Xalqaro e’tirof va yangi marralar sari
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU Kengashining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Kengash majlisi universitetning xalqaro maydondagi navbatdagi yirik yutug‘i e’tirof etilgan tantanali marosim bilan boshlandi.
Majlisni ochib bergan universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘z nutqida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti THE Impact Rankings 2026 natijalariga ko‘ra dunyoning TOP-101+ universitetlari qatoridan munosib o‘rin egallaganini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, universitet Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha baholashda bir qator muhim ko‘rsatkichlarni qayd etib, Gender tengligini ta’minlash (SDG 5) yo‘nalishi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinni, Sifatli ta’lim (SDG 4) yo‘nalishi bo‘yicha esa 28-o‘rinni egalladi.
Rektor mazkur natijalar universitetning ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik, gender tengligini ta’minlash, ijtimoiy mas’uliyat hamda barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasida olib borayotgan tizimli islohotlari xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilganining amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, universitetning xalqaro reytinglardagi o‘rni yildan yilga izchil yaxshilanib borayotgani, bu esa jamoaning fidokorona mehnati, ilmiy salohiyatni mustahkamlash, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va boshqaruv tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish borasidagi izchil sa’y-harakatlar samarasi ekanini qayd etdi.
Universitetning ushbu muvaffaqiyatida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Nozliya Normurodovaning xalqaro reytinglar bilan ishlash, universitetning ilmiy ko‘rsatkichlarini oshirish, xalqaro ilmiy loyihalarni rivojlantirish va ilmiy faoliyatni tizimli tashkil etish borasidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi. Shundan so‘ng THE Impact Rankings 2026 natijalarini aks ettiruvchi sertifikat unga tantanali ravishda topshirildi.

Majlis ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning universitet jamoasiga yo‘llagan videotabrigi namoyish etildi. Vazir o‘z tabrigida universitet jamoasini xalqaro reytingdagi yuksak natijalar bilan samimiy muborakbod etib, mazkur muvaffaqiyat mamlakat oliy ta’lim tizimining xalqaro nufuzini yuksaltirish yo‘lida qo‘lga kiritilgan muhim natijalardan biri ekanini ta’kidladi.
Tantanali marosim davomida I darajali “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan universitet dotsenti Abdulla Ulug‘ov qutlanib, davlat mukofoti o‘z egasiga topshirildi. Shuningdek, ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga sazovor bo‘lgan professor-o‘qituvchilar ham e’tirof etilib, ularga tegishli diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Shundan so‘ng Kengash majlisi kun tartibidagi masalalar muhokamasiga o‘tildi.
Dastlab O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Nurboy Jabborov kafedralar tomonidan 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan o‘quv va o‘quv-uslubiy ishlar tahlili hamda 2026/2027-o‘quv yiliga tayyorgarlik holati yuzasidan hisobot berdi. Unda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv-uslubiy ta’minotni takomillashtirish va yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i Vahob Nazarov 2025/2026-o‘quv yilida talabalarning fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hamda ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida o‘tkazilgan yakuniy davlat attestatsiyasi natijalari bo‘yicha tahliliy axborot taqdim etdi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Nozliya Normurodova universitetda tahsil olayotgan doktorantlar, tayanch doktorantlar, stajor-tadqiqotchilar va mustaqil izlanuvchilarning yillik ilmiy faoliyati samaradorligi monitoringi natijalari yuzasidan hisobot berdi.
Monitoring natijalari asosida ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, xalqaro nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda ilmiy faoliyat sifatini yanada oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Gulnoza Jo‘rayeva 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar yakunlari hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati yuzasidan axborot berdi.
Shuningdek, monitoring va ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Ahror Qodirov tomonidan murojaatlar bilan ishlash va ijro intizomi holati tahlil qilindi. Universitet huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi direktori Zulxumor Mirzayeva markazning 2025/2026-o‘quv yilidagi faoliyati yuzasidan hisobot taqdim etdi.

Turli masalalar doirasida bosh hisobchi Jonibek Aminov kontrakt to‘lovlari, qarzdorlik holati, moliyaviy ishlarning yil yakunlari hamda yangi o‘quv yiliga oid takliflar yuzasidan axborot berdi. Ilmiy kotib F. Iskandarov ilmiy unvonga tavsiya etish masalalari bo‘yicha ma’ruza qildi.
Majlis yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, 2026/2027-o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim sifati va ilmiy faoliyat samaradorligini yanada oshirish, xalqaro reytinglardagi erishilgan natijalarni mustahkamlash hamda universitetning dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari qatoridagi nufuzini yanada yuksaltirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

