Yangiliklar

img
Sat, 05/16/2026 - 11:05

ToshDO‘TAU vakillari xalqaro seminarda

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Manzura Abjalova hamda O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti Nargiza Musulmanova Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida joylashgan L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universitetida talabalar, magistrantlar va doktorantlar uchun 16 soatlik ilmiy seminar mashg‘ulotlarini olib bordilar. Mazkur oliygoh dunyoning nufuzli QS World University Rankings reytingida 317-o‘rinni egallaydi.

Seminar dasturi doirasida tinglovchilarga zamonaviy tilshunoslikda til korpuslarining o‘rni va ahamiyati, Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratishning lingvistik hamda dasturiy asoslari, turkiy tillarning yagona ijtimoiy portalini shakllantirish zarurati, davlat tilini raqamli texnologiyalar orqali ommalashtirishga xizmat qiluvchi dasturiy vositalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, o‘zbek tili multikorpusining ta’lim jarayonidagi amaliy va metodik ahamiyati, zamonaviy o‘zbek tili va uning sathlari tizimi, zamonaviy o‘zbek tili grammatikasining nazariy hamda amaliy masalalari, o‘zga tilli maktablarda o‘zbek tilini o‘qitishning o‘rni va ahamiyati, ona tili sifatida o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy metodlari yuzasidan ilmiy-amaliy fikrlar bildirildi.

Mashg‘ulotlar davomida o‘zbek tilining respublikadan tashqarida o‘rganilishi va rivojlanish bosqichlari, o‘zbek leksikologiyasi va leksikografiyasining boyishi hamda xalqaro miqyosda tan olinishi, turkiy tillarning qiyosiy grammatikasi, badiiy asarlarning lingvistik tadqiqi va tahlil usullari ham keng muhokama qilindi.

 

Bundan tashqari, seminar ishtirokchilari bilan turkiy tillar uchun yagona raqamli makonni shakllantirish, tillarni saqlash va rivojlantirish muammolari, zamonaviy axborot portallari konsepsiyasi hamda mobil ilovalar va veb-saytlar yaratish loyihalari yuzasidan fikr almashildi.

 

Seminar yakunida talaba, magistrant va doktorantlar o‘zlarini qiziqtirgan ilmiy-amaliy savollarga batafsil javob oldilar. Tadbir ishtirokchilarida lingvistik korpuslarni yaratish va o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi hamda ular zamonaviy ta’limiy vositalarni ishlab chiqish bo‘yicha yangi ilmiy g‘oyalar va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.