Yangiliklar

img
Mon, 08/24/2026 - 20:18

Xalqaro media forum doirasida mahorat darslari o‘tkazildi

Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar» xalqaro media forumi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalar, tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilar uchun mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbir avvalida ishtirokchilarga «MIR-24» telekanali tomonidan tayyorlangan «Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi nima bilan ajralib turadi: ming yillik artefaktlar va immersiv texnologiyalar» nomli 25 daqiqalik maxsus hujjatli film namoyish etildi. Filmda markazning me’moriy qiyofasi, raqamli installyatsiyalari va ilmiy-intellektual salohiyati haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng xorijiy ekspertlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi.

Turkiyaning “Mega Basım” kompaniyasi Boshqaruv kengashi raisi Hasanbey Kondu «Islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy nashriyot vositalari orqali dunyoga tanitish masalasi» mavzusida ma’ruza qildi. U nashriyot va poligrafiya sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, kitobxonlar ehtiyojining o‘zgarishi hamda kitobxonlikni rivojlantirishda yangi nashriyot formatlarining ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, sun’iy intellektning kitob yozish, matnlarni tahrirlash va nashr etish jarayonlariga ta’siri xususida fikr almashildi.

Ozarbayjonning “Report.az” axborot agentligi muxbiri Gulnar Mahmudova «Nashriyot sohasida xalqaro hamkorlik: madaniy muloqot va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash» mavzusida chiqish qildi. Ma’ruzachi O‘zbekiston mavzusining Ozarbayjon auditoriyasidagi qiziqish uyg‘otuvchi jihatlari, xalqaro jurnalist uchun mahalliy muhitni anglashning ahamiyati hamda zamonaviy axborot makonida professional jurnalistning o‘rni va mas’uliyati haqida fikr bildirdi. Yosh jurnalistlar uchun xalqaro reportajlar tayyorlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar ham berildi.

Uchrashuvlar yakunida talabalar, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar xorijiy ekspertlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, soha bo‘yicha batafsil javoblar oldilar.

Mazkur uchrashuvlar yoshlarning xalqaro media va nashriyot sohasi bo‘yicha bilim va tasavvurlarini kengaytirish, xorijiy mutaxassislar tajribasini o‘rganish hamda oliy ta’lim va xalqaro media makoni o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.

Forum doirasidagi uchrashuvlar yakunlari asosida universitet iqtidorli talabalari va yosh tadqiqotchilarini Turkiya hamda Ozarbayjonning yetakchi media va nashriyot tuzilmalari bilan hamkorlikka jalb etish, Islom sivilizatsiyasi markazidagi noyob artefakt va qo‘lyozmalarni zamonaviy immersiv texnologiyalar asosida ommalashtirishda talabalar ijodiy guruhlari ishtirokini ta’minlash, shuningdek, kitobxonlik madaniyati va matn tahririda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish takliflari ilgari surildi.