Yashil muhit sari amaliy qadam
“Ecofaol talaba” loyihasi doirasida volontyor talabalar ishtirokida “Eko madaniyat – yashil kelajak poydevori” shiori ostida ekologik tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir talaba-yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularda tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi mas’uliyat hissini kuchaytirish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir davomida universitet hududi va uning atrofi chiqindilardan tozalanib, hududda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Volontyor talabalar jamoaviy mehnat orqali atrof-muhit tozaligini ta’minlashga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Tozalash ishlari jarayonida hududdagi maishiy chiqindilar yig‘ishtirilib, ekologik jihatdan yanada qulay va ozoda muhit yaratishga e’tibor qaratildi.
Aksiya davomida talaba-yoshlar ekologik muammolar, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish va tabiat resurslaridan oqilona foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, ekologik madaniyatni yuksaltirish har bir fuqaroning kundalik hayotidagi muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi. Ishtirokchilar tomonidan tabiatni asrash va yashil muhitni saqlashga qaratilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Mazkur tadbir talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish, ekologik qadriyatlarni keng targ‘ib etish hamda atrof-muhitga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu kabi amaliy tadbirlar yoshlarning ekologik ongini rivojlantirish, yurtimizda toza va sog‘lom muhitni yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

