Xalqaro ilmiy-metodologik seminarlar davom etmoqda
2026-yil 30-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi qoshidagi xalqaro nazariy-metodologik seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarni Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Uzoq Jo‘raqulov ochib berdi. Olim o‘z nutqida bugungi globallashuv sharoitida qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va nazariy adabiyotshunoslik yo‘nalishlarida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, bunday ilmiy seminarlar ilmiy maktablar o‘rtasidagi tajriba almashinuvini kuchaytirish, dolzarb ilmiy muammolarni muhokama qilish hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy tafakkurini boyitishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Seminarning dastlabki ma’ruzachisi Turkiya Respublikasining Erzurum Ataturk universiteti professori Huseyin Baydemir bo‘lib, u “O‘zbekcha-turkcha lug‘atchilikning rivojlanish jarayoni” mavzusida ma’ruza qildi. Olim o‘z chiqishida o‘zbek va turk xalqlarining mushtarak til va madaniy merosi lug‘atchilik taraqqiyotida qanday aks etganini tarixiy manbalar asosida tahlil qildi. Ikki tilli lug‘atlarning yaratilish tarixi, ularning ilmiy ahamiyati hamda bugungi zamonaviy leksikografiya oldida turgan dolzarb vazifalar haqida batafsil so‘z yuritildi. Ayniqsa, raqamli lug‘atchilik, elektron leksikografik bazalarni yaratish va umumturkiy leksik fondni tizimli o‘rganish masalalari bugungi ilm-fan taraqqiyoti nuqtayi nazaridan yoritilgani ma’ruzaga alohida ilmiy salmoq bag‘ishladi. Professor Huseyin Baydemir o‘zbek va turk olimlari hamkorligida amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar, qo‘lyozma lug‘atlar ustida olib borilayotgan tadqiqotlar hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida ham muhim fikrlarni ilgari surdi. Mazkur ma’ruza nafaqat tilshunoslar, balki, jahon adabiyoti, qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik yo‘nalishida ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar uchun ham dolzarb nazariy va amaliy masalalarni qamrab olgani bilan e’tibor qozondi.
Navbatdagi ma’ruzani O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti “Jahon adabiyoti” kafedrasi mudiri, professor Gulnoz Xalliyeva “Tolstoy va jahon adabiyoti” mavzusida taqdim etdi. Ma’ruzada buyuk adib Lev Tolstoy ijodining jahon adabiy jarayonidagi o‘rni, uning badiiy-estetik qarashlari va umuminsoniy g‘oyalarining turli xalqlar adabiyotiga ta’siri qiyosiy adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan tahlil qilindi. Professor Gulnoz Xalliyevaning ko‘plab xorijiy safarlarda boʻlgani, dunyoning turli mamlakatlaridagi ilmiy markazlar va universitetlarda oʻz ma’ruzalari bilan ishtirok etgani Lev Tolstoy hayoti bilan bogʻliq koʻplab jihatlarni oʻziga xos tahlil qila olganida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Ana shunday hayotiy ilmiy tajribalar va qiyosiy kuzatishlar ma’ruzani yanada jonli va ta’sirchan qilib, tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’ruzada Tolstoy asarlarining o‘zbek kitobxoniga ta’siri, uning ijodidagi axloqiy-falsafiy qarashlarning bugungi davr uchun ham dolzarbligi ilmiy asosda yoritildi.
Seminarning uchinchi ma’ruzachisi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Manzar Abdulxayrov bo‘lib, u “Xamsa” dostoni tabdilining ilmiy-nazariy asoslari” mavzusida ma’ruza qildi. Olim mumtoz adabiy merosni zamonaviy kitobxonga yetkazishda tabdilning ilmiy mezonlari, nazariy tamoyillari hamda amaliy tajribalari haqida batafsil fikr yuritdi. Xususan, Alisher Navoiy "Xamsa"sining badiiy-estetik xususiyatlarini saqlab qolgan holda tabdil qilish, asarning poetik ruhi, obrazlar tizimi va falsafiy mazmunini zamonaviy kitobxon ongiga mos shaklda yetkazish masalalari chuqur tahlil qilindi.
So‘nggi yillarda mumtoz adabiy merosni ommalashtirish, uni yosh avlod orasida keng targ‘ib etish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bir paytda tabdil nazariyasiga bag‘ishlangan ushbu ma’ruza seminar ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Ma’ruzada nazariy qarashlar amaliy misollar bilan boyitilgani, tabdilning ilmiy mezonlari yuzasidan bildirilgan xulosalar esa tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Seminar davomida ma’ruzalar yuzasidan qizg‘in ilmiy muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Xususan, universitet professor-o‘qituvchilari — PhD, dotsent Olmos Xurramov, PhD, dotsent Komiljon Hamroyev hamda PhD, dotsent Abdumurod Tilavov ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan ilmiy savollar bilan murojaat qilib, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Savol-javoblar jarayonida lug‘atchilik, qiyosiy adabiyotshunoslik, jahon adabiyoti, tarjimashunoslik hamda mumtoz adabiy merosni zamonaviy metodologiyalar asosida tadqiq etish bilan bog‘liq qator nazariy va amaliy masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va talabalar faol ishtirok etdilar. Ochiq muloqot va erkin fikr almashish ruhida o‘tgan xalqaro nazariy-metodologik seminar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Seminar davomida ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar va metodologik yondashuvlar kelgusidagi ilmiy tadqiqotlar uchun muhim nazariy manba bo‘lib xizmat qilishi, xalqaro akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

