Yangiliklar

img
Sat, 05/16/2026 - 10:30

Yosh tarjimonimiz xalqaro adabiy maydonda

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida milliy tarjimonlik maktabining munosib davomchilari bo‘lgan yosh ijodkorlarni tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Universitetning Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti talabasi Ferangiz Zokirovaning yana bir xalqaro muvaffaqiyati bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Taniqli yozuvchi Abulqosim Mamarasulovning “Birinchi qor” nomli hikoyasi talaba tarjimasi asosida xalqaro “The Hoogly Review” adabiy jurnalida ingliz tilida chop etildi.

Mazkur nashr nafaqat yosh tarjimonning individual yutug‘i, balki o‘zbek tarjimonlik maktabining yangi avlodi shakllanib borayotganining muhim belgisi sifatida ham ahamiyatlidir. Bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar davrida xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqot tobora jadallashmoqda. Sun’iy intellekt, avtomatik tarjima vositalari va tezkor axborot almashinuvi imkoniyatlari kengaygan bir paytda aynan badiiy tarjimaning qadr-qimmati yanada ortmoqda. Chunki badiiy matnni boshqa tilga ko‘chirish faqat so‘zlarni almashtirish emas, balki milliy ruh, estetik tafakkur, muallif uslubi va madaniy qatlamlarni nozik his etgan holda qayta yaratish jarayonidir.

Shu ma’noda, yosh tarjimonlarning xalqaro adabiy maydondagi faol ishtiroki o‘zbek adabiyotining dunyo kitobxonlariga tobora yaqinlashayotganidan dalolat beradi. Ferangiz Zokirovaning ushbu tarjimasi orqali o‘zbek hikoyachiligining o‘ziga xos ruhiyati, insoniy kechinmalari va badiiy tasvir uslubi ingliz tilidagi kitobxonlarga ham yetib bordi.

  

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalarning nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirish, ularni xalqaro ilmiy va ijodiy maydonlarga olib chiqish, milliy adabiyot namunalarini xorijiy tillarga sifatli tarjima qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Universitet missiyasida belgilanganidek, o‘zbek tili va adabiyotining xalqaro nufuzini oshirish, milliy madaniyatni dunyo miqyosida targ‘ib etish hamda zamonaviy tafakkurga ega raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash doimiy e’tibor markazidadir.

Quvonarlisi, bugungi yosh tarjimonlar nafaqat xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirmoqda, balki milliy adabiy tafakkurni global maydonda munosib ifoda etishga ham intilmoqda. Bu esa o‘zbek tarjimonlik maktabining yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.

Hikoya bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:
https://thehooghlyreview.com/the-first-snow/