Yangiliklar

img
Sat, 04/11/2026 - 10:39

Samarqandda Oʻzbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi

Samarqand shahrida Qozogʻiston parlamenti delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida “Umumiy oʻtmishdan – mushtarak kelajak sari” mavzusida Oʻzbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi. Nufuzli anjuman Ipak yoʻli turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tashkil etildi.

Forumda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Qozogʻiston Senati Raisi Maulen Ashimbayev, ikki davlat parlament a’zolari, yetakchi olimlar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat hamda ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdi.

Forum ishida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ham qatnashdi. U anjumanda “Oʻzbek-qozoq adabiy aloqalari tarixidan” mavzusida ma’ruza qilib, ikki xalq oʻrtasidagi adabiy yaqinlikning ildizlari umumturkiy adabiyot bilan chambarchas bogʻliqligini ta’kidladi.

Ma’ruzada qayd etilganidek, adabiyot xalqlarni bir-biriga bogʻlovchi muhim ma’naviy koʻprik boʻlib, u orqali turli makon va zamonlarda yashagan xalqlar oʻzaro qalb va tafakkur uygʻunligini his etadi. Shu ma’noda, Alisher Navoiy turkiy xalqlarni yagona ma’naviy makon atrofida birlashtirish gʻoyasini ilgari surgan buyuk siymo sifatida e’tirof etildi. Ushbu an’ana keyinchalik Abay ijodida davom etib, umumturkiy tafakkur rivojiga yangi ruh bagʻishlagani alohida qayd etildi.

  

Shuningdek, ikki xalq oʻrtasidagi adabiy aloqalar bugungi kunda ham izchil rivojlanib borayotgani, oʻzaro tarjimalar, qoʻshma nashrlar va ilmiy loyihalar bu jarayonning muhim koʻrinishi ekani ta’kidlandi.

Forum yakunida anjuman ikki xalq oʻrtasidagi ilmiy-ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish va yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qilgani qayd etildi.