Yangiliklar

img
Fri, 09/09/2022 - 12:09

Oliy ta’lim tizimidagi ochiqlik va adolat

So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz kelajagiga kiritilayotgan investitsiya ekanini bugun hammamiz anglab turibmiz. Rad etib bo‘lmas muammolarga yechim topish, ularni rejali hal qilish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida olib borilayotgan ishlarni alohida qayd etish kerak. Birgina kirish imtihonlari hamda qabul jarayonlaridagi ochiqlik, shaffoflik, bu jarayonlarda inson omili aralashuvini yo‘q qilish tizimdagi katta masalalarga yechim bo‘ldi. Vazir boshchiligida barcha OTM rektorlari, rahbariyat vakillari xalq bilan yanada yaqinlashdi, ochiq muloqotlar, brifinglar, jurnalistlar bilan o‘tkazilayotgan matbuot anjumanlari natijasida fuqarolar va OTM rahbariyati o‘rtasidagi ko‘rinmas devor quladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 9-sentabr kuni  AOKAda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani yuqoridagi so‘zlarimiz isboti bo‘la oladi. Avvalo,  vazirimiz haqli ravishda ta’kidlaganidek, “Bugun talabani o‘qishga qabul qilishdan to bitirgungacha bo‘lgan jarayon raqamlashtirildi”. Bu esa tizimdagi ko‘plab korrupsion sxemalarning tugatilishiga, jarayondagi ortiqcha qog‘ozbozlik, ovvoragarchiliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlardir. Hozirgi oliy ta’lim tizimi bundan 5 yil  oldingisidan keskin farq qiladi. Bugun talabalar va ularning ota-onalari savollariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirning o‘zi javob qaytarmoqda. Tizimdagi barcha muammolar tahlil qilinib, ularga konkret yechimlar ham ishlab chiqilmoqda. Birgina talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami tahsinga sazovor. Yildan-yilga yangi OTMlar, yangi ta’lim yo‘nalishlarining ochilishi, talabalar sonining ortishi bevosita turar-joy bilan bog‘liq muammolarni kun tartibiga olib chiqdi. Vaziyatga yechim topish bugun har qachongidan ham muhimdir. Shu nuqtayi nazardan yangi talabalar yotoqxonalari qurish, mavjudlarini optimallashtirish, ijara xonadonlarini o‘rganish, xonadon egalarining turli moddiy va byurokratik to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha aniq ishlar bajarildiki, natijada vaziyat nazoratdan chiqib ketmadi. Ijaraga joylashgan talabalarning ijara pullari 50 foizgacha qoplanmoqda, xonadon egalariga soliq imtiyozlari berilmoqda. Maqsad aniq – talabalarimiz sarson bo‘lmasin, talabalarimiz qiynalmasin. 
O‘qishga kirishda ham barcha abituriyentlarga imkoniyat berish tamoyilidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnoma (superkontrakt) asosida o‘qishga kirishni istaganlar uchun 10 foiz chegirma berildi. Kontrakt summasini esa yil davomida 4 ga bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi. Belgilangan minimal ball miqdoridan past ko‘rsatkich qayd etgan abituriyentga ham oshirilgan to‘lov shartnoma asosida o‘qish imkoniyati berildi. Ammo!!! Endi OTMda o‘qish avvalgidek emas. OTMlar kredit-modul tizimiga o‘tmoqda. Bu tizim talabaning bilimini xolis baholovchi tizimdir. Endi o‘qishga kirish qanchalik osonlashgan bo‘lsa, uni bitirish shunchalik qiyinlashib boradi. Bejizga vazir bot-bot ta’kidlamadi:“Farzandining OTMda o‘qib ketishiga ishongan ota-onalargina tabaqalashtirilgan kontrakt shartlariga rozi bo‘lsin”, deya. Kredit-modul tizimi baholashda inson omilining ishtirokini kamaytiradi. Endi qaysidir talaba shaxsiy aloqalari yoki insoniy munosabatlari orqali imtihonlardan o‘tib keta olmaydi. Korrupsion harakatlar orqali kursdan-kursga o‘tish yoki o‘tkazib qo‘yish imkonsiz. Talaba OTMga kirdimi, o‘qishga majbur. Bunday tizim rivojlangan mamlakatlarda allaqachon joriy etilgan. Bejizga milliy OTMlarga kirish imtihonlarida kerakli balni yig’a olmagan abituriyentlar xorijiy OTMlarga kirib ketmaganlar. Chunki xorijda o’qishga kirish oson, ammo talabalarning 70 foizga yaqini OTMni tamomlay oladi.
Tizimdagi bu islohotlar yaqin orada samara beradi. Jahon andozalari asosida sifatli ta’lim berish natijasida raqobatbardosh, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan kadrlar tayyorlanadi.
Nozliya Normurodova
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori, filologiya fanlari doktori