Yangiliklar

img
Fri, 08/14/2026 - 19:13

O‘zbek kinosining rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi

14-avgust kuni Kinematografiya agentligida o‘zbek kinosi sohasida to‘planib qolgan muammolarni chuqur tahlil qilish, ularning aniq yechimlarini belgilash hamda sohani rivojlantirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ham ishtirok etdi.

Yig‘ilishda o‘zbek kinosining bugungi holati, sohada mavjud moliyaviy, tashkiliy va huquqiy muammolar, kino infratuzilmasining rivojlanish darajasi, hududlarda kino san’atini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, milliy kino mahsulotlarini yaratish va ularning badiiy saviyasini oshirish, zamonaviy talablar asosida kino industriyasini rivojlantirish, ijodkorlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, sohada samarali boshqaruv va moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokamalarda kino san’atining yosh avlod ma’naviy-estetik tarbiyasidagi o‘rni ham alohida qayd etildi. Xususan, bolalar va o‘smirlar uchun mazmunan boy, badiiy jihatdan sifatli milliy audiovizual kontent yaratish, yoshlarning milliy adabiyot, madaniyat va san’atga qiziqishini oshirish masalalarining dolzarbligi ta’kidlandi.

Mazkur jarayonlarda adabiyot va kino o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni mustahkamlash, milliy adabiy merosni zamonaviy ekran talqinlari orqali keng targ‘ib etish, yosh ijodkorlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish muhim vazifalardan biri sifatida e’tirof etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Hasan Salihov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Akramjon Fozilov, Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limi boshlig‘i Rustam Azimov, Hisob palatasi raisi o‘rinbosari Sardor Mirayev, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov, Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov, akademik Azamat Ziyo, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi ijrochi direktori Zafar Yo‘ldoshev hamda tegishli vazirlik va idoralar, hududiy hokimliklarning mas’ul vakillari ham ishtirok etdi.

Yig‘ilish yakunida sohada aniqlangan muammolarni bartaraf etish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, kino sanoatini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda belgilangan topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.