Yangiliklar

img
Mon, 03/04/2024 - 17:36

Ganjaviy nomidagi adabiyot instituti 90 yoshda

Ozarbayjon ilm-fani rivojida Milliy Ilmlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti  alohida o‘rin tutadi. Salkam bir asrlik tarixga ega bu dargohda yuzlab muhim ilmiy tadqiqotlar amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu ilmiy tadqiqotlar ko‘lami Ozarbayjon adabiyotshunosligining dozlarb muammolari doirasidan chiqib umumturkiy adabiyot tarixi bilan bog‘liq salmoqli izlanishlari tufayli turkiy dunyo xalqlari adabiyotlari rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Institutning tashkil etilganiga 90 yil to‘lishi munosabati bilan joriy yilning 4-mart kuni akademiyaning katta zalida yubiley tantanalari o‘tkazildi. Unda TurkSOY tashkiloti, qardosh turkiy davlatlar adabiyotshunos olimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.   Tadbirni ochgan OAFA prezidenti akademik Isa Habibeyli institutning shonli tarixi, uning ozar xalqi adabiy merosini o‘rganishdagi ulug‘vor xizmatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. TurkSOY bosh kotibi Sulton Rayev institut jamoasini tabriklar ekan, institutda bajarilgan ilmiy tadqiqot ishlari nafaqat Ozarbayjon adabiyotshunosligi uchun, balki umumturkiy adabiyot tarixini o‘rganishda katta ahamiyatga ega bo‘lganligini ta’kidladi. O‘zbekiston adabiyotshunoslari nomidan so‘z olgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov institutning ozar-o‘zbek adabiy aloqalarini mustahkamlashda tutgan yetakchi o‘rnini alohida ta’kidladi. Sh.Sirojiddinov oxirgi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot instituti orasida o‘rnatilgan yaqin hamkorlik aloqalari natijasida amalga oshirilgan bir qator ijobiy ishlar haqida to‘xtalar ekan, universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi va institut qoshidagi Alisher Navoiy nomidagi tadqiqotlar markazining o‘rni muhim ahamiyatga ega bo‘lganligini alohida urg‘uladi.

  

Marosimda  Yevroosiyo yozuvchilar ittifoqi raisi turkiyalik yozuvchi Yaqub Umar o‘g‘li, Ozarbayjan xalq yozuvchisi, Yozuvchilar Uyushmasi raisi Anor, Rossiya Fanlar Akademiyasi Maksim Gorkiy nomidagi Jahon Adabiyot Instituti yetakchi ilmiy xodimi, professor Abuzar Bagirov, shuningdek, ozarbayjon xalq yozuvchisi Elchin, xalq shoiri Sobir Rustamxonli institut jamoasini qutlug‘ yoshi bilan qizg‘in  muborakbod etdilar. 

  

Tadbir so‘ngida akademik Isa Habibeyli mehmonlar qutloviga samimiy minnatdorlik bildirib, turkiy xalqlar o‘rtasida o‘zaro adabiy aloqalarni  yanada kuchaytirish yo‘lida qardosh davlatlar adabiyotshunoslari olib borayotgan samarali ishlarni alohida e’tirof etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda milliy adabiyotni targ‘ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutgan adiblar va shoirlar ijodiy faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan g‘amxo‘rlik siyosatini  butun turkiy davlatlar ijodiy jamoalari olqishlayotganini ta’kidladi.