Yangiliklar

img
Tue, 02/20/2024 - 15:38

Oliy ta'lim yetakchilari uchun eng yirik anjuman

Avval xabar berganimizdek, AQShning Vashington shahrida "Xalqaro taʼlim maʼmurlari assotsiatsiyasi"ning 2024-yilgi konferensiyasi bo'lib o'tmoqda. Konferensiyada universitetimiz xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova ham ishtirok etmoqda. Bu anjuman dunyo oliy taʼlim muassasalarida xalqaro taʼlim boʻyicha yetakchilar uchun yagona konferensiyadir. Konferensiya doirasida 100 dan ortiq sessiyalar va davra suhbatlari o'tkazilmoqda. Ularda xalqaro strategik hamkorlik, akademik almashinuv va boshqa ko'plab masalalar bo'yicha dunyoning eng kuchli ekspertlari ma'ruza qilmoqda. Bu ma'ruzalarda sohaning kelajagiga ta'sir qiluvchi tendensiyalar haqida muhim ma'lumotlar berilmoqda.
 Xususan, bo'lib o'tgan sessiyada Arizona davlat universiteti, Kaliforniya, universiteti, Florida xalqaro universiteti, Texas konsorsiumi rahbarlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda universitetimiz vakili AQShlik hamkorlar bilan uzoq muddatli hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Ushbu hamkorlik hamkor universitetlar bilan ToshDO'TAUning mos ilmiy sohalarida maxsus kurslarni tashkil etishdan boshlanishi mumkinligi qayd etildi. Bu kurslar avvalga onlayn shaklda tashkil etiladi va tomonlarning takliflari asosida loyiha tayyorlanib, u xalqaro fondlar e'lon qilgan tanlovlarga taqdim etiladi. Bu loyihalar g'olib bo'lgach, o'zbekistonlik talaba va tadqiqotchilarning Amerikaga, amerikalik hamkorlarimizning esa O'zbekistonga uzoq va qisqa muddatli stajirovkasi moliyaviy jihatdan qoplab beriladi. Bundan tashqari AQSh elchixonasi tomonidan e’lon qilinadigan Faculty Enrichment Programme FEP, Humphrey Scholarship, Fullbright singari dasturlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Bu dasturlarda gʻolib boʻlganlarga AQSh universitetlariga kelib, malaka oshirish imkoniyati beriladi.

  

Arizona davlat universiteti, Kaliforniya, universiteti, Florida xalqaro universitetlarida Markaziy Osiyo tadqiqotlariga yo'naltirilgan maxsus fakultet va markazlar faoliyat yuritadi. Ayni yo'nalishda faoliyat olib borayotgan professorlarning ToshDO'TAUda ma'ruza o'tkazishlari, dars berishlari bo'yicha ham kelishuvga erishildi. 
Bundan tashqari yuqorida nomlari qayd etilgan universitetlar bilan hamkorlikda yozgi maktablar tashkil etish bo'yicha ham muzokaralar olib borildi. 

 

Konferensiyada QS xalqaro reyting agentligi vakillari ham ishtirok etib, oliy ta'lim yetakchilariga reytinglarda yuqori o'rinlarni egallash uchun amalga oshirilishi zarur bo'lgan masalalar bo'yicha ma'lumot berdi. 
Konferensiya davomida ishtirokchilar o'z universitetlari haqida ma'lumot beruvchi ko'rgazma ham tashkil etishdi. Nozliya Normurodova ko'rgazmada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti haqida ma'lumot berdi, o'zbek tili va madaniyatiga qiziquvchi barchani O'zbekistonga taklif etdi.