Yangiliklar

img
Fri, 02/27/2026 - 11:30

Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasining ilmiy-nazariy seminari o'tkazildi

2026-yil 26-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi qoshida tashkil etilgan ilmiy-nazariy seminarning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminar kafedraning ilmiy salohiyatini oshirish, yosh tadqiqotchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy izlanishlar samaradorligini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Seminar kafedra o‘qituvchisi Sabohat Qahhorovaning dissertatsiyaning muhim jihati bo‘lgan metodologiya va metodlarga bag‘ishlangan qiziqarli, kerakli ma’lumotlarga boy bo‘lgan ma’ruzasi bilan boshlandi. Unda bugungi kunda jahon fanida qo‘llanilayotgan metodlar borasida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Mazkur mavzu doirasida o‘tkazilgan qator amaliy mashg‘ulotlarda tadqiqotchilar faol ishtirok etib, o‘zlariga kerakli bo‘lgan jihatlarni yana bir bor o‘rganib chiqdilar. 

Seminarning keyingi qismida kafedraning II kurs tayanch doktoranti Gulsanam aBdazova tomonidan taqdim etilgan ma’ruzada “Boburnoma” asari doirasidagi sodda va murakkablashgan gaplar tahlilga tortildi. III kurs tayanch doktoranti Xurramova Diloromning ma’ruzasi orqali o‘zbek va koreys tillarida mavjud taqlid so‘zlar struktur jihatdan ko‘rib chiqildi. Taqdim etilgan ma’ruzalar yuzasidan universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan ilmiy fikr-mulohazalar bildirilib, tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirishga doir muhim tavsiyalar berildi.

 

Seminar jarayonida tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarga boy, ochiq va samarali ilmiy muloqot muhiti shakllandi. Ushbu ilmiy-nazariy seminar yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularning tadqiqot faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy maktablar faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.