Yangiliklar

img
Mon, 09/05/2022 - 18:01

Hamidulla Dadaboyev 75 yoshda

Filologiya fanlari doktori, professor, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetining jonkuyar ustozi Hamidulla Dadaboyev 75 yoshda. Bugun universitetimizda ustozni qutlash uchun shogirdlari, kasbdoshlari, yaqinlari jam bo’ldilar. Hamidulla Aripovich nafaqat o‘zbek tilshunosligida, balki turkologiya sohasida yuksak natijalarga erishgan taniqli olim. Turkiy tillar muammolari bo‘yicha dunyoning nufuzli  nashrlaridagi chiqishlari jahonning yetuk tilshunoslari tomonidan tan olingan. Universitet miqyosidagi Xalqaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda ustozning katta hissasi bor!


Qadimgi turkiy til, eski o‘zbek adabiy tili leksikasi, XI – XIV asrlar eski turkiy til manbalari ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy terminlarini o‘rganishda, o‘zbek harbiy terminologiyasini rivojlantirishda Hamidulla Dadaboyev amalga oshirgan tadqiqotlar yangi izlanishlar uchun ilmiy-nazariy asos vazifasini o‘tab kelmoqda. 


Ustozimiz til tarixi, tarixiy leksikologiya, terminologiya, qolaversa, zamonaviy yo‘nalish hisoblangan kompyuter lingvistikasi sohasida ilmiy maktab yaratib, yigirmadan ortiq falsafa doktori (PhD), fan doktori (Dsc) tayyorlab, mamlakatning innovatsiya va ilmiy ishlari taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. 


Ilmiy faoliyat bilan uyg‘unlikda olib borayotgan pedagogik faoliyati “Tilshunoslik nazariyasi”, “O‘zbek tili tarixi”, “O‘zbek terminologiyasi”, “Xorijiy sotsiolingvistika” kabi sohalarning asoslarini yoshlarga singdirishga qaratilgan. Shuning barobarida pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi professori sifatidagi faoliyati respublikaning yetuk mutaxassislari malakasini, ilmiy salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan.


  Hamidulla Dadaboyevning fidoyi mehnati O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti tomonidan munosib taqdirlandi. Mustaqillik bayrami arafasida unga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi faxriy unvoni topshirildi. Bugungi kunga qadar ustozimiz “Amir Temur”, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.