Yangiliklar

img
Fri, 09/02/2022 - 09:10

Istiqlol va men suygan diyor

Har bir shaxs oʻz hayoti davrida har tomonlama ulgʻayar ekan, avvalo, oʻz shaxsivqadri-qimmatini himoya qilishga intiladi va ungva erishadi ham.  Bu holat shaxs mustaqilligini taʼminlovchi his-tuygʻudir. Boshqacha aytganda, ulgʻayish degan tushuncha oʻzida “men”ni tarbiyalash degani boʻladi.  Demak, har bir inson hayotda oʻz oʻrniga ega boʻlishi uchun qator  ruhiy kechinmalarni bosib oʻtishi va ular ichida oʻzining “men”ini yaratishga muvaffaq boʻladiki, ruhiy shaxs keyinchalik katta madaniy, iqtisodiy va siyosiy sharoitda kamol topib boradi. Bu jarayon barcha shaxslarda bir xilda kechmasligi aniq. U isbot talab qilmaydi. Muhimi, bu qoida har bir shaxsda dastlab yashirin kechsa-da, ijtimoiy hayot bu sir-sinoatlarni oshkorolashishiga majbur qiladi, u endi bu hayotda oʻz oʻrnini topib olishga va kerak boʻlsa, oʻzining qarashlarini nafaqat himoya qilishga, balki ularni boshqa shaxslarga va guruhlarga namoyish qilish, yana kerak boʻlsa, oʻz ortidan yurgizishni sevib qoladiki, bu jarayonda shaxslar tengligi tushunchasiga putur yetadi. Ana endi kimdir oʻz gʻoyalarini boshqalarga singdirishga harakat qiladi, kimdir oʻz shaxsiy manfaatlarini himoya qiladi va kimdir  bunday shaxslar izmida boʻladi. Bu oʻrinda ayrim shaxslarning gegemonligi shakllanib qoladi. Bunday sharoitda shaxslar oʻz mustaqilligi uchun, kimgadir tobe boʻlib qolmaslikka qarshi kurashish kabi intilishlar paydo boʻladiki, shaxslardagi bunday kechimlar yirik guruhlar, davlatlar uchun ham “namuna” boʻlib qoladiki, uning oqibatida endi siyosiy jarayonlar, dunyo mamlakatlari boʻylab tengsizliklar  boshlanib ketadi. Ha, tariximiz bunday jarayonlarning koʻpini koʻrgan. Mana, oʻttiz yildan oshdiki, istiqlol nashidasini surmoqdamiz. Men bu kichik inshoda tariximizdagi bu kabi jarayonlarni yoritmoqchi emasman, faqat bir narsani taʼkidlashni lozim topaman. 
Ikki siyosiy davrni boshimdan kechirgan va mustaqilligimizni eʼzozlovchi shaxs sifatida ollohning inoyati va vatanparvar shaxslarning shijoati bilan yetishganimiz mustaqil Oʻzbekiston biz uchun ulkan neʼmat ekanligini barcha xalqimiz yurak-yurakdan qalrlashi kerakligini istab qolardim. 
 Men hech vaqtda biror davrga yoki unda rahbarlik qilgan shaxslarga nisbatan “yaxshi”, “yomon” degan bahoni bergan emasman. Aslida har bir davrning ijobiy va salbiy tomonlarini, rahbarning ham ijobiy va salbiy tomonlarini odilona baholab kelganman. Uni oppoq, buni qop-qora deb yozayotgan qalam egalariga ham qoʻshilmayman, chunki, oʻtmish - yaxshimi, yomonmi biz yashagan, xalqimiz yashagan davr, yomonidan xulosa chiqarish (hadeb qoralayvermaslik), yaxshi anʼnalarini boyitib borish tarafdoriman.  
Yana bir narsa. Hozirgi baʼzi ziyolilarimizdek faqat chet el tajribalariga koʻr-koʻrona rujuʼ qoʻyish tarafdori ham emasman. Faqat Oʻzbekiston va illiy manfaatlarimizga xizmat qiladigan tajribalarnigina olib kirishni maʼqullagan boʻlar edim. Men oʻz aqlimiz, oʻz tajribamizga tayanib ish koʻrish, oʻz ixtirolarimiz bilan dunyoni lol qoldirish degan aqidaga amal qilish shiorimiz boʻlishni, “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan”, “Oʻzbekistonda yaratilgan” tamgʻalari bilan barcha nomoddiy va moddiy mahsulotlarimizning tantana qilishini targʻib qilgan boʻlar edim. U yoki bu  gʻoya yoki  qaysidir davlatning etagidan ushlab koʻr-koʻrona tirikchilik qilmaslikni istar edim. Men Oʻzbekiston xalqi ichida ijodkor, novator shaxslarning koʻp ekanligiga ishonaman. Shukrlar boʻlsinki, hozirgi davlatimiz olib berayotgan siyosatda katta ijobiy intilishlar borligini his qilaman, chunki bu intilishlar Vatanimizning mustaqilligiga xizmat qilmoqda,  salbiy tomonlarini qurol qilib oluvchilarga esa maslahatim shuki, siz oʻzingizga topshirilgan vazifani sidqidildan bajaring, menga topshirilgan vazifani men astoydil bajarsam, Respublikamiz rahbariyati rejalarini bajargan boʻlamiz, el-yurt nazariga tushamiz. Davlat siyosatini shaxsan siz va men belgilamaymiz, balki biz saylagan shaxslar bizning, sizning fikrlaringizni oʻrganish asosida demokratiya, dunyo siyosati va buyuk kelajagimizni hisobga olgan holda  xalq saylagan vakillar belgilab beradi.