatilgan so'zlarning ingliz tilidagi tarjimasi ko'rsatilgani bilan ajralib turadi. Kitobga ilova etilgan audio-vizual materiallar o'zbek tili fonetikasining o'ziga xos xususiyatlari, shuningdek, matnlarda aks etgan dialoglar orqali turli situativ holatlarda ishlatiladigan leksik qatlam bilan tanishadi.
O’zbek maktabining rasmiy sahifalari - 
"Uzbek school" o‘zbek tilini umumyevropa kompetensiyalari asosida A1 dan C1 darajagacha o‘rgatadi.
Yangi 2023-yildan istiqbol rejalari: 

  • 1. Afrikadan Amerikagacha,  Osiyodan Yevropagacha — dunyoning barcha nuqtalaridan o‘zbek tili o‘rganuvchilarini o‘z maktabimizga yig‘ish;
  • 2. Faoliyatimizni yanada kengaytirib,   boshqa  mamlakatlarda ham "O‘zbek maktabi"  filiallarini ochish; 
  • 3. "Xorijliklar uchun O‘zbek tili"  darsligining keyingi darajalari uchun mo‘ljallangan qismlarini chop etish; 
  • 4. Darsligimizning vositachi tillarini sonini oshirish va faqat ingliz tili yordamida emas,  fransuz, nemis,  koreys,  ispan tillari yordamida o‘zbek tilini mustaqil o‘rganuvchilar uchun imkoniyatlar yaratish

2023- yilda Xalqaro ona tili kuni qanday nishonlanadi


2023 yilda ham, har doimgidek, Xalqaro ona tili kuni  YuNESKO  shafeligida butun dunyo bo‘ylab nutqiy o‘ziga xoslikni himoya qilishga yo‘naltirilgan bir nechta ansiyalarni  o‘tkazadi. YuNESKOning bosh direktori  Odre Azule xonimning Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan murojaati e’lon qilinadi.  Har xili  YuNESKO muayyan tilga bag‘ishlangan  taqdimotlar, tadbirlar tashkil qiladi. Masalan, 2019 yil mahalliy tillar yili deb e’lon qilingan bo‘lsa, 2020 yilda esa  sauxili tili diqqat markazida bo‘lgan. 
Ona O‘zbekistonimizda, xususan, bizning universitetda  ham   Xalqaro ona tili keng nishonlanadi.  Ona tiliga bag‘ishlangan  turli aksiya va tadbirlar:  ommaviy diktant yozish,  o‘z ona tilida she’riyat kechasini o‘tkazish, mashhur tilshunos olimlar, suxandonlar, poliglotlar bilan uchrashuvlar,  ona tilini rivojlantirish, uning qo‘llanish sohamini kengaytirish, uni dunyo miqyosida targ‘ib qilish yo‘lidagi muammolar va ularning yechimiga qaratilgan videorliklarni tayyorlash, talabalarni qiziqtirish uchun bilan turli o‘yinlar, viktorinalar, “davra  suhbatlari”, master-klass, lingvistik kvest kabilar o‘tkaziladi.   Bular, o‘z navbatida, talabalarda  o‘z ona tiliga hurmatlashga, uni e’zozlash va  boyitishga rag‘bat uyg‘otadi. 


Xulosa o‘rnida


Til – insonni butun borliqdan ustun qilib turgan bemisl qudrat, millatning qalbi, ruhi, o‘tmishi, buguni, kelajagi, orzu va armonlari, millatning o‘zi, o‘zligi bo‘lib, insoniyat rivojlanar borar  ekan, til taraqqiyoti ham abadiydir.
So‘ngso‘z o‘rnida aytar so‘zimiz shuki,  har bil  millat  o‘z ona tilini ko‘z qorachig‘idek  asrab-avaylayshi, e’zozlashi, yanada boyitishi zarur. Toki kelgusi avlod  ona tilimiz sof, boyigan holda meros bo‘lib qolsin.

 
             
F.f.d., prof. Saodat Muhamedova
Alisher Navoiy  nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti  “O‘zbek tili ta’limi” fakulteti dekani