Navoiyni anglash – o‘zlikni anglash
Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida “Navoiyni anglash – o‘zlikni anglash” mavzusida adabiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov hamda O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov ishtirok etdi.
Anjuman doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda akademik Shuhrat Sirojiddinov muallifligida o‘zbek va qozoq tillarida nashr etilgan “Alisher Navoiy hayot yo‘li” kitobi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Mazkur asar Navoiy biografiyasiga doir uzoq yillar davomida xato talqin qilingan, asl manbalar asosida yetarlicha tekshirilmagan ayrim qarashlarni qayta ko‘rib chiqishi bilan ahamiyatlidir. Kitobda tarixiy hujjatlar, tazkiralar, qo‘lyozma manbalar hamda zamonaviy navoiyshunoslik tadqiqotlari asosida buyuk mutafakkir hayotiga oid ayrim chalkashliklarga aniqlik kiritilgan, o‘tgan asrda shakllangan noxolis talqinlarga ilmiy dalillar bilan barham berilgan. Shu jihatdan asar Navoiy hayoti va ijodini yangicha konseptual yondashuvda talqin etishga xizmat qiladigan muhim ilmiy tadqiqot sifatida e’tirof etilmoqda.
Adabiy-ma’rifiy anjumanda akademik Shuhrat Sirojiddinov “Alisher Navoiy hayot yo‘li” kitobining yaratilish tarixi” mavzusida ma’ruza qilib, asarni tayyorlash jarayonida qoʻlyozma manbalar bilan ishlash, tarixiy ma’lumotlarni qiyosiy tahlil qilish va biografik faktlarni ilmiy mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish masalalariga batafsil to‘xtaldi. Ma’ruzada Navoiy merosini xolis ilmiy yondashuv asosida o‘rganish, tarixiy haqiqatni tiklash hamda yosh avlodga ishonchli ilmiy manbalarni taqdim etish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, professor Nurboy Jabborov “Alisher Navoiy hayotiga doir manbalarni o‘rganishning yangi bosqichi” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashib, Navoiy biografiyasiga oid manbashunoslik tadqiqotlarining zamonaviy yo‘nalishlari hamda yangi ilmiy izlanishlar haqida fikr bildirdi.
Ta’kidlash joizki, buyuk allomalar merosini keng targ‘ib qilish va nashr etish ishlarida Navoiy kon-metallurgiya kombinati ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Alisher Navoiyning 580 yilligiga bag‘ishlab g‘azal va ruboiylardan saralangan “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et…” kitobi 15 ming nusxada chop etilgan bo‘lsa, 585 yillik yubiley arafasida akademik Shuhrat Sirojiddinovning “Alisher Navoiy hayot yo‘li” asari o‘zbek va qozoq tillarida nashr etildi.

Mazkur anjuman buyuk mutafakkir merosini xolis ilmiy asosda o‘rganish, Navoiyshunoslikda yangi qarashlarni shakllantirish hamda adabiy-ma’rifiy tadbirlar orqali milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini targ‘ib etishga xizmat qilgani bilan ahamiyatlidir.

