Yangiliklar

img
Wed, 02/08/2023 - 19:58

Navoiy abadiyati

Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida jahon eʼtirof etgan alloma bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi keng nishonlanmoqda. Benazir shoir tugʻilgan kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining barcha fakultetlarida tantanali tadbirlar boʻlib oʻtdi.
O'zbek tili ta'limi fakulteti talabalari tomonidan tayyorlangan adabiy-badiiy kechada Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ham bizning ong-u shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib kelgani aytildi. Talabalar ijrosidagi Navoiy g'azallari, buyuk mutaffakir ijodiga doir sahna ko'rinishlari yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 


Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakultetida ham Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan “Olis yulduzlar – shu’la taratar” deb nomlangan adabiy musiqiy kecha bo’lib o’tdi. Tadbir dasturidan Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag’ishlangan ma’ruzalar, inson ruhiyatiga ma’naviy ta’sir etguvchi nazm va navolar hamda   sahna ko’rinishlari, klassik kuy va raqslar namoyishi joy olgan.


O'zbek filologiyasi fakultetida tashkil etilgan adabiy-ma'rifiy kecha yuqori saviyada tashkil etildi. Filologiya fanlari doktori Uzoq Jo'raqulov  tadbir boshida so’z olib, mavzu doirasida o’z fikrlarini taqdim etdi. Ma’lumki, Alisher Navoiy nafaqat o’zbek, balki fors-tojik tilida ham Foniy taxallusi bilan barakali ijod qilgan zabardast zullisonayn shoir hisoblanadi. Abdurahmon Jomiy ta’rifi bilan aytganda, Alisher Navoiy «asl tabiati va qobiliyati tufaylidan baxtga eltuvchi hukmlar o’qlarini so’z sifati nishoniga qaratganda va javohirlar sadafi buzrukvorlar ismi sirlaridan so’zlaganda o’z vaqtini nazm badialari yoki nasriy ixtirolardan tamoman forig’ va xoli topolmagan» shoir edi. Bu tadbirda buyuk mutafakkir ijodi haqida ko'plab ma'lumotlar berildi, bu ulug' meros talabalar ijrosidagi badiiy kompozitsiyada yana bir bor namoyish etildi.


Ijtimoiy-gumanitar fanlar va axborot texnologiyalari fakultetida ham Navoiy ijodiga bag‘ishlangan tadbir nihoyatda ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Fakultetning iqtidorli talabalari ijrosidagi chiqishlar barchaga birdek manzur bo‘ldi. 
Navoiy barcha davrlarda o’z ijodi bilan qalblarda abadiy yashaydi. Uning shaxsiyati, ijodi, faoliyati inson qalbiga qaratilgan, qalbni madh etadi, ilohiy ishqni tarannum etadi. Shu bois u doimo qalblarning to’rida, avlodlar tilida, ongu shuurida takrorlanadi, umrboqiy hayotini yashaydi. U o’zi “Lison ut-tayr”da tasvirlagan haqiqatga, Haqqa erishish yo’lida hayot kechirdi, ijod qildi va avlodlarning yo’lini mash’ala kabi yoritdi. Uning asarlarini qayta-qayta o’qimoq, anglamoq ma’rifat va haqiqatga yetaklaydi.