Do‘stlik haftaligi doirasida davra suhbati o‘tkazildi
30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” haftaligi doirasida “Millatlararo totuvlikni mustahkamlash va do‘stlik aloqalarini rivojlantirishda davlat va nodavlat tashkilotlarining o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, Respublika targ‘ibot guruhi hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur tadbir millatlararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini rivojlantirish, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi. Suhbat davomida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va fuqarolik hamjihatligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, Respublika targ‘ibot guruhi hamda milliy madaniy markazlar vakillari so‘zga chiqib, jamiyatda millatlararo totuvlikni ta’minlash va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etish borasidagi fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Davra suhbatida Gulnoza Jo‘rayeva yoshlar ongida vatanparvarlik, millatlararo hamjihatlik va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlashda ta’lim muassasalarining o‘rni hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligini kengaytirish hamda yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslarni izchil davom ettirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

