Nazariya va amaliyot uyg‘unligi
Oliy taʼlimda nazariy bilimlarni bevosita amaliyot, jonli kuzatuvlar bilan boyitish dars samaradorligini oshirishning eng ma’qul yo‘llaridan biridir. Shu maqsadda, 2026-yil 14-may kuni universitetimizning Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Xaytboyev Boburjon hamda O‘zbek filologiyasi yo'nalishi, Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi 2-bosqich 202-guruhining 18 nafar talabalari ishtirokida Islom sivilizatsiyasi markaziga maxsus amaliy tashrif tashkil etildi.
Mazkur tashrif shunchaki sayohat emas, balki talabalarning “Dinshunoslik” fani doirasida auditoriyada olgan nazariy bilimlarini muzey eksponatlari va tarixiy manbalar orqali amaliy jihatdan mustahkamlash, ularning dunyoqarashi hamda tarixiy-ma’naviy tafakkurini yanada boyitishni maqsad qilgan o‘ziga xos sayyor dars vazifasini o‘tadi.
Ikki soat davom etgan qiziqarli va taassurotlarga boy jarayonda talabalar markazning 2 gektarlik ulkan ko‘rgazmali maydonga ega muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Muzey fondidan joy olgan noyob tarixiy eksponatlar, islom tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk Sharq allomalarining ilmiy merosi hamda xalqimizning milliy-ma’naviy qadriyatlarini aks ettiruvchi nodir manbalar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar va boy tarixiy-madaniy merosimizning bugungi jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida muhim tasavvur hamda xulosalarga ega bo‘ldilar.
Ushbu amaliy tadbir talabalarning nafaqat “Dinshunoslik” faniga bo‘lgan qiziqishini jiddiy ravishda oshirishga, balki darsda o‘tilgan mavzularni vizual xotira orqali chuqurroq anglashlariga xizmat qildi. Shu bilan birga, talabalar uchun ham ilmiy, ham ma’naviy hordiq chiqarish imkoniyati yaratildi.

