Yangiliklar

img
Thu, 05/14/2026 - 17:50

“Turklang — 2026”da universitetimiz ishtiroki

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori Manzura Abjalova hamda doktorantlari, shuningdek, O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi fakulteti dotsenti Nargiza Musulmanova 2026-yil 13–15-may kunlari Ostonadagi L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universitetida tashkil etilgan “Turklang — 2026: turkiy tillarni kompyuterda qayta ishlash” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada onlayn va oflayn formatda ishtirok etmoqda.

Mazkur xalqaro anjumanda turkiy tillarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt asosida tilni qayta ishlash, korpus lingvistikasi hamda zamonaviy lingvistik texnologiyalar masalalari yuzasidan ilmiy ma’ruzalar taqdim etilmoqda.

Konferensiya davomida turkiy tilli davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchi doktorantlar o‘zaro akademik muloqot olib borib, ilmiy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashmoqda. Ushbu uchrashuvlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi ilmiy integratsiya va tajriba almashuvini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

ToshDO‘TAU vakillarining nufuzli xalqaro konferensiyadagi ishtiroki universitet ilmiy salohiyati va turkiy tillar tadqiqotiga qo‘shayotgan hissasining yana bir yorqin ifodasidir.