Yangiliklar

img
Fri, 02/27/2026 - 10:24

O‘zbek tili va sun’iy intellekt: xalqaro stajirovka samaralari

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi professori v.b., filologiya fanlari doktori Shahlo Hamroyeva 2026-yil 28-yanvardan 22-fevralga qadar AQShning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Brandeis universitetida (Department of Computer Science / Linguistics and Computational Linguistics) qisqa muddatli ilmiy stajirovka o‘tadi. Mazkur universitet Times Higher Education 2026 reytingida 401–500-o‘rinda, AQSh milliy universitetlari reytingida esa 63-o‘rinda qayd etilgan.

Stajirovka professor Nianven Syu rahbarligida tashrif buyurgan ilmiy xodim (Visiting Research Scientist) maqomida tashkil etildi. Ilmiy safarning asosiy maqsadi kompyuter lingvistikasi yo‘nalishida, xususan semantik annotatsiya (semantic annotation), Yagona ma’no ifodasi (Uniform Meaning Representation — UMR), Ma’no banki (PropBank) hamda tabiiy tilni qayta ishlash (Natural Language Processing — NLP) sohalarida xalqaro tajribani o‘rganish, o‘zbek tili uchun zamonaviy lingvistik resurslar yaratish va ilmiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Stajirovka davomida Brandeis universitetida o‘zbek tilida UMR formatida teglangan korpus yaratish loyihasi yuzasidan ilmiy taqdimot o‘tkazildi. Unda o‘zbek tilining agglutinativ xususiyati, semantik munosabatlarni UMR formatida ifodalash imkoniyatlari, annotatsiya metodologiyasi (annotation methodology) hamda mazkur yo‘nalishning kompyuter lingvistikasi taraqqiyotidagi ahamiyati atroflicha yoritildi. Loyiha 2025-yilda Brandeis universitetida tashkil etilgan yozgi maktab (summer school) doirasida boshlanganligi qayd etildi.

Loyiha doirasida o‘zbek tili UMR korpusi yaratildi. Mazkur korpus UMR Writer 3 platformasi (UMR Writer 3 platform) hamda GitHub platformasi (GitHub platform) orqali xalqaro tadqiqotchilar foydalanishi uchun taqdim etildi. Ushbu resurs o‘zbek tilining xalqaro ilmiy maydondagi mavqeini mustahkamlash, uni raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt tizimlarida qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Korpusni yaratishda universitet Kompyuter lingvistikasi yo‘nalishi magistrantlarining hissasi mavjudligi alohida e’tirof etildi.

  

Shahlo Hamroyeva stajirovka davomida “Tabiiy tilni qayta ishlash asoslari” (Fundamentals of Natural Language Processing), “Lingvistik tipologiya” (Linguistic Typology) hamda “Mashinali o‘qitish uchun til materiallarini annotatsiyalash” (Natural Language Annotation for Machine Learning) fanlari bo‘yicha ma’ruzalarda ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar doirasida NLP jarayon zanjiri (NLP pipeline), semantik rollar nazariyasi (semantic role theory), transformator modellari (transformer models) hamda mashinali o‘qitish (machine learning) uchun ma’lumot tayyorlash jarayonlari bo‘yicha ilg‘or bilim va amaliy tajriba o‘zlashtirildi.

Stajirovka yakunida bir qator muhim ilmiy natijalarga erishildi: o‘zbek tili UMR korpusi bo‘yicha monografiya nashrga tayyorlandi; sohaga oid ikkita Scopus bazasidagi maqola xalqaro ilmiy seminar (workshop)ga topshirildi; UMR annotatsiyasi tajribasi asosida ilmiy-uslubiy tavsiyalar (methodological recommendations) ishlab chiqildi.

Mazkur xalqaro ilmiy stajirovka o‘zbek tilining sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda universitet ilmiy salohiyatini yanada oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.