Yangiliklar

img
Sat, 02/04/2023 - 14:44

"Alisher Navoiy" medali ta'sis etildi

So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 
Joriy yilda buyuk mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa qo‘shgan Alisher Navoiy tavallud topganiga 582 yil to‘ladi. 
Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm suradi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilyapti.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tdi. 
Tadbirni ToshDO‘TAU rektori Shuhrat  Sirojiddinov kirish so‘zi bilan ochib berdi.


Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda mutafakkir ijodining ahamiyati xususida so‘z yuritdi.


Darhaqiqat, Alisher Navoiydan avlodlarga ulkan, bebaho, tuganmas adabiy meros qoldi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos jozibasi borligini namoyon etdi. Zero, xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning ushbu satrlari bejiz yozilmagan: “Temur tug‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher”.


Joriy yilda universitet tomonidan ilk bor "Alisher Navoiy" medali ta'sis etildi. Ushbu medal bilan buyuk ajdodimiz asarlarini ilmiy tadqiq etib kelayotgan, o‘zbek tili va adabiyoti targ‘ibi bilan shug‘ullanayotgan ulug‘ ustozlar, yosh tadqiqotchilar taqdirlanadi. Universitet tashabbusi bilan ushbu medal har yili buyuk bobokalonimiz tavallud sanasi oldidan o‘z egalariga topshiriilishi rejalashtirilgan. Bu yil ham ToshDO‘TAUning jonkuyar, fidoyi ustozlari ushbu mukofot bilan taqdirlandi.  


Tadbir davomida talabalarning musiqiy chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga namoyish etildi. Shoir ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar tomonidan g‘azallar o‘qildi.


O'zbek davlat filarmoniyasining chiqishlari katta-yu kichikka birdek manzur bo'ldi.


Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Alisher Navoiy ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi.