Yangiliklar

img
Mon, 02/20/2023 - 18:02

Nazariy bilimlar amaliyotda sinaladi

O‘zbek tili ta’limi fakultetida bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlashning muhim bosqichlaridan biri pedagogik amaliyot sanaladi. Oliy ta’lim muassasasi auditoriyasida egallangan nazariy bilimlar, malaka va ko’nikmalar umumta’lim muassasalarida amaliyot davomida sinovdan o‘tadi, rivojlantiriladi. Pedagogik amaliyot talabalarni umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quv-tarbiyaviy ishlarga kasbiy pedagogik va psixologik tayyorlash, ijodiy fikrlash, kasbiy mahorat va qobiliyatlarni rivojlantirish maqsadida tashkil etiladi.
O‘zbek tili ta’limi fakultetida  2023-yil 20-fevral kuni   4-kurs talabalari uchun 15 hafta davom etadigan pedagogik amaliyotni o‘tkazish yuzasidan  konferensiya o‘tkazildi.
Dastlab fakultet dekani professor S.Muhamedova pedagogik amaliyotning mazmuni haqida to‘liq tushuncha berdi. 
Talabalarning diqqatiga pedagogik amaliyotning maqsad va vazifalari, amaliyotning mazmuni, ushbu jarayonda talaba duch kelishi mumkin bo‘lgan holatlar va ularning yechimi, vaqti, yakunda topshirilishi shart bo‘lgan hujjatlar haqida batafsil  savol-javoblar  o‘tkazildi, konferensiya nihoyasida talabalar tomonidan berilgan ko‘plab savollar va muammolar o‘z yechimini topdi. Pedagogik amaliyot davomida yuritiladigan hujjatlar va pedagogik amaliyotning vazifalari, ya’ni talabalarda kasbiy ishonch va barqaror pedagogik karashlarni shakllantirish; talabalarning pedagogik-psixologik fanlar hamda maxsus fanlar bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlash; bo‘lajak o‘qituvchilarni amaliy ko‘nikma va malakalar bilan, zaruriy holatlarda umumiy psixologik-pedagogik qonuniyatlarni qo‘llash malakalari bilan ta’minlash; talabalarni maktab, litseylardagi o‘quv-tarbiyaviy ishlarning zamonaviy ahvoli, ilg‘or pedagogik tajribalari bilan tanishtirish; o‘qituvchilarning muhim kasbiy va shaxsiy hislatlarini rivojlantirish; talabalarda pedagogik kasb va mehnatga hurmat va muhabbat uyg‘otish kabi masalalar esa kafedra mudiri, professor G.Asilova tomonidan yoritib berildi.
 Pedagogik amaliyotning o‘quv-me’yoriy hujjatlarda aks etishi va uni olib borish tartibi, amaliyotchi talabaga maslahatlar, pedagogik amaliyotning maqsad va vazifalari, o‘quv muassasasi bilan tanishish, uning rahbarlari ishlarini o‘rganish, pedagogik amaliyotga qo‘yiladigan talablar, pedagogik amaliyot bo‘yicha hujjatlar va ularni rasmiylashtirish, pedagogik amaliyotni yakunlash va hisobot topshirish tartibi, darsdan tashqari ishlarni o‘rganish, pedagogik amaliyotni baholash mezonlari  kabi masalalar dotsent Sh.Isayeva tomonidan yoritildi.