Yangiliklar

img
Wed, 07/08/2026 - 18:08

Professor Shahlo Hamroyeva Oksfordda

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi professori Shahlo Hamroyeva 2026-yil 22–30-iyun kunlari Buyuk Britaniyadagi Oksford universitetida xizmat safarida bo‘ldi.

Xizmat safari doirasida professor Shahlo Hamroyeva Iso kolleji (Jesus College) bazasida tashkil etilgan Tilshunoslik bo‘yicha Oksford xalqaro konferensiyasi (Oxford Conference in Linguistics – LingO 2026)da ishtirok etdi. Anjumanda zamonaviy tilshunoslik, kompyuter lingvistikasi, sun’iy intellekt va boshqa dolzarb ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan olim va tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlanmalarini taqdim etdilar.

Konferensiya doirasida “Katta til modellarini moslashtirish uchun ochiq ko‘p muallifli o‘zbek adabiy korpusi” (An Open Multi-Author Uzbek Literary Corpus for LLM Adaptation) mavzusidagi poster taqdim etildi. Unda o‘zbek tili uchun katta til modellarini moslashtirishga xizmat qiluvchi ochiq, ko‘p muallifli adabiy korpusni yaratish metodologiyasi, uning tuzilishi hamda sun’iy intellekt tizimlarida qo‘llash istiqbollari yoritildi. Mazkur tadqiqot xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, loyiha yuzasidan qator ilmiy taklif va tavsiyalar bildirildi.

Safar davomida professor Shahlo Hamroyeva Bodlean kutubxonalari tizimi (Bodleian Libraries)da ilmiy izlanishlar olib bordi. Oksford kutubxonalarining onlayn qidiruv katalogi (Search Oxford Libraries Online – SOLO) orqali Alisher Navoiy, o‘zbek adabiyoti, turkiy tillar, korpus lingvistikasi hamda metadata texnologiyalariga oid manbalarni o‘rgandi. Shuningdek, yangi ilmiy loyiha uchun bibliografik ma’lumotlar jamlandi hamda Bodli kutubxonalarining metadata yaratish, kataloglashtirish va raqamli kolleksiyalarni boshqarish tajribasi bilan yaqindan tanishildi.

 

Xizmat safari davomida Oksford universiteti professori Aditi Lahiri hamda Dublin Muqaddas Uchlik kolleji (Trinity College Dublin) professori Craig Sailorning zamonaviy tilshunoslik, fonologiya va lingvistik tadqiqotlarning yangi metodologiyalariga bag‘ishlangan ochiq ma’ruzalarida ishtirok etildi.

Bundan tashqari, Ueston kutubxonasi (Weston Library), Qadimgi Bodli kutubxonasi (Old Bodleian Library), Redklif Kamera kutubxonasi (Radcliffe Camera) hamda Nizomiy Ganjaviy kutubxonasi (Nizomiy Ganjaviy Library)da ilmiy faoliyat olib borilib, o‘zbek tili grammatikasi va lug‘atshunosligiga oid qimmatli manbalar bilan tanishildi.

 

Mazkur xizmat safari universitetda kompyuter lingvistikasi va raqamli gumanitar fanlar yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim zamin yaratadi.