Yangiliklar

img
Wed, 04/03/2024 - 20:27

Nazariy-metodologik seminarlar faoliyatidan

2024-yil 3-aprelda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan O‘zbek filologiyasi fakulteti Kengashi qoshidagi xalqaro nazariy-metodologik seminarning navbatdagisi bo‘lib o‘tdi. Bu galgi seminarda f.f.n., dotsent Marhabo Umurzoqova “Badiiy matnda lisoniy shaxs voqelanishida ijtimoiy omillar”, o‘qituvchi Olmos Xurramov “Fris Vyurtlening “Andijon shahzodasi” asarida Bobur siymosi”, o‘qituvchi Norqulova Maftuna “Ahmad A’zamning “Quroq” qissasida kinoya uslubi” mavzularida ma’ruza qildilar. Ushbu ma’ruzalarda badiiy matnda lisoniy shaxs voqelanishida qanday ijtimoiy omillar ishtirok etishi, lisoniy shaxs xarakterini ularning nutqi orqali ajratib olish, jahon adabiyotida Bobur siymosining yoritilishi, kinoya uslubini adabiyotda tutgan o‘rni xususida  muhim ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Abdulla Qodiriy asarlarini o‘rganishda til xususiyatlariga ham alohida e’tibor qaratish lozimligi aytildi. Ahmad A’zam ijodida kinoya uslubidan keng foydalanishi adib ijodining muhim xususiyatlari ekanini aytildi. Uning qissalarida qo‘llangan iboralardan misollar keltirilib, kinoya uslubi turli vaziyatlarda qo‘llanganini ta’kidlab o‘tdi. Mavzu yuzasidan f.f.d., professor Baxtiyor Abdushukurov, f.f.d., professor Iqboloy Adizova, f.f.n., dotsent Iroda Azimova, f.f.f.d., dotsent Ilhom Sayitqulov, f.f.f.d., dotsent Komiljon Hamroyevlar savollar berishdi va o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi. Seminarda fakultet professor-o‘qituvchilari, tayanch doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etishdi. Qizg‘in bahs-munozara tarzida o‘tgan seminar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.