Yangiliklar

img
Sat, 02/18/2023 - 18:07

Alisher Navoiy va Bobur gulshaniga navolar tashrifi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat  o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti tomonidan "Alisher Navoiy va Bobur gulshaniga navolar tashrifi"  deb nomlangan badiiy-ma'rifiy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbirni universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. Filologiya fanlari doktori,  professor Samixon Ashirboyev tashabbusi bilan tashkil etilgan nazm va navo kechasida Navoiy hamda Bobur qalamiga mansub betakror g‘azallar asosidagi maqomlar ijro etildi.  Samixon Ashirboyev tomonidan kuylangan katta ashulalarning jonli ijrosi barchaga birdek manzur bo‘ldi.  Kechaga tashrif buyurgan adabiyotshunos,  tilshunos,  tarixshunos olimlar,  Samixon Ashirboyevning safdoshlari,  shogirdlari,  talabalar chin ma'noda g‘azallar bo‘stoniga kuylar og‘ushida sayr etdilar.  Tadbirda so‘z olganlar serqirra olim Samixon Ashirboyevning bu tashabbusini olqishladilar.  Yaxshi an'anaga aylanib borayotgan "Nazm va navo" kechalarini barcha intiqib kutayotgani qayd etildi.  
Jami 10 ta maqomdan iborat dasturni navoiyshunos va boburshunos olimlar chiqishlari yanada boyitdi.