Rektor talabalar turar joyida
2026-yil 12-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov Talabalar turar joyiga tashrif buyurib, talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, ma’naviy-ma’rifiy muhit hamda yoshlarning yashash va ta’lim olish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida rektor talabalar turar joyidagi xonalarning jihozlanishi, sanitariya-gigiyena holati, oshxona va dam olish hududlari, o‘quv mashg‘ulotlari uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, talabalar uchun tashkil etilgan kitobxonlik burchaklari, mustaqil ta’lim olish imkoniyatlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratildi.
Talabalar bilan o‘tkazilgan samimiy muloqot davomida ularning yashash sharoitlari, ta’lim jarayoni, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasidagi fikr va takliflari tinglandi. Yoshlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy-ijodiy faolligini oshirish hamda qulay muhit yaratish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif yakunida mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish, talabalar ehtiyojlari asosida sharoitlarni takomillashtirish hamda turar joylarda tizimli va samarali ishlarni davom ettirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.



