ToshDO‘TAUda an’anaviy ochiq muloqotlar davom etmoqda
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan ochiq muloqotlar izchil davom etmoqda.
Navbatdagi uchrashuv 2026-yil 24-fevral kuni soat 10:30 da universitetning Xalqaro aloqalar bo‘limi majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. “Global universitetlar ichida: Fulbright bitiruvchisi nigohida” (“Inside Global Universities: A Fulbright Alumni Perspective”) mavzusidagi ochiq muloqot mehmoni Fulbright dasturi bitiruvchisi Bleyk Amann bo‘ldi.
U hozirda London Qirollik kolleji (King’s College London)da Xalqaro munosabatlar (“International Relations”) yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil olmoqda. Bakalavr darajasini Janubiy Kaliforniya universiteti (University of Southern California)da Yevropa tadqiqotlari (“European Studies”) yo‘nalishida olgan.
Ochiq muloqot davomida mehmon xalqaro akademik muhit tajribasi, xorijda tahsil olishning imkoniyat va murakkabliklari, madaniyatlararo almashinuv (“cross-cultural exchange”)ning ahamiyati hamda Fulbright dasturining shaxsiy va kasbiy rivojlanishga ta’siri haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Shuningdek, magistratura bosqichiga hujjat topshirish jarayonlari, global akademik tarmoq (“global academic network”)ni shakllantirish hamda xalqaro tajribani professional faoliyatga yo‘naltirish masalalari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir savol-javoblar asosida interaktiv ruhda o‘tdi. Talabalar va professor-o‘qituvchilar xorijda o‘qish, grant dasturlarida ishtirok etish va xalqaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

An’anaviy ochiq muloqotlar universitet talaba-yoshlarining xalqaro tafakkurini kengaytirish, global ta’lim maydonidagi jarayonlar bilan tanishtirish va ularning akademik faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.

